Yakkabog‘dagi Qizildaryoni kim ifloslantirmoqda: aholi zilol suv iste'mol qiladigan kunlar keladimi?

Jamiyat 18:44 / 11.07.2018 23785

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani Eski Yakkabog‘ qo‘rg‘onchasida istiqomat qiluvchi aholidan kelib tushgan murojaat bizni vaziyatni o‘z joyida borib o‘rganishga undadi.

Eski Yakkabog‘ qo‘rg‘onchasi hududidan Qizildaryo oqib o‘tadi. Qo‘rg‘onchada ichimlik suvi vodoprovod orqali yetkazilishiga barham berilganiga qariyb 15 yil bo‘layapti. Aholi to‘liq daryoning suvini olib, qaynatib, tindirib ichadi.

Daryodan uzoqroqda bo‘lganlarga suv tashuvchi mashinalarda yetkazib beriladi.

Qo‘rg‘oncha aholisining asosiy e'tirozi — daryo o‘zanidan tosh qazib olayotgan «Nurli kelajak sari» MChJ (boshlig‘i G‘ulomxon Qurbonov) va «Do‘stlik» XIChK (boshlig‘i Farhod Nurmahmatov) tomonidan yillar davomida daryo o‘zanining pasaytirib yuborilgani, tosh maydalovchi va shag‘al saralovchi uskunalardan oqayotgan chiqindi suv va daryo o‘zani ichra harakatlanayotgan texnika vositalarining yog‘-moylari daryo suviga qo‘shilib, uni ichish uchun mutlaqo yaroqsiz holatga keltirayotgani xususidadir.

Iste'mol qilinadigan daryo suvidan kerosin, solyarka va moy hidlari kelib, uni iste'mol uchun yaroqsiz qilmoqda. Lekin mahalliy aholining boshqa iloji yo‘q. Ifloslanmagan suvni tashib keltirish suv narxining oshishiga olib keladi.

Daryo o‘zanidagi toshlar olinaverganidan, yer osti suvlari sathi ham pasayib, Eski Yakkabog‘ qo‘rg‘onchasining oilalari o‘z xonadonlarida qazigan quduqlari ham qurigan. Endi ular ham suvni tashib yoki sotib olib iste'mol qilishlari kerak.

Mahallada istiqomat qiluvchi yoshi ulug‘ qariyalar ushbu korxonalar tuni bilan ishlashi tufayli shovqin ham ularning tinchini buzayotganini gapirib o‘tishdi.

Qizildaryo o‘zanidan qum va toshlar qazib olinishi bilan yondosh hududlarda siljish yuzaga kelgan. Ko‘hna qabristonda yoriq ham paydo bo‘lganini aytib o‘tishdi. Agar qabriston joylashgan tepalik siljib, daryoga qulaydigan bo‘lsa qanday dahshat yuz berishini tasavvur qilavering!

Qishloq ahli shag‘al va qum tashiyotgan yuk mashinalari qo‘rg‘oncha hududida mavjud yo‘llar va ko‘priklarni ishdan chiqarayotganini ham ta'kidlab o‘tdi. Qo‘rg‘oncha hududiga kelgan sel ham ko‘priklarning holatini yanada abgorlashtirdi.

Bitta misol: «Nurli kelajak sari» MChJ joylashgan hudud bir paytlar tut plantatsiyasi bo‘lgan. Bu yerda yetishtirilgan tut daraxtlari barglari Yakkabog‘ tumanida pilla yetishtirish uchun yetkazib berilgan. Ham ekologiyaga, ham butun bir tuman iqtisodiyotiga foyda makon o‘rniga, ekologiyaga qiron keltiruvchi, shu atrofda yashovchi odamlarning tinchini buzuvchi, iqtisodiyotga ham foyda keltirishi gumon bo‘lgan tashkilotning kelib joylashgani buyuk paradokslardan biri.

Bir paytlar so‘lim go‘shalari, bolalar dam olish maskanlari bilan mashhur Yakkabog‘dan asar ham qolmagan. Eski yakkabog‘liklar butun respublika bo‘ylab amalga oshirilayotgan «Obod mahalla» dasturi ularni chetlab o‘tayotganidan juda xafa.

«Bizning qo‘rg‘onchamiz katta yo‘ldan biroz ichkarida, shu sababli bo‘lsa kerak. Toshkentdan kelgan kattakonlarning ko‘zi tushadigan, yo‘l ustidagi mahallalar obod qilinmoqda», deyishdi ular.

Umuman, Yakkabog‘ aholisining murojaatlariga esa respublika, viloyat, tuman mutasaddilari panja orasidan qarab kelishmoqda. Ular bir necha bor shag‘al tayyorlovchi korxonalarning yetkazayotgan zararidan yozg‘irib turli instansiyalarga murojaatlar jo‘natishgan. Korxonalar kimlardir kelib o‘rgangan kunlari ishlamay turadi, ular ketgach yana to‘liq quvvat bilan ishlaydi va aholining murojaatlariga javob berilmasdan kelinmoqda.

Biz voqea yuz bergan joyga borganimizda korxonalardan biri ishlamay turgan, ikkinchisining rahbariyati yo‘q edi. Daryo o‘zanidan esa tosh qazib olinishi vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan ekan.

«Sizning kelishingizni eshitib, korxona va texnikalarni ishlatishmayapti. Ketishingiz hamono sutkasiga 24 soat ishlaydi», deyishdi yakkabog‘liklar.

Yakkabog‘liklar o‘zlarining muammosi hal bo‘lishini — daryo suvi avvalgidek zilol bo‘lishini istashadi.

Qiziq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 25.09.2017 yildagi «Suv obektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3286-sonli qarori ijrosi Yakkabog‘da ta'minlanadimi yo‘qmi?

Qashqadaryo viloyat hokimligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xo‘jaligi vazipligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ushbu holatga qanday baho beradi? Unutmaylik, 100 mingdan ortiq aholi ushbu daryodan suv ichadi.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: