Davlat bojxona qo‘mitasida hay'at majlisi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston 21:29 / 09.07.2018 11163

Shu yilning birinchi yarmida kontrabanda va bojxona qonunchiligining buzilishiga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan tadbirlarda jami 57,5 mlrd. so‘mlik tovar- moddiy boyliklari bojxonada ushlab qolindi. Aniqlangan bojxona qonunchiligini buzish holatlarining 196 tasi yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining hay'at majlisi videoselektor shaklida o‘tkazildi. Unda markaziy apparat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bojxona boshqarmalari, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, Oliy harbiy bojxona instituti va Milliy kinologiya markazi rahbariyati hamda xodimlari ishtirok etishdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati

Yig‘ilishda dastlab joriy yilning 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoqlar va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish holati, to‘g‘ridan - to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va o‘zlashtirish natijalari tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bojxona organlariga yuklatilgan vazifalarning so‘zsiz ijrosini ta'minlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar tanqidiy tahlil qilindi va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Ta'kidlanganidek, hisobot davrida davlat byudjyetiga undirilishi lozim bo‘lgan bojxona to‘lovlari bo‘yicha belgilangan reja 116,3 % ga bajarildi.

Avtomatlashtirilgan axborot dasturi imkoniyatlaridan samarali foydalanilgani natijasida, 3981 ta holatda bojxona qiymatini past narxlarda belgilashga bo‘lgan urinishlarning oldi olinib, jami 5 mlrd. 567,8 mln. so‘m bojxona to‘lovlarini kam undirilish xavfi o‘z vaqtida bartaraf etildi.

Bojxona laboratoriyalari tomonidan o‘tkazilgan 12 mingdan ortiq bojxona ekspertizalari natijasida 3 mlrd. 369,4 mln. so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi.

O‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan jami 14,5 mlrd. so‘mlik imtiyozdan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq holatlar aniqlanib, ko‘rilgan choralar natijasida 4,5 mlrd. so‘mdan ortig‘i undirildi.

Kontrabanda va bojxona qonunchiligining buzilishiga qarshi kurashish borasida olib borilgan maqsadli tadbirlar natijasida 4026 ta huquqbuzarlik aniqlanib, jami 57,5 mlrd. so‘mlik tovar- moddiy boyliklar ushlab qolindi. Aniqlangan bojxona qonunchiligini buzish holatlarining 196 tasi yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. 

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati

Aniqlangan holatlar natijasida 21,3 kg. giyohvandlik vositalari, 220 dona psixotrop moddalar, 22 ta o‘qotar qurol, 3200 dan ortiq diniy mazmundagi, shafqatsizlik va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi materiallar huquqbuzarlardan olindi.

Yig‘ilishda joriy yilning 1-yarmida bojxona organlari faoliyatida yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar keskin tanqid qilinib, bunga yo‘l qo‘ygan markaziy apparat va hududiy bojxona boshqarmalari boshliqlarining axborotlari eshitildi.

Ko‘proq yangiliklar: