Chegara zonasi va rejimining yangi tartibi belgilandi

O‘zbekiston 10:40 / 08.07.2018 27530

Hukumatning 2018 yil 5 iyuldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida chegara rejimi to‘g‘risidagi yangi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanalida xabar qilingan.

Mazkur nizom O‘zbekiston hududidagi chegara zonasi va mintaqasida chegara rejimini ta'minlash tartibini belgilaydi.

Nizomda xizmat faoliyati va o‘rnatilgan rejimga rioya etilishini nazorat kilish, chegara zonasiga kirish (o‘tish), bu yerda bo‘lish (yashash), harakatlanish va ishlarni amalga oshirish, chegara mintaqasiga kirish (bo‘lish) uchun ruxsatnomalar olish va ularni rasmiylashtirish tartibi belgilandi.

Hujjatga muvofiq, chegara zonasiga kirish (chiqish) nazorati ichki ishlar organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan, Davlat chegarasida vaziyat murakkablashganda esa Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari tomonidan ham amalga oshiriladi.

Chegara zonasiga kirish (o‘tish), bu yerda bo‘lish (yashash), harakatlanish va ishlarni amalga oshirish tartibi quyidagicha:

— chegara zonasida doimiy yashaydigan O‘zbekiston fuqarolarining pasportlariga ichki ishlar organlari tegishli maxsus shtamp qo‘yadi. Bunday fuqarolar chegara zonasi doirasida ro‘yxatga olish kartochkasini olmasdan, yashash joyidagi tuman va viloyat hududida harakatlanishi mumkin;

— chegara zonasida doimiy yashamaydigan va bu yerga besh kundan ortiq muddatga keladigan fuqarolarning pasporti va shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlardan tashqari chegara zonasida bo‘lish uchun ichki ishlar organlari tomonidan beriladigan alohida ro‘yxatga olish kartochkasi ham bo‘lishi shart;

— o‘qishga ketgunicha chegara zonasidagi aholi punktlarida yashagan oliy, o‘rta-maxsus va boshqa ta'lim muassasalari o‘quvchilari hamda talabalaridan ularning ta'lim muassasalarida o‘qishini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lishi lozim;

— chegara zonasiga ota-onasi yoki hamrohlik qiluvchi shaxslar bilan keladigan 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslar ota-onasi yoxud hamrohlik qiluvchi shaxslarning ro‘yxatga olish kartochkalariga kiritiladi;

— chegara zonasiga dehqonchilik, chorvachilik, qurilish, qidiruv va boshka ishlarni bajarish uchun kelgan bir guruh fuqarolar, shuningdek, sayyohlar, artistlar brigadasi va chegara zonasida yashamaydigan boshqa fuqarolar jamoasi uchun ro‘yxatga olish kartochkalari guruh rahbarining nomiga u bilan kelganlar soni ko‘rsatilgan holda beriladi;

— ro‘yxatga olish kartochkalari faqatgina bitta tuman hududida amal qiladi;

— chegara zonasiga vaqtincha yashash uchun keladigan shaxslarga ro‘yxatga olish kartochkalari bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi;

— Ro‘yxatga olish kartochkalarining amal qilish muddatini uzaytirish uchun ichki ishlar organlariga ularning amal qilish muddati tugashidan besh kun avval murojaat qilishlari shart;

— chegara zonasida joylashgan sanatoriy, dam olish uylari, pansionatlar, turistik bazalar va boshqa davolash-sog‘lomlashtirish muassasalariga boradigan fuqarolar shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar, sanatoriya va turistik yo‘llanmalar yoki ushbu muassasalar tomonidan beriladigan ma'lumotnomalar bo‘yicha chegara zonasida harakatlanishi mumkin;

— chegara zonasi orqali chet elga chiqmoqchi bo‘lgan yoki mamlakat hududi orqali tranzit harakatlanadigan shaxslar davlat chegarasidan o‘tish huquqini beradigan tegishli hujjatlarga ega bo‘lishi lozim.

Chegara zonasida bo‘ladigan shaxslarning majburiyatlari:

— chegara zonasida bo‘ladigan shaxslar o‘zlari bilan shaxsini tasdiqlovchi, shuningdek, chegara zonasi va chegara mintakasida bo‘lish huquqini beradigan hujjatlarini olib yurishi, mas'ul organlar vakillarining talabiga binoan hujjatlari, transport vositalari va tovarlarni tekshirish uchun taqdim etishga, chegara zonasi va chegara mintaqasida nima uchun yurganini tushuntirishi lozim;

— chegara zonasida joylashgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar raxbarlariga tegishli ruxsatnomasi bo‘lmagan shaxslarni ishga qabul qilish man etiladi;

— chegara zonasida faqatgina ichki ishlar organlari va Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari bilan kelishilgan holda tegishli tashkilotlar tomonidan berilgan yo‘llanma va ruxsatnoma bo‘yicha ov qilish mumkin;

— chegara mintaqasida sport va havaskorlik ovi, baliq ovlash, tabiat qo‘ynida dam olish yoki biron-bir zaruratsiz bo‘lish mumkin emas;

— joylarni va obektlarni suratga olish O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmatining ruxsatnomasi bilan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari:

— davlat chegarasiga tutash hududlar va chegaradosh qo‘shni hududlarda barqaror vaziyat bo‘lganda, chegara mintaqasida chorva mollarini maxsus ajratilgan joylarda faqat kunduzi boqish mumkin. Chorvadorlar Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari tomonidan belgilangan talablarni so‘zsiz bajarishga majbur;

— O‘zbekistonda doimiy yoki vaqtincha yashaydigan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs chegara mintaqasiga Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarining ruxsatnomasi bilan kirishi va bo‘lishi mumkin.

Javobgarlik:

— chegara zonasi va chegara mintaqasida chegara rejimi qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan ma'muriy ta'sir choralari qo‘llaniladi.

Ko‘proq yangiliklar: