Xalq ta'limi vazirligida Jamoatchilik kengashi tashkil qilinadigan bo‘ldi

O‘zbekiston 22:08 / 10.07.2018 5978

9 iyul kuni Xalq ta'limi vazirligida (XTV) jamoatchilik va biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirda Xalq ta'limi vaziri Sh.Shermatov, vazir o‘rinbosarlari A.Umarov, S.Boboxo‘jayev, A.Sa'dullayev, jamoatchilik va biznes vakillari Z.Hoshimov (Korzinka.uz), N.Oqilova (Nestle), X.Mamasaidov (Dekos.uz), U.Ishmuhammedov (IDP IELTS), M.Qosimov (Technoplaza) va B.Orifjonovlar (Paynet asoschisi) ishtirok etishdi. 

XTV matbuot xizmatining xabar berishicha, kun tartibida Xalq ta'limi vazirligi huzurida jamoatchilik kengashini tashkil etish masalasi muhokama qilingan. Xalq ta'limi vazirligi tomonidan bugungi kunda jamoatchilik fikriga alohida e'tibor qaratilayotgani o‘laroq ilg‘or xorijiy va mahalliy tajribalarni inobatga olgan holda Xalq ta'limi vazirligi huzurida Jamoatchilik kengashini tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida jamoatchilik kengashi nizomini ishlab chiqishni boshlash va uning faoliyatidagi ustuvor vazifalarni belgilab olishga kelishildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 iyuldagi “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 3837-sonli qarorning o‘z vaqtida bajarilishi va uning dolzarbligiga alohida e'tibor qaratildi.

Bugungi kunda ko‘plab davlat tashkilotlarida jamoatchilik kengashi faoliyat ko‘rsatayotganini inobatga olib, vazirlik rahbariyati tomonidan respublika xalq ta'limi tizimidagi keng qamrovli vazifalar va yig‘ilib qolgan muammolarni bartaraf etishda orttirilgan tajriba asosida samarali ish mexanizmini tashkil qilish lozimligi qayd etildi.

Ko‘proq yangiliklar: