Xalq ta'limi vaziri Samarqand viloyati maktablarida qator muammolarni aniqladi

O‘zbekiston 21:47 / 09.07.2018 19448

O‘zbekiston xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Samarqand viloyatiga xizmat safari chog‘ida hududdagi maktablar ahvoli bilan tanishar ekan, tizimdagi muammo va kamchiliklarni aniqladi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati Kun.Uz’ga ma'lum qildi. 

Vazir Samarqand viloyatidagi maktab ta'limi bo‘yicha tizimli kamchiliklardan tashvishga tushgan. Ma'lum bo‘lishicha, qator maktablar achinarli ahvolda ekani, 35-45 yillar davomida kapital ta'mirlanmagani, joriy ta'mir uchun ham mablag‘lar cheklangan miqdorda bir necha yil avval ajratilgan. 

Xalq ta'limi vazirining xizmat safari davomida viloyat ta'lim sohasida quyidagi muammo va kamchiliklar aniqlandi:

1. Samarqand viloyatidagi 18ta maktab to‘liq rekonstruksiyaga, 349ta maktab kapital ta'mirga muhtoj.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

2. 336ta maktabda jismoniy tarbiya darslarini o‘tish va o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun sport zallari mavjud emas.

3. 629ta maktab hududining atrofi o‘ralmagani natijasida o‘quvchi-yoshlar xavfsizligi yetarlicha ta'minlanmagan.

4. 474ta maktabda ta'lim oluvchilar soni maktab sig‘imidan 50 foizga ortiq. Buning natijasida o‘quv jarayoni ikki navbatda o‘tkazilayotgani ta'lim jarayoniga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, Samarqand shahrida ko‘p qavatli uylar barpo etilayotganiga qaramay, qo‘shimcha maktablar qurilmagan.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

5. Aksar maktablar faoliyatini tegishli darajada yo‘lga qo‘yish uchun oddiy maishiy sharoitlar mavjud emas.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

6. Chekka tumanlardagi maktablar filiallari bilan bog‘liq ishlar yomon ahvolda. Filial maqomi sababli ular ko‘pincha kapital va joriy ta'mirlash bo‘yicha dasturlardan tushib qolgan.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

Sh.Shermatov Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘iga o‘z faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va eng muammoli masalalar bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish vazifasini topshirdi. 

2018 yil 4 iyul kuni Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga asosan Samarqand viloyatida bo‘lib, ta'limni takomillashtirish bo‘yicha joriy holatni o‘rgandi.

Ko‘proq yangiliklar: