Krishtianu bir oyog‘i bilan «Yuventus»da. Hozircha bu haqda nimalar ma'lum?

Sport 21:40 / 05.07.2018 27619

Bugun internetni Krishtianu Ronalduning «Yuventus»ga o‘tishi haqidagi xabarlar to‘ldirdi. Kechki xabarlar faqat shu transfer bo‘yicha bo‘lmoqda. Quyida ayni vaqtga kelib, bu transfer amalga oshishiga undaydigan sabablarni ko‘rib chiqamiz.

Foto: RIA Novosti

Hammasi qachon boshlangandi?

Ispaniyadagi Marca nashri xabariga ko‘ra, bu yarim yil oldinoq hal bo‘lgandi. Xabarga ko‘ra, futbolchi bilan shartnoma uzaytirilishi jarayonida ziddiyat yuzaga kelgan. O‘shanda portugaliyalik futbolchi o‘zining noroziligini yashirmagan. «Gap pulda emas, maqomda», — degan u. 

Ronaldu o‘zini aldangan deb hisoblagan. Uning fikricha, klub prezidenti Florentino Peres o‘z majburiyatlarini bajarishni ortga surgan. Marca xabariga ko‘ra, futbolchi  Peresdan yana shuning uchun xafa bo‘lganki, futbolchining shartnomasida badal puli sifatida juda kam miqdordagi mablag‘ belgilangan - 100 mln yevro. «Agar men 100 mln tursam, demak bu yerdagilar mening qolishimni istashmas ekan» — bu ibora Ispaniyada yanvar oyidagi gazetalar sonlari muqovasidan o‘rin olgandi. 

Oxirgi xabarlar

2 iyun kuni Corriere dello Sport futbolchi Madridda qolishi uchun yiliga 80 million yevro talab qilayotgani (soliqlar bilan birga) haqida xabar berildi. Ko‘p o‘tmasdan klub buncha pul to‘lay olmasligi ayon bo‘ldi. 

Marca nashri kecha Krishtianu Turinda uy izlayotgani haqida xabar tarqatdi. Xuddi shu vaqtda futbolchiga Turindagilar yiliga 30 mln yevrodan maosh (soliqlar chiqarib tashlanganda) to‘lash nazarda tutilayotgan 4 yillik shartnoma taklif qilayotgani haqida xabar tarqaldi. Taqqoslash uchun, uning Madrid jamoasidagi hozirgi yillik maoshi miqdori 21 mln yevroni tashkil etadi (soliqlar chiqarib tashlanganida).

O‘z navbatida «Real» va «Yuventus» futbolchi transferi narxi bo‘yicha bir to‘xtamga kelmagan, madridliklar futbolchi uchun 100 million yevrodan ko‘proq ishlab olmoqchi, turinliklar esa 100 million yevrodan ko‘p to‘lamoqchi emas.

El Chiringuito portali xabariga ko‘ra, 4 iyul kuni kechqurun Ronalduning agenti Jorjye Mendesh va «Real» rahbariyati o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgan: Florentin Peres va klub bosh direktori Xose Anxel Sanches ishtirokida. Uchrashuv yakunida klub futbolchisini «Yuventus»ga qo‘yib yuborishga rozi bo‘lgan.

SportMediaset xabariga ko‘ra esa Ronaldu shu haftaning shanba kunida, 7 iyul kuni Turinga uchib borib, «Yuventus» bilan shartnomaga imzo chekadi hamda yangi jamoasi tomonidan tanishtiriladi.

Bugun Italiyadagi nashrlarning muqovalari Ronalduga bag‘ishlandi. Bu Corriere dello sport, bu Turindagi Tuttosport va Stampa.

Foto: Chempionat.com

Ispaniyada Marca ham faqat Ronaldu haqida yozmoqda.

Foto: Chempionat.com

Transfer haqida kim nima demoqda?

«Yuventus»ning sobiq bosh direktori Luchano Modji tvitterida shunday yozdi: «Menga ma'lum bo‘lishicha Ronaldu va «Yuventus» o‘rtasidagi kelishuv imzolab bo‘lingan».

Blez Matyuidi: «Yuventus»da Ronaldu bilan birga o‘ynasak, ajoyib ish bo‘lardi. U dunyoning eng zo‘r futbolchilaridan, agar u kelsa bizga ham, klubga va muxlislarga ham yaxshi bo‘lardi».

Nikolas Iguain (Gonsalo Iguainning akasi va agenti): Krishtianu hozircha Gonsalo bilan «Yuventus» haqida gaplashmagan. Ammo ular avval birgalikda to‘p surishgan, ular yana birga tandem hosil qilishlari mumkin».

Lotar Matteus: «Menimcha, Krishtianu Ronaldu «Real»da qoladi. U dunyoning eng yaxshi klubida o‘ynaydi, uning «Yuventus»ga o‘tishi uchun sabab ko‘rmayapman. A Seriya darajasi avvalgidek yuqori emas. Oxirgi yillarda italyan klublari Chempionlar ligasi va Yevropa Ligasidagi natijalarini yaxshilay boshlagan bo‘lishsada, ular hali ispan va ingliz klublari darajasiga yeta olishmaydi. Italiya futboli Ronaldu uchun emas».

Agar transfer amalga oshsa, nima bo‘ladi?

Gonsalo Iguainning akasining optimistik qarashlariga qaramasdan, Ronaldu va Iguain jamoada birga harakat qilishiga ko‘z yetmaydi. Ko‘p ehtimolki, Allegri Ronalduni Dibala bilan birga o‘ynatadi yoki Ronaldu maydon markazida yagona hujumchi sifatida harakat qilib, unga qanotlarda Mario Manjukich va Duglas Kosta yordam beradi.

Italiya nashrlari portugaliyalik futbolchi «Yuventus»ga qanchaga tushishini hisoblab chiqishgan, futbolchining transfer narxidan tashqari, unga «4+1» shartnoma bo‘yicha jami to‘lanadigan mablag‘lar bilan qo‘shib hisoblanganda, umumiy investitsiya miqdori 350 mln yevrodan ortiq bo‘ladi. Shu tufayli turinliklar moliyaviy feyr-pleyga amal qilish uchun futbolchilarini sotishiga ham to‘g‘ri keladi.

Ingliz matbuotidagi xabarlarga, xususan, The Mirror xabariga ko‘ra Mario Manjukich «Manchester Yunayted»ga o‘tishi mumkin. Sport Mediaset xabariga ko‘ra esa, «Yuventus» Gonsalo Iguainni «Chelsi»ga 60 million yevroga sotishga rozi. 

Italiyada ayni vaqtda «Yuventus»ning Ronaldu familiyasi tushirilgan futbolkalari sotilishi boshlangan.

Ko‘proq yangiliklar: