O‘zbekiston kibersporti xalqaro arenaga qadam qo‘ymoqda

Sport 14:00 / 10.07.2018 5768

Tashkil etilganiga uzoq vaqt bo‘lmagan O‘zbekiston virtual sport o‘yinlari va kiberfutbol federatsiyasi o‘z faoliyatida dastlabki yutuqlarga erishishni boshladi. Jumladan, shu yil avgust oyida Jakarta shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlarida kiber sport yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston vakili ham ishtirok etadigan bo‘ldi.

Federatsiya prezidenti Azizbek Pattaxovning Kun.uz`ga ma'lum qilishicha, Osiyo o‘yinlari kibersport musobaqasida ishtirok etish uchun Markaziy Osiyo davlatlari vakillari o‘rtasida tashkil etilgan mintaqaviy saralash bosqichi yakunlariga ko‘ra, Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi kiberatleti Sanjar Usmonov Osiyo o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Foto: O‘zbekiston virtual sport o‘yinlari va kiberfutbol federatsiyasi

Jakarta mezbonlik qiladigan Osiyo o‘yinlarida elektron sport yo‘nalishi bo‘yicha musobaqa tajriba-sinov tariqasida ilk marta o‘tkazilmoqda. Katta ehtimol bilan yaqin yillar ichida sportning bu turi Olimpiada dasturidan o‘rin oladi.

O‘zbekiston virtual sport o‘yinlari va kiberfutbol federatsiyasi Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda Osiyo virtual sport federatsiyasi (AESF) tomonidan elektron sport yo‘nalishida tan olingan bo‘lib, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Yoshlar ittifoqi kabi tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.

Foto: O‘zbekiston virtual sport o‘yinlari va kiberfutbol federatsiyasi

Tashkilot yaqin vaqt ichida o‘z faoliyati doirasini yanada kengaytiradi. Xususan, kibersport festivallari, O‘zbekiston ligasi va kubogi musobaqalari yo‘lga qo‘yilib, ularning xalqaro standartlarga muvofiq, professional tarzda o‘tishi ta'minlanadi.

Ayni kunlarda o‘zbekistonlik kiberatletlar Parij shahrida bo‘ladigan Jahon chempionati saralash o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: