Qashqadaryo  viloyati  g‘alla topshirish rejasini ortig‘i bilan bajardi

Iqtisodiyot 11:54 / 04.07.2018 14088

Qashqadaryo viloyat g‘allakorlari davlatga don sotish shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajardi. Bu haqda KUN.UZ’ga viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Joriy yil hosili uchun viloyat fermerlari 143 ming gektar maydonda mahalliy iqlimga mos “Yaksart”, “Grom”, “Tanya”, “Krasnodar – 99”, “Bunyodkor”, “Turkiston” singari erta pishar va serhosil g‘alla navlarini yetishtirdi. Ekinlar zamonaviy texnologiyalar asosida parvarish qilinishi samarasida maysa tuplarida boshoqlar bo‘liqligi ta'minlanib, kutilgan hosil yetishtirildi. Hosilni rivojlanishida tajribali mirishkorlar maslahati asosida ish yuritilgani, suvdan tejab, oqilona foydalanilgani va mahalliy, mineral o‘g‘itlar bilan o‘z vaqtida oziqlantirilib, zamonaviy texnologiyalar asosida parvarishlangani yutuqlar omili bo‘ldi.

Foto: Qashqadaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati

Viloyatda o‘rim-yig‘imga alohida hozirlik ko‘rilib, barcha yumushlar uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Mavjud g‘alla maydonlari mavsumga puxta tayyorlanib, 480 otryadga mavjud kombaynlar biriktirildi. Yirik harakat va katta mehnat evaziga yetishtirilgan donni nes-nobud qilmay qabul punktlariga tashish uchun 2 ming 300 dan ortiq texnika jalb etildi.

Viloyat mirishkorlari tomonidan og‘ir iqlim va yer sharoiti bo‘lishiga qaramasdan belgilangan 332 ming tonnadan ortiq reja bajarilib, qashqadaryolik mirishkor dehqonlar el xirmoniga yana qo‘shimcha 30000 tonnadan ortiq g‘alla topshirishni  maqsad qilishgan.

Shartnoma rejasining qisqa kunlarda ortig‘i bilan bajarilishiga Mirishkor, Kasbi, Muborak, Kitob kabi tumanlar fermerlari ayniqsa jonbozlik ko‘rsatib, salmoqli hissa qo‘shdi.

Viloyatda doni yig‘ishtirib olinmagan g‘alla maydonlarida o‘rim-yig‘im qizg‘in davom ettirilib, g‘allazorlarida kombaynlar to‘la quvvat bilan ishlamoqda. Hosildan bo‘shagan dalalar somoni peshma – pesh yig‘ishtirib olinmoqda va sifatli shudgor qilinayotgan maydonlarning bir qismiga mosh, loviya hamda ozuqabop ekinlar ekilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: