Madaniy meros obektlariga e'tibor kuchaytiriladi: ayrim viloyat inspeksiyalari rahbarlari lavozimidan bo‘shatildi

O‘zbekiston 02:30 / 08.07.2018 9157

Madaniyat vazirligining bo‘lib o‘tgan Hay'at majlisida Bosh prokuraturaning va Toshkent shahar prokuraturasining taqdimnomalarining ijrosi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusida takrorlanishining oldini olish, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 iyundagi 478-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash, Prezidentning PQ-3812-son, PQ-3656-son, PQ-3814-sonli qarorining ijro holati to‘g‘risida so‘z bordi, deb yozadi vazirlik rasmiy sayti.

Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 iyundagi 178-son qarori bilan tasdiqlangan 2013–2018 yillarda zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlarini tashkil etish va ularning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar kompleksi doirasida joylarda amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish va tahlil qilish, respublikadagi mavjud madaniyat va aholi dam olish markazlarini xatlovdan o‘tkazish, ularning holati va ularga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojni o‘rganish hamda ularni maqbullashtirish maqsadida 2018–2022 yillarda bosqichma-bosqich yangidan qurish, rekonstruksiya, kapital ta'mirlash va jihozlash ishlarini amalga oshirish uchun qaror loyihasini ishlab chiqish xususida fikrlashildi.

«Turkiston» saroyiga yig‘ilgan 200 nafardan ortiq madaniyat va san'at sohasida ish faoliyatini olib borayotgan rahbarlar bilan barcha mavzularda Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev ochiq suhbat olib bordi.

Sohani rivojlantirish uchun qilinayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan birgalikda bir qator kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilayotganligi, bu borada korrupsiyaga berilayotgan rahbarlarga nisbatan choralar ko‘rilayotganligi ta'kidlandi. «Agar korrupsiyaga yo‘l qo‘yilaversa, biz ma'naviy buzuqlikdan qutulolmaymiz», — dedi vazir hamda madaniyat va san'at sohasida fidoiy insonlar ishlash zarurligini ta'kidladi.

Majlisda alohida madaniy meros obektlariga urg‘u berildi, ularning hozirgi kundagi holati, soni va bu borada amalga oshirish zarur bo‘lgan ishlarni belgilab berildi. Vazir ta'mirtalab madaniy meros obektlarini restavratorlarning kamligi bois obektlarni konservatsiya qilish choralarini ko‘rish, ularni faqat mutaxassis yordamida tiklash ishlarini amalga oshirish zarurligini e'tirof etdi.

Ayrim viloyatlarda bu borada qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etmagan rahbarlarga nisbatan «ogohlantirish», «hayfsan» e'lon qilindi va bir qator viloyat inspeksiyalari rahbarlari egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.

Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

Madaniyat vaziri B.Sayfullayev respublikadagi teatr va muzeylarning ish faoliyatini tubdan o‘zgartirish lozimligi, davlat-xususiy sherikchiligi asosida yangi izlanishlar joriy etish zarurligini aytib o‘tdi.

Ko‘proq yangiliklar: