Hala Madrid! Ronaldu «Real» bilan xayrlashuv maktubini e'lon qildi

Sport 21:34 / 10.07.2018 55758

Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu «Real»ni tark etishi munosabati bilan ochiq xat yo‘lladi. Ushbu xat matni 192 so‘zdan iborat. Quyida ushbu maktubni to‘la holda havola etiladi. 

Madrid shahrida «Real» jamoasida o‘tgan yillar, ehtimol, umrimning eng baxtli damlari bo‘ldi.

Bu klubga, bu damlarga va bu shaharga nisbatan qalbimda faqat ulkan minnatdorchilik hissi bor. Men ularning hammasiga mehr va sadoqatlari uchun tashakkur izhor etaman.

Shunday bo‘lsa-da, hayotimda yangi bosqichga qadam qo‘yish vaqti keldi, deb hisoblayman. Shuning uchun ham klubdan meni transferga qo‘yishlarini so‘radim. Hissiyotlarim shunday yo‘l tutishga undadi. Hammadan, ayniqsa muxlislarimizdan meni to‘g‘ri tushunishlarini iltimos qilaman.

Maydonda va kiyinish xonasida juda ajoyib jamoadoshlar davrasida bo‘ldim. Ularning orasida yoqimli iliqlikni his etib o‘ynadim. Biz ketma-ket uch marta chempionlikka erishdik, besh yilda to‘rt marta g‘olib bo‘ldik. Ularning yordami bilan shaxsiy sovrinlar, 4ta «Oltin to‘p» va 3ta «Oltin butsa» sovrinlarini yutganimdan qoniqish tuyg‘usini sezyapman. Bu yerdaligimda doim buyuk va o‘ziga xos klubda ekanimni bilib turardim.

«Real Madrid» nafaqat mening, balki oilamning ham qalbidan joy olgan. Shuning uchun ham hozir har doimgidan ko‘proq rahmat aytmoqchiman: klubga, prezidentga, direktorlarga, jamoadoshlarimga, barcha texnik xodimlarga, shifokorlarga, fizioterapevtlar va klubning eng mayda yumushlarini ham hormay-tolmay bajarib kelayotgan barcha-barcha xodimlarga chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Muxlislarga cheksiz tashakkurlarim. Ispaniya futboliga ham rahmat. 9 yil davomida buyuk futbolchilarga qarshi to‘p surdim. Ularning barchasiga hurmat va ehtiromimni bildiraman.

Men uzoq o‘ylab, yangi davr boshlanadigan payt kelganini tushundim. Men ketyapman, biroq qayerda bo‘lsam ham, bu futbolka, bu maydon va «Santyago Bernabeu» xuddi o‘zimnikidek bo‘lib qolaveradi.

Barchaga rahmat. Stadionimizda bundan 9 yil muqaddam aytganimni yana bir bor takrorlayman: Hala Madrid!

Ko‘proq yangiliklar: