Toshkentda «Bunyodkor» shoh ko‘chasining bir qismi yopildi

O‘zbekiston 12:20 / 07.07.2018 30821

Toshkent shahrida 6 iyuldan boshlab «Bunyodkor» shoh ko‘chasining Muqimiy ko‘chasidan Kichik halqa yo‘ligacha (metroning «Chilonzor» bekati) bo‘lgan qismi transport qatnovi uchun yopiladi. Bu haqda IIBB axborot-multimedia markazi ma'lum qilgan.

«2018 yil 6 iyuldan Bunyodkor ko‘chasining Muqimiy ko‘chasidan to Kichik halqa yo‘ligacha bo‘lgan qismida («Chilonzor» metro bekati) qurilish ishlari olib borilayotgani munosabati bilan transport vositalarining harakati cheklanishini ma'lum qilamiz. Vaqtincha yuzaga kelgan noqulaylik uchun uzr so‘raymiz», deyilgan xabarda.

Mazkur yo‘l o‘tkazgich qurilishi o‘tgan yilning kuzida boshlangandi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» avvaliga ko‘prik 2018 yilning may oyida, keyinroq iyunda ochilishini ma'lum qilgandi.

Endilikda esa qurilish ishlari yoz fasli oxirigacha yakunlanishi aytilmoqda. 

«Bunyodkor» shoh ko‘chasi Toshkent shahrining eng uzun, janubiy va shimoliy qismlarini bog‘laydigan yo‘ldir. Mazkur yo‘nalishda doim avtomobillar qatnovi tirband. Ushbu magistralda jami 9ta yo‘l o‘tkazgich mavjud bo‘lib, endi ularning soni yana bittaga ko‘payadi.

Ushbu yo‘l o‘tkazgich uzunligi 667,5 metr bo‘lib, yirik inshoot 8 metr balandlikdagi 23ta ustun oralig‘ida barpo etilmoqda.

Bunyod etilayotgan inshoot 6ta yo‘lakdan iborat. Zamonaviy yo‘l o‘tkazgich estakada qismining uzunligi 488,5 metr bo‘lib, balandligi 8, kengligi esa 24,5 metrni tashkil etadi.

Umumiy uzunligi 124 metr bo‘lgan ikkita piyodalar o‘tish ko‘prigi quriladi. Yangi bunyod etilayotgan yo‘l o‘tkazgichning yoritish tizimi ham jahon andozalariga mos ravishda barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: