Fransiyada tajriba, Belgiyada Anri. Kun o‘yini anonsi

Sport 12:20 / 10.07.2018 39409

JAHON CheMPIONATI-2018. 1/2 final. 10 iyul. FRANTsIYa – BeLGIYa. 23.00 (Toshkent)

Jahon chempionatining birinchi yarim final uchrashuvini ko‘pchilik finaldan oldingi final deb atamoqda. Bugun turnirda eng kuchli tarkiblarga ega hamda eng hujumkor o‘yinlar ko‘rsatayotgan Fransiya va Belgiya terma jamoalari Sankt-Peterburgda final yo‘llanmasi uchun maydonga tushadi.

Kim favorit?

Foto AFP

Kimdir yulduz futbolchilar jamoaning haqiqiy kuchini ko‘rsatmaydi, deb bahslashishi mumkin. Bu safargi turnirda ham qator yulduzlar kamtar jamoalarga qarshi o‘yinlarda hech narsa ko‘rsata olmasdan turnirni erta tark etishdi.

Ammo Fransiya va Belgiya bilan biroz boshqacharoq. Bu terma jamoalarda yulduzlar yakka emas, bu terma jamoalar yulduzlar bilan to‘lgan. Dide Deshamd ham, Roberto Martinesda ham yulduzli zaxira mavjud. 

Bu o‘yindan oldin kimni favorit deb atash mumkin? Savol qiyin, ammo hozircha ko‘proq omillar Fransiyani favorit sifatida ko‘rsatmoqda. Frantsuzlar barcha o‘yinlarda ishonchli harakat qilib kelishdi va pley-offga ortiqcha kuch sarflamasdan chiqishdi hamda pley-offdagi o‘yinlarni ham osonlik bilan yutishdi. Belgiyaliklar esa pley-offdagi ikki o‘yinda ham, Yaponiyaga qarshi ham, Braziliyaga qarshi ham qiynaldi. Shuningdek, Fransiya terma jamoasining tajribasini ham hisobga olish kerak, Desham boshchiligidagi bu jamoa uchinchi yirik turnirda qatnashmoqda, ular 2016 yilgi Yevropa chempionatida kumush medallarga sazovor bo‘lishgandi. Fransiya katta o‘yinlarni yutishni biladi, Belgiya esa o‘z tarixida atigi ikkinchi marta yarim finalga chiqqan.

Ammo «Qizil iblislar» safida jahon chempionatida qanday yutishni biladigan futbolchi bor.

Buyuk bombardir o‘z vataniga qarshi

Foto REUTERS

Terri Anri Fransiya terma jamoasida oxirgi o‘yinini o‘tkazganidan buyon 8 yil o‘tdi. Bu 2010 yili JARda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida bo‘lgandi, o‘shanda u mundialga zaxira futbolchisi bo‘lib borgan, uning futbolchilik faoliyati poyoniga yeta boshlagan davr edi.

Xayrlashish davri Anri uchun noxush kechgandi. U o‘tish o‘yinida Irlandiyaga qarshi o‘yinda qo‘li bilan o‘ynagan va Vilyam Gallasga golli uzatma bergandi. Uning bu harakati Fransiyani mundialga olib chiqdi. JARda ham Anri mojaro girdobida qoldi, u bosh murabbiy Raymon Domenek tomonidan Nikolay Anelka tarkibdan chetlatilishiga ochiq norozilik bildirib, murabbiyni qoraladi va terma jamoaning bir guruh futbolchilarini mashg‘ulotlarni boykot qilishga ko‘ndirdi.

Natijada o‘sha turnir Fransiya uchun sharmandali yakunlandi - 1 ochko va guruhda oxirgi o‘rin. Bu harakatlardan keyin Fransiya futbolida inqilobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Birinchi navbatda bosh murabbiy nihoyat iste'foga chiqarildi, federatsiya bir qancha futbolchilarni diskvalifikatsiya qildi, tarkib butunlay yoshartirila boshlandi. Lekin 1998 yilgi jahon chempioni va 2000 yilgi Yevropa chempioni Anri hamon Fransiya futboli tarixidagi eng yaxshi hujumchi bo‘lib qolmoqda.

Yevropadan ketgach Anri Amerikada «Nyu-York Red Bullz»da o‘ynadi, keyin bir muddat «Arsenal»ga qaytdi (2012 yil) va 2014 yili futbolchilik faoliyatini yakunlab, Angliyada teleekspert sifatida faoliyat ko‘rsata boshladi.

2016 yili u Belgiya terma jamoasida Roberto Martinesning murabbiylar shtabiga jalb qilindi. «Fransiyadan biron marta ham taklif bo‘lmadi», degandi o‘shanda u.

Shundan buyon Anri ekranlarda ko‘rinmay qoldi, u haqda ko‘p yozishmasdi. U terma jamoa ichida jimgina ishlashda davom etayotgandi. Endi esa hammaning e'tibori yana unga qaratildi. Ayniqsa yarim final arafasida OAVda u birinchi planga chiqdi. Frantsuzlarga qarshi o‘yin uning uchun alohida ahamiyatga ega, «Qizil iblislar» futbolchilarining barchasi buni yaxshi anglashadi.

«Terri biz bilan bo‘lib, o‘z maslahatlarini bergani yaxshiydi. Men hamisha unga katta hurmat bilan qarayman», dedi o‘yindan oldin Fransiya termasi tarkibida jahon chempionatiga kelgan Olive Jiru.

Martines qanday sxemada o‘ynaydi?

Foto: Photo News

Sankt-Peterburgdagi o‘yinga jamoalar deyarli yo‘qotishlarsiz yetib kelgan. Faqat Fransiyada zaxira futbolchilaridan biri, himoyachi Sidibe o‘yinga tayyor emas. Belgiya safida ham bitta yo‘qotish bor - chorak finalda Braziliyaga qarshi o‘yinda Neymarni ishonch bilan qo‘riqlagan himoyachi Toma Mene sariq kartochkalari sonini orttirib olgani tufayli bugun o‘yinga tusha olmaydi. 

Belgiyaliklarda yuqori saviyali himoyachilar ko‘p emas va Martinesda Menening o‘rnini to‘ldirish muammo bo‘lishi mumkin. Guruh bosqichida hujumkor Ferreyra-Karrasko chap qanot himoyasiga qarashib turganini ko‘rgandik. Brazillarga qarshi o‘yinda Martines 3-5-2 sxemasida harakat qildi, ungacha jamoa asosan 4-3-3 sxemasida o‘ynab kelayotgandi. Mene o‘ng qanotda, Fertongen chap qanotda o‘ynadi, Ferreyra-Karrasko zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi.

Endi belgiyaliklarda yangi dilemma. Buni murabbiylar shtabi qanday hal qiladi? Uch himoyachi moduliga qaytiladimi? Mudofaadagi kemtiklarni yopish uchun Shodlidan foydalaniladimi? Yoki Eden Azarning ukasi Torgenga ishonch bildiriladimi? Variantlar ko‘p, ammo Fransiyaning reaktivlari Grizmann va Mbappe bu o‘yinda himoyaga avvalgi o‘yinlardagidan ko‘ra ko‘proq bosim uyushtirishi aniq.

Ammo Belgiyaning ham yarim himoya va hujum chizig‘i juda kuchli. Kevin de Bryuyne, Azar va Lukaku kabi futbolchilar o‘yin taqdirini yolg‘iz hal qila oladigan futbolchilar sirasidandir. Ular istalgan himoyani yorib o‘ta olishadi. Biz bugun turnirning eng qaqshatqich qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lishimiz kafolatlangan. Bu o‘yin bo‘lajak chempion nomini aniqlab berishi tayin.

Foto: FIFA

FRANTsIYa – BeLGIYa
10 iyul. Sankt-Peterburg. «Sankt-Peterburg». 23.00 (Rossiya 1).
Hakamlar: KUNYa. Taran, Espinosa (barchasi – Urugvay).
Diskvalifikatsiya qilinganlar: yo‘q – Mene.

Ko‘proq yangiliklar: