Rivaldo Neymarni qo‘llab-quvvatladi va «yiqilishda davom etish»ga chaqirdi

Sport 15:00 / 05.07.2018 10320

Braziliya terma jamoasining sobiq futbolchisi Rivaldo terma jamoa hujumchisi Neymarni qo‘llab quvvatlab, uni o‘yinlar vaqtida «maydonga qulashda davom etish»ga chaqirdi. U bu haqda instagramdagi sahifasida yozib qoldirgan.

«Hamisha qanday o‘ynab kelgan bo‘lsang, shunday o‘ynashda davom et va boshqa mamlakatdan bo‘lgan futbolchilarning tanqidlariga e'tibor qaratma. Ularning ko‘pchiligi jahon chempionatini tark etib bo‘lishdi. Maydonda raqibni aldab o‘tishing kerak bo‘lganida aldab o‘t. Gol urishing kerak bo‘lgan vaqtda gol ur. Agar fol ishlatishsa, yiqil. Agar maydonda yotib vaqt cho‘zishga to‘g‘ri kelsa, ikkilanmasdan shunday qil va g‘alaba qozon. Aslida hamma shunday qiladi», — deya yozgan Rivaldo.

Sobiq futbolchi Neymarning tanqidchilarini uni ko‘ra olmaslikda ayblagan. U simulyatsiya uchun futbolchini ayblab bo‘lmasligi, chunki hakamlar futbolchilarni qo‘polliklardan himoya qilishmayotganini ta'kidlab o‘tgan.

Shuningdek, braziliyalik yana bir sobiq futbolchi Ronaldo Neymarning yonini olib chiqqan. 

«Neymar haqida bildirilayotgan hamma fikrlarga ham qo‘shilmayman. U – fikrlash doirasi keng futbolchi. Turli to‘qnashuvlardan o‘zini chetga olishga urinyapti, biroq hakamlar uni yetarlicha himoya qilishayotgani yo‘q. Agar menga ham to‘xtovsiz qo‘pollik qilaverishsa, o‘zimga nisbatan adolatsizlik bo‘layotganini his qilgan bo‘lardim. Neymarni tanqid qilish – bema'nilik. TV-shoular va gazetalar shunchaki o‘zidagi bo‘shliqni to‘ldirishga urinyapti, xolos», - degan Ronaldodan iqtibos keltirdi Sky Sports.

Bundan oldinroq Daniya terma jamoasi darvozaboni Peter Shmeyxel, fransiyalik sobiq futbolchi Erik Kantona, germaniyalik sobiq futbolchi Loter Mateus, Meksika termasi sardori Rafa Markes va boshqalar Neymarni maydondagi artistona harakatlari uchun keskin tanqid qilishgandi.

Ma'lumot uchun, RTS Sport portali Braziliya terma jamoasi yulduzi Neymar jahon chempionati doirasidagi to‘rtta o‘yin davomida 14 daqiqaga yaqin vaqtini maydonda yotib o‘tkazganini hisoblab chiqdi.

Jahon chempionati boshlanganidan buyon eng ko‘p qo‘pollik aynan unga nisbatan ishlatilgan – 23 marta. Qo‘polliklardan so‘ng maydonga qulagan Neymar jami 13 daqiqayu 50 soniya davomida chim ustida yotgan. Eng uzun «tanaffus» esa Meksikaga qarshi o‘yinda bo‘lgan – besh yarim daqiqa.

6 iyul kuni Braziliya terma jamoasi chorak finalda Belgiya termasiga qarshi maydonga tushadi. O‘yin Qozon shahrida bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: