Qo‘rg‘ontepa va Rishton tumanlarida aholi bandligi ta'minlanadi - Vazirlar Mahkamasi qarori

O‘zbekiston 23:50 / 10.07.2018 11141

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tuman aholisining bandligini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi №509-sonli, «Farg‘ona viloyati Rishton tuman aholisining bandligini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi №510-sonli qarorlari qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, tumanlardagi kafolatli ish o‘rinlari tashkil etish hamda sanoat, xizmatlar sohasi va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish loyihalarining manzilli ro‘yxati tasdiqlangan.

Tuman sektorlari va mahallalari bo‘yicha 2018–2019 yillarda haq to‘lanadigan jamoat ishlarini, ishsiz shaxslarni kasbga qayta tayyorlashni tashkil etish bo‘yicha manzilli dastur bir oy muddatda tasdiqlanishi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va viloyat hokimliklari zimmasiga yuklangan.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya, davlat kadastri davlat qo‘mitasi Andijon viloyat hokimligi bilan birgalikda 2018 yil 1 sentabrgacha bo‘lgan muddatda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obektlarini yalpi xatlovdan o‘tkazadi, bir vaqtning o‘zida ularni Kadastr va ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish axborot tizimida ro‘yxatga qo‘yish ishlarini tugallaydi.

2018 yil 1 oktabrgacha Qo‘rg‘ontepa tuman hokimligining tegishli qarorlari chiqariladi va belgilangan tartibda mulkiy huquqni belgilovchi hujjatlar berilishi ta'minlanadi.

IIV, Davlat statistika qo‘mitasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi va viloyat hokimligi bilan birgalikda tuman hududida yashovchi aholini uzoq vaqt mobaynida O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy ravishda yashaydigan shaxslarda fuqarolik va O‘zbekiston Respublikasi pasportlari mavjudligi yuzasidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ro‘yxatdan o‘tkazish yakunlari bo‘yicha fuqarolikni aniqlashga yoxud belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish uchun hujjatlar rasmiylashtirilishiga ko‘maklashiladi.

Rishton tumanida «Rishton keramikasi» brendi jadallashtiriladi, har yili «Rishton sehri» festivali o‘tkazilishi belgilab qo‘yilmoqda. Rishton tumanida hunarmandchilik markazi tashkil etish to‘g‘risida taklif tayyorlash vazifasi berilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: