Prezident O‘zbekistonda quriladigan AES haqida ma'lumot berdi

O‘zbekiston 18:40 / 10.07.2018 61652

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni  mamlakatimizda atom elektr energetikasini barpo etish bo‘yicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. 

Prezident matbuot xizmati xabarida ma'lum qilinishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 69 milliard kilovatt-soatni tashkil etadi. Bu quvvatning qariyb 85 foizi gaz va ko‘mirni yoqish orqali, qolgan 15 foizi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqariladi. Buning uchun yiliga 16,5 milliard kub metr tabiiy gaz, 86 ming tonna mazut va 2,3 million tonna ko‘mir sarflanadi.

Kelgusida iqtisodiyot o‘sishi, aholi soni va turmush darajasi oshishi evaziga elektr energiyasiga bo‘lgan talab yanada ortishi kutilmoqda.

«Bu sohada faqat tabiiy gaz va ko‘mirdan foydalanishni davom ettiraversak, ularning mavjud zaxirasi ma'lum vaqtdan keyin tugab qolishi mumkin. Bu esa kelajak avlod oldida kechirib bo‘lmaydigan xato va jinoyat bo‘ladi», degan Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois O‘zbekistonda tinch maqsadlarda foydalanish uchun atom energetikasini barpo etishga kirishildi. Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur kompleks 2ta energoblokdan iborat, har birining quvvati 1 ming 200 megavatt bo‘ladi. Atom elektr stansiyasi uchun dunyodagi eng xavfsiz va zamonaviy egergoblok tanlab olingan. Uni 2028 yilgacha ishga tushirish rejalashtirilgan. 

Atom elektr stansiyasi barpo etilishi natijasida yiliga 3,7 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Bu manba qayta ishlanib, yuqori qo‘shilgan qiymatli neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi. 

Atom energiyasi ekologik toza ham. Bunday stansiyalar zararli is gazini hosil qilmaydi. Natijada tabiiy gazni yoqishdan hosil bo‘ladigan va atrof-muhitga tarqaladigan is gazi hajmi yiliga 3 million tonnaga kamayadi.

Yig‘ilishda atom elektr stansiyasini qurish, undan foydalanish, xavfsizligini ta'minlash bilan bog‘liq tashkiliy-texnik va amaliy ishlar muhokama qilindi.

Prezident shunday obektlarni qurish bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ish tutish, atom elektr stansiyasini joylashtirish bo‘yicha texnik shartlarni ishlab chiqish va geologik-qidiruv ishlarini sifatli bajarish bo‘yicha topshiriqlar berdi. 

Mamlakatimizda yangi bo‘lgan ushbu sohaga doir normativ-huquqiy baza yaratish, «Atom energiyasidan foydalanish to‘g‘risida»gi qonun va tegishli qaror loyihalarini ishlab chiqish, ularning MAGATE talablari va xalqaro hujjatlarga muvofiqligiga alohida e'tibor qaratish zarurligi ta'kidlandi.

«Bu boradagi barcha ishlarni muvofiqlashtirish, hujjatlarni tayyorlash, loyihalashtirish ishlari va muzokaralar olib borish uchun Vazirlar Mahkamasi huzurida yangi tashkilot tuzish kerak. Shu bilan birga, ushbu tashkilot huzurida atom elektr stansiyasini qurish direksiyasini ham tuzish zarur. Keyinchalik ushbu direksiya atom elektr stansiyasining operatori bo‘lib qoladi», dedi davlatimiz rahbari.

Ma'lumki, atom elektr stansiyasini qurish va undan foydalanishda eng zamonaviy va murakkab texnologiyalar qo‘llaniladi. Buning uchun esa yuqori saviyali va chuqur bilimga ega bo‘lgan mutaxassislar kerak. Shu bois Toshkentda fizika sohasida dunyoda yetakchi ta'lim muassasalaridan biri hisoblangan Moskvaning muhandislik-fizika institutining filialini ochish mo‘ljallanmoqda. 

Shuningdek, fizika va texnika yo‘nalishlaridagi oliy o‘quv yurtlarini bitirgan salohiyatli kadrlarni tanlab olib, ularni Moskva va Minskka o‘qishga hamda atom elektr stansiyalarida tajriba orttirishga yuborish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. 

Yig‘ilishda har bir bosqichdagi ishlarni puxta ishlab chiqish va amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini qat'iy nazoratga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘zbekiston va Rossiya atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlikni 2017 yil dekabrida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolanganidan keyin boshlagan edi.

Hozirda O‘zbekiston hukumati, «Rosatom» korporatsiyasi va Atom energetikasi xalqaro agentligi (MAGATE) atom elektrostansiyasini loyihalashtirish, qurish va undan foydalanish bo‘yicha kelishuv ustida ish olib bormoqda.

«Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov may oyi oxirida Toshkentga kelganida O‘zbekistondagi birinchi AES Navoiy viloyatida qurilishi mumkinligini aytgandi.

AES uchun katta suv havzasi kerak bo‘ladi. Navoiy viloyatida esa Aydarko‘lning katta qismi joylashgan. Ko‘lning yana bir qismi Jizzax viloyati hududiga to‘g‘ri keladi.

Stantsiya quriladigan joy keyinroq ma'lum qilinadi. «O‘zbekenergo» kompaniyasining strategik rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Eso Sa'dullayev butun mamlakat bo‘ylab 10ga yaqin maydon ko‘rib chiqilayotganini ma'lum qilgan. Iqtisodiy jihatdan va elektr energiyasiga ehtiyoj kattaligi nuqtai nazaridan manfaatli joy tanlab olinadi. «O‘zbekenergo» vakili jahon tajribasi ikkita «uch plyus» zamonaviy avlod energoblokli AES qurilishi 10 milliard dollar atrofida tushishini qayd etib o‘tgan. Moliyalashtirish manbalari Rossiya tomoni bilan birgalikda ko‘rib chiqilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: