Aziz Abduhakimov O‘zbekistonning xususiy turistik tashkilotlari vakillari bilan uchrashdi

O‘zbekiston 21:14 / 09.07.2018 6476

Bugun, 9 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Umarov turistik faoliyat sub'yektlari bilan uchrashdi.

KUN.UZ muxbirining xabar berishicha, mazkur tadbir O‘zbekistonning xususiy turistik tashkilotlari assotsiatsiyasi (XTTA) raisini saylash bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni ko‘rib chiqish, mamlakatdagi turoperatorlik  faoliyatini rivojlantirish hamda O‘zbekistonning turistik jozibasini oshirishga doir qator masalalarni muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida Vazirlar Mahkamasining 29 iyundagi 398-sonli qaroriga kiritilgan turistik yig‘im undirish tartibi to‘g‘risidagi nizom bilan bog‘liq yangiliklar muhokama qilindi.

Shuningdek muhokamalar doirasida O‘zbekistonning soliq tizimini isloh qilishga doir yangi konsepsiyaning asosiy qoidalari ko‘rib chiqildi. Xususan, ishtirokchilar tomonidan turistik faoliyat sub'yektlari uchun imtiyozlarni saqlab qolish masalasi ko‘tarildi.

Bundan tashqari, mamlakat turistik bozoriga xalqaro bron qilish tizimlari (booking.com, hotels.com) ishtiroki va ularning O‘zbekiston turoperatorlari raqobatbardoshligiga ta'siri haqida so‘z yuritildi.

Turoperatorlar tomonidan O‘zbekistondagi temir yo‘l chiptalarini bron qilish va qo‘lga kiritish bilan bog‘liq muammolar ko‘tarildi va ularni qanday bartaraf etish mumkinligiga doir takliflar tinglandi va xulosalar qilindi.

Tadbirda shuningdek O‘zbekistonga keluvchi xorijiy turistlardan undiriluvchi yig‘imlar, sayyohlar xavfsizligi, mehmonxonalar yulduzlari sonining oshishi xarajatlarning oshishiga olib kelishi kabi masalalar qizg‘in muhokama qilindi.

Tadbir yakuniga ko‘ra, bunga qadar XTTA ijrochi direktori lavozimida faoliyat yuritgan Gulchehra Isroilova O‘zbekistonning xususiy turistik tashkilotlari assotsiatsiyasi raisi etib saylandi va bundan buyon turistik faoliyat sub'yektlari barcha muammolar va bahs-munozaralarga sabab bo‘luvchi masalalar bo‘yicha unga murojaat qilishlari mumkinligi aytildi.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov turistik faoliyat sub'yektlari vakillarining barcha muammo va savollarini  tinglab, ularga javob qaytardi, takliflarni qabul qildi. Shuningdek ulardan O‘zbekistonning xorijiy sayyohlar uchun jozibasini oshirishi mumkin bo‘lgan yangi viza turlari va turistlar uchun qulayliklar bo‘yicha takliflar berishni so‘rab, ularning ko‘rib chiqilishiga va'da berdi. U shuningdek ayni damda mehmonxona biznesi bo‘yicha imtiyozlar ustida ishlanayotganini ma'lum qildi.

Umuman olganda, O‘zbekiston hukumati va xususiy turistik tashkilotlar o‘rtasidagi uchrashuv juda samimiy va ochiq muhitda o‘tdi, deyarli barchaga muammo va takliflarni bayon etishiga imkon berildi. Tadbir ishtirokchilari Aziz Abduhakimov Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi sifatida yuritgan faoliyati, uning O‘zbekiston turizmini rivojlantirishiga qo‘shgan hissasi ungacha bu sohada qilingan barcha ishlardan yuqori bo‘lganini qayd etishdi va qo‘mita raisi Baxtiyor Umarov ham u boshlagan  ishlarni davom ettirishiga umid bildirishdi.

Ko‘proq yangiliklar: