Yolg‘iz ona hokimiyatdan boshpana berilishini kutmoqda

Jamiyat 23:49 / 03.07.2018 15015

«Kun.uz» tahririyatiga Namangan viloyati Norin tumanidan murojaat kelib tushdi. Murojaatchi Jumaboyeva Zokira hech qanday chorasiz qolgani va ayol boshi bilan qayerga bormasin muammosi hal etilmayotganini bildirdi. Opaning holidan xabar olish uchun Namangan viloyatiga bordik.

Zokira opa hayotda ancha toblangan inson ekan. Uning aytishicha, bir vaqtlar oilasi yaxshi va tinch hayot kechirgan. Ota-ona bir amallab yolg‘iz o‘g‘li Tursunboyni Toshkent shahrida joylashgan Respublika dizayn kollejiga o‘qishga olib kirishgan. O‘g‘lining holidan xabar olish maqsadida ota dovon oshib, Toshkent shahriga kelmoqchi bo‘ladi. Ammo yo‘lda avtohalokat sabab bo‘lib, Alloh taolo o‘z omonatini oladi. Shundan so‘ng, Zokira opa qiyin ahvolga tushib qoladi. Avvaliga ba'zi adolatsiz sabablarga ko‘ra, yashab turgan uyidan ajraydi. Ukasi unga qarashli mulkni sotib, 200 ming so‘m pul tutqazadi. Bu pul Toshkentda o‘qiyotgan farzand uchun sarflanib ketadi. Zokira opa tanishlarining uylarida yashay boshlaydi. Bir oy u qarindoshining uyida yashasa, keyin boshqasinikida. Bu orada mehnat qilib topgan pulini o‘g‘li Tursunboyga jo‘natib turadi. 

Bolam o‘qisin, katta-katta joylarda ishlab oyoqqa turib ketsin deb shu vaqtga qadar tinmay harakat qilib kelmoqda. Bu orada o‘z ukasi bilan tortishib qoladi. Ukasidan ozgina yer ajratib berishini so‘raydi. Uka esa mening ham farzandlarim bor deya, bir sotix ham yer bermaydi. Hozirga qadar uy so‘rab Zokira opaning bormagan joyi qolmagan. Zokira opaga meros huquqi bo‘yicha ukasi yashab turgan yer-mulkdan sud tartibida joy olishi mumkinligini maslahat berishgan. Opa esa bunga ko‘nmagan. Bir dona ukam bilan sudlashmayman. Alloh insofni o‘ziga bersin deb aytgan u.

Davlat maslahatchisi Qahramon Quronboyevning sayyor qabulida bo‘lgan chog‘ida u hokimiyat vakiliga topshiriq berib ketadi. Hokimiyat vakili Zokira opaga uy-joy ajratilishini o‘z dasturiga kiritgan.

Biz Zokira opa bilan Norin tuman hokimiyatiga bordik. Norin tuman hokimining o‘rinbosari Saydullo Siddiqov bilan suhbatda bo‘ldik. Hokim o‘rinbosari bu vaziyatdan tuman hokimi xabardor ekanini, albatta bu masala ijobiy yechim topishiga va'da berdi. Shu kunning o‘zida mushtipar onaga «Jasmina» tikuvchilik firmasidan ish taklif etildi. 

Joriy yilning 12 aprel kuni «Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta'minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 285-sonli Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. 

Umid qilamizki, shaxslar (komissiya) talabgorning muhtojligiga barham beradi. Yolg‘iz o‘g‘li hayotda o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashayotgan beva ayolga befarq bo‘lishmaydi. Norin tuman hokimiyati albatta, bu murojaatni ijobiy hal etilishiga ko‘maklashadi. Xalq ishonchini qozonish, ularning dardi bilan yashash va maksimal darajada xalqqa xizmat qilish hokimiyat vakillarining bugungi vazifasi hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: