Farg‘onada uylar narxi istalgan vaqtda oshiriladimi? 

Jamiyat 16:41 / 03.07.2018 24905

2016 yilning 21 oktabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2639 sonli qarori qabul qilindi. Mazkur loyihadan ko‘zlangan maqsad, to‘lov qobiliyati pastroq bo‘lgan qishloq aholisiga moddiy tomondan yordamlashib, arzon uy-joy bilan ta'minlash va ularga davlat tomonidan ijtimoiy ta'minotni berish hisoblanar edi. 

Bu qaror “Harakatlar strategiyasi”ning to‘rtinchi yo‘nalishi ijtimoiy sohani yaxshilashga xizmat qilishi kerak bo‘lgan. Biroq qaror ijrosi hududlarda to‘liq amalga oshirilmoqdami? Afsuski yuz foiz “ha” deya olmaymiz.

Kun.uz tahririyatiga Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani Mindonobod-4 aholi punktida joylashgan namunali uy sotib olishni ko‘zlagan 100dan ortiq fuqarolardan arizalar kelib tushdi. Arizani o‘rganish maqsadida Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdik. U yerda yashovchi aholi bilan suhbatlashdik.

2017 yilning so‘nggi oylarida (noyabr, dekabr) PQ-2639 sonli qaror asosida mazkur fuqarolar arzon uy-joy olish maqsadida “Qishloq qurilish invest” MChJ injiniring kompaniyasi Farg‘ona viloyat filiali bilan shartnoma tuzishadi. Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani Mindonobod-4 aholi punkti manzilida joylashgan yer massivida quriladigan 4 xonadan iborat namunali arzon uylar uchun 220 million so‘m qiymatini to‘lashadi. Ko‘rsatilganidek shartnomaning muhim shartlarini fuqarolar bajarishadi. Shartnoma imzolangach, 5 (besh) ish kuni ichida boshlang‘ich baho (25 %) - 55 million so‘mni to‘laydi. Fuqarolar o‘z majburiyatlarini bajarishadi. 

“Qishloq qurilish invest” MChJ injiniring kompaniyasi vaqt o‘tgach, uyni bitkazib topshirish o‘rniga qurilish materiallarining narxi oshganligini asos qilib, qo‘shimcha to‘lov talab qildi. Farg‘ona viloyat hududiy ekspertiza xulosasini ko‘rsatib (lekin ularga bir nusxa ham bermaydi), joriy yilning aprel oyida uy-joy narxini 267 million qilib belgilaydi. May oyiga kelib yana 10 million so‘mga oshirib, narxni 277 million so‘mga ko‘tarib tashlaydi. 

Fuqarolar kompaniyaga narx masalasi bo‘yicha bir necha bor murojaat qilishadi. Murojaatchining aytishiga ko‘ra, kompaniya xodimlari: “…uylar narxi boshqa hududlarda bundan ham qimmat, sizlarga ancha arzon qilib beryapmiz. Shukr qilinglar!”, - deb aytishgan. 

Yuqoridagi murojaatga izoh olish maqsadida “Qishloq qurilish invest” MChJ injiniring kompaniyasi Farg‘ona viloyat filialiga bordik. Tashkilot direktori o‘zi kutib oldi. Lekin u kompaniyaga kelganiga uncha ko‘p vaqt bo‘lmaganini, narx masalasi bilan shug‘ullanuvchi xodim esa hozir kelib qolishini aytdi. Biz ancha vaqt kutdik, ammo ekspert kelmadi. 

U bilan keyinchalik telefon orqali muloqot qildik. Xodimning aytishicha, qurilish mahsulotlari narxi (sement, g‘isht, temir va b.) o‘tgan yilga nisbatan ancha oshgan. Undan narx o‘sishi tinmay davom etadimi, shartnomalarda bu haqida to‘xtalganmisiz, degan savollarimizga javob ololmadik. U bu boradagi masalalar bilan marketing bo‘limi shug‘ullanishi aytdi. Marketing xodimiga qo‘ng‘iroq qilganimizda, biz bilmaymiz o‘sha xodim biladi, deb o‘zlaridan soqit qilishdi. Xullas, na rahbar, na boshqalardan to‘liq javob ololmadik. “Koptok” qilish holati deyarli barcha tashkilotlarga singib ketgan.

Keyinroq Toshkent shahrida joylashgan  “Qishloq qurilish invest” MChJ injiniring kompaniyasi bosh ofisi xodimi bilan ham mazkur masala bo‘yicha suhbat o‘tkazdik. Xodim uyning narxi masalasi viloyatlardagi qurilish firmalariga yetkazib berilayotgan qurilish materiallari narxining oshishi evaziga oshgan deb aytishdi.

O‘tgan 5 oy ichida uy-joy narxi qariyb 57 million so‘mga oshirilgan (deyarli 7000 AQSh dollaridan ko‘proq summa). Bu juda katta mablag‘. Tashkilot bilganicha narxni oshirsa, uylarning arzonligi degan sifati qoladimi? Shartnomalarda narxlar masalasiga to‘xtalmagan bo‘lsa, kompaniya nega o‘tgan davrda tinmay oshirishda davom etgan? Hozirgi islohotlar markazida inson omili turadi. Axir xalq roziligi hammasidan ustun emasmi? Narxni bu darajada oshirib tashlash kimga kerak bo‘lib qoldi ekan? 

Qo‘shimchasiga shuni aytish joizki, bu muammo deyarli har bir viloyatda uchrab turibdi. Narxlar oshsa oshadiki tushmaydi.

Savollar esa juda ko‘p. Hozirgacha to‘liq javob ololmadik. Qarorga qarasangiz boshqa holat. Xalq uchun imkoniyat yaratilishi kerak. Agar narx bunday keskin ravishda oshaversa, fuqarolar to‘lov qobiliyatini yo‘qotib qo‘yadi. Ularning aksariyati qiyinchilikka duch kelgan yosh oilalar. Ularga qimmat uyning keragi yo‘q. Kompaniyaga esa insof tilagan holda, bu boradagi vaziyat yuzasidan izoh kutib qolamiz.

Ko‘proq yangiliklar: