AQSh bojga tortiladigan Xitoy tovarlari ro‘yxatini kengaytirdi

Iqtisodiyot 10:42 / 11.07.2018 5205

AQSh Xitoydan import qilinadigan va 10% bojga tortiladigan 200 milliard dollar qiymatli tovarlarning qo‘shimcha ro‘yxatini tayyorladi. Bu haqda savdo muzokaralarida ishtirok etayotgan AQSh vakili Robert Laytxayzer xabar bermoqda.

Prezident Donald Tramp ma'muriyati Xitoyning «adolatsiz savdo amaliyotini o‘zgartirtirishni» istamayotgani sababli shunday choralarni ko‘rishga majbur. 

«Bu Xitoy savdo siyosatining AQShga yetkazayotgan zararini bartaraf etish uchun qilingan va qonunda ko‘zda tutilgan munosib javobdir», - dedi u.

Laytxayzer gapiga ko‘ra, o‘tgan jumadan boshlab, AQSh bojxona xizmati Xitoydan import qilinayotgan va umumiy qiymati 34 milliard dollar bo‘lgan mahsulotlarga 25% boj sola boshlagan. Yana 284 nomdagi va umumiy qiymati 16 milliard dollar bo‘lgan Xitoy mahsulotlariga xuddi shunday bojlarning joriy qilinishi Tramp ma'muriyati tomonidan keyinroq e'lon etiladi.

«Bunga javoban Xitoy ham AQShdan import qilinayotgan, umumiy qiymati 34 milliard dollarga teng tovarlarga boj joriy qildi va bu ro‘yxatni yana 16 milliard dollarlik mahsulotlar bilan to‘ldirish bilan tahdid qildi», - deb davom ettirdi savdo vakili.

«Xitoyning bu harakatlari va savdo amaliyotini o‘zgartirmayotganiga javoban, prezident Tramp Xitoydan keltirilayotgan va qiymati 200 milliard dollar bo‘lgan qo‘shimcha tovarlar guruhiga 10% boj joriy qilish topshirig‘ini berdi», - dedi Laytxayzer.

Uning gapiga ko‘ra, 10% bojga tortiladigan tovarlar ro‘yxati «yaqin orada» Federal Register axborotnomasida e'lon qilinadi. Bu guruh tovarlariga boj taxminan 2 oydan so‘ng joriy qilinadi.

Tramp Xitoy bilan savdolarda yuzaga kelayotgan va yiliga 500 milliard dollarga yetayotgan defitsit unga yoqmasligini ko‘p marta takrorlab kelgan. 

15 iyun kuni prezident «Xitoy tomonidan AQSh intellektual mulki va texnologiyalarining o‘g‘rilanishi, shuningdek Pekin adolatsiz savdo amaliyotini qo‘llayotgani sababli», AQSh bu mamlakatdan import qilinayotgan va umumiy qiymati 50 milliard dollarga teng bo‘lgan tovarlarga 25% boj joriy qilinishini e'lon etdi. Pekin Trampning bu qaroriga norozilik bildirib, uni Butunjahon savdo tashkiloti qoidalarini buzish deb baholadi va shunga mos aksilchoralarni qo‘llashi haqida bayonot berdi.

Shundan so‘ng, Oq uy rahbari 18 iyun kuni Pekin «qo‘shimcha bojlarni joriy qilishni to‘xtatmasa», 10% boj joriy qilinadigan, qiymati 200 milliard dollar bo‘lgan boshqa tovarlar ro‘yxatini tayyorlash haqida topshiriq berdi.

Ko‘proq yangiliklar: