O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida savdo hajmi qariyb ikki barobarga oshishi kutilmoqda

O‘zbekiston 13:07 / 09.07.2018 6919

Avval xabar qilganimizdek, ayni paytda  O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Afg‘onistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida O‘zbekiston tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev Afg‘oniston savdo-sanoat vaziri X.Raso, Temiryo‘llar boshqarmasi boshlig‘i Ya.Shams, davlat xaridlari bo‘yicha milliy komissiya raisi I.Xotakiy, transport vaziri o‘rinbosari M.Sultoniy va Afg‘oniston savdo-sanoat palatasi rahbari A.Nusrat bilan uchrashuvdi. Bu haqda Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Savdo-iqtisodiy masalalar muhokamasi davomida O‘zbekiston tomoni o‘zaro savdo-sotiqni rivojlantirish, tovarlarni chegaradan olib o‘tish uchun qulay sharoitlar yaratish, ikki tomonlama boj va tariflar miqdorini kamaytirish bo‘yicha taklif loyihalarini taqdim etdi.

Muzokaralar chog‘ida har ikki tomon ham o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishdan manfaatdor ekani qayd etildi. Shu yilning iyun oyida Termiz shahrida ikki davlat hukumat idoralari va xususiy sektor vakillari ishtirokida o‘tgan muloqotlarning birinchi raundi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga katta turtki bergani ta'kidlandi.

«So‘nggi vaqtlarda o‘zaro savdoda ijobiy o‘sish kuzatilayotganidan mamnunmiz, - dedi tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev. – O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, ikki tomonlama tovar ayirboshlash 19 foizga o‘sib, 617,1 million dollarni, shu yilning 5 oyi davomida esa 15 foizga o‘sib, 286,7 million dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda afg‘on kapitali ishtirokidagi 110ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Afg‘onistonda ham O‘zbekiston fuqarolari hissasi bilan 8ta korxona ishlab turibdi. Hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlarga egamiz. Qo‘shni davlatlar ekanimiz va rivojlangan transport infratuzilmasi borligidan kelib chiqib, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini yaqin vaqt ichida 1 milliard dollarga yetkazish imkonimiz bor».

O‘zbekiston delegatsiyasining Afg‘oniston Islom Respublikasiga tashrifining birinchi kuni yakunlari bo‘yicha tomonlar savdo, transport va infrastruktura loyihalari bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishdi. Shu bilan birga, muhim masalalar muhokamasi uchun ikki tomonning tegishli vazirlik va idoralari vakillaridan iborat komissiya tuzishning zarurligi qayd etildi.

Foto: mft.uz

O‘zbekiston delegatsiyasining qo‘shni davlatga tashrifi bugun yakuniga yetadi.

Ko‘proq yangiliklar: