Andijondan yuborilgan ikki murojaat ijobiy yakun topdi

Jamiyat 23:02 / 03.07.2018 14144

KUN.UZ tahririyatiga yuborilgan har bir murojaat izidan borib o‘rganish va maqola tayyorlash pirovardida mavjud kamchilikning o‘sha hududdagi mutasaddilar tomonidan yechim topishi yotadi.

KUN.UZ  sayti o‘tgan iyun oyida  ikki arznomaga -  “Nomga yarashmagan muammo: Andijon tuman “Baxt” mahallasidagi “Shodlik” ko‘chasida  ichimlik suvi, gaz yo‘q” hamda Andijon shahar Ulug‘bek ko‘chasida istiqomat qilayotgan beva ayolning muammolariga Ikki oydan beri elektrsiz yashayotgan oilaga ko‘mak zarur” nomli maqolalari bilan e'tibor qaratgan edi.

Maqola e'lon qilinganidan so‘ng oradan to‘rt kun o‘tib, o‘sha  Andijon shahar, Ulug‘bek ko‘chasi, 5-uyda istiqomat qilayotgan Nasibaxon Umrzaqovaning yaqini telefon orqali onaning xonadoni elektr tizimiga ulangani va muammolar bartaraf etganini bildirdi.

Onani yo‘qlab bordik. “MIB xodimlari kelib, chirog‘imizni yoqib berib ketishdi. Mana, charog‘on uyda o‘tiribmiz. Plastik kartochkamga sizlar uyushtirgan xayriya natijasida 8 million so‘mga yaqin mablag‘ tushdi. Bugun-erta uyni ta'mirlashga kirishamiz. Muammolarimni hal bo‘lishiga o‘z hissasini qo‘shgan barcha insonlarni duo qilib o‘tiribman”, deydi ona.

Nasibaxon aya bizni chog‘roqqina hovlisida yetilib pishgan anjir bilan mehmon ham qildi.

 Shundan so‘ng, Andijon tuman, “Baxt” mahallasi, “Shodlik” ko‘chasiga bordik.

Maqola chop etilgan kunning ertasiga mahallaga tuman hokimligi vakillari va sektor rahbari kelib, ishchi guruhi bilan muammolarni hal etishga kirishibdi. Uzoq yillar davomida ishlatilaverib “o‘z xizmat vazifasini o‘tab bo‘lgan” transformator o‘rniga yangisi o‘rnatilgan.

Suv chiqarish inshooti ta'mirdan chiqarilib, mahallaga ichimlik suvi tarqata boshlabdi. Tuman suv oqava korxonasi rahbari Dilshodbek Qo‘ldashevning: “Yaqin kunlarda suv minorasi o‘rnatib, ichimlik suvi muammosidagi bosim masalasini ham butunlay bartaraf qilamiz”, degani ko‘ngilni ko‘tardi.

 

Tabiiy gaz muammosi bo‘yicha tizim tahlil qilinib chiqilmoqda. Tuman gazchilari xonadonlarga suyultirilgan gaz ballonlarini tarqatishdi. Mahalla ahli bilan suhbatlashganimizda ular gaz ballonlariga muhtoj oilalar qolmaganini aytishdi.  

“Gapni gapir uqqanga”, deydi dono xalqimiz. Ba'zida, tahririyatimiz orqali ko‘tarib chiqilayotgan muammolarga e'tibor bermay beparvolik qilayotgan ayrim mutasaddilarning borligi xafsalamizni pir qiladi.

Yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf qilishga kun o‘tkazmay kirishgan Andijon shahar Majburiy ijro byurosi hamda Andijon tuman hokimligiga aholi o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Shuningdek, xayriya aksiyasida ishtirok etib, bir oilaning muammoli holatiga bee'tibor bo‘lmagan o‘quvchilarimizga ham alohida tashakkurimiz bor.

                                                                                                                         O‘z muxbirimiz

           

Ko‘proq yangiliklar: