Bankdan norozi tadbirkor adolat istaydi

Jamiyat 19:15 / 29.06.2018 27971

Namangan viloyati Norin tumani o‘zining nafaqat go‘zal ob-havosi, tabiati, balki mehnatkash va tadbirkor xalqi bilan ham ajralib turadi. Ammo, har doim ham tadbirkorlarga ko‘mak berilyaptimi? Tadbirkorlar yo‘lidan chiqayotgan to‘siqlar bartaraf etilmoqdami? Mazkur savollarga javob topish maqsadida Norin tumaniga bordik.

«Afsuski, yo‘q. Bizga yordam berishi vazifasi bo‘lgan tashkilotlar aksincha bizning yo‘limizga tushov bo‘lmoqda», deydi norinlik tadbirkor ayol.

Muqaddam Mavlonova «Original qurilish montaj» MChJ ta'sischisi hisoblanadi. Muqaddam opaning so‘zlariga ko‘ra, Xalq banki Norin tumani bo‘limi xodimlari kredit olayotganda unga nisbatan nohaqlik qilishgan.

2016 yil oktabr oyida kushxona qurish maqsadida kredit olish uchun bankka murojaat qilgan. Mavlonova jami bo‘lib 450 million so‘m kredit olmoqchiligini aytgan. Turmush o‘rtog‘i Abdug‘ani Mavlonov o‘zining 2011 yilda tashkil etilgan «Mohidil orzu barakasi» xususiy korxonasi va «Chorva qut-baraka» xususiy korxonasi bino-inshootlari va «Spark» avtomobilini garovga qo‘ygan. O‘sha vaqtda bu bino-inshootlar va avtomashinaning narxi 200 million so‘mni tashkil etgan.

Tadbirkor ayolning aytishicha, bank xodimlari shu vaqtda kreditlarga garov qilib qo‘yilgan 2008 yilda ishlab chiqarilgan SLAAS DOMINATOR rusumli kombayni bank balansida «osilib turgani»ni aytishgan. «Yuqori»dan haligacha kombayn masalasini «bir yoqli qilish» kerakligi talab qilinayotganini tushuntirishib, Mavlonovadan vaqtincha garoviga olib turishini iltimos qilishgan. Bu ish bilan bog‘liq rasmiyatchilik masalalari bank xodimlari tomonidan hal etilishini ta'kidlashgan. Tadbirkor ayolga mazkur kombayn 9 foiz ustama to‘lash sharti bilan uch yil muddatga kredit sifatida berilgan. 

«Kombayn garovga qo‘yilgan paytda 80 million so‘m uchun qo‘yilgan va bu pul yillar davomida 162 million so‘mga aylangan», deydi Abdug‘ani Mavlonov. 

Oila «Kombayn ishi»da yordam berishiga qaramay, bu kombaynni ta'mirlash uchun jami 41.500.000 so‘m miqdorida o‘z hisobidan xarajat qiladi. 

Bu orada turmush o‘rtog‘ining talabi bilan Mavlonova kreditdan voz kechishi haqida bank xodimlarini ogohlantiradi. Shunday bo‘lsada uning xohishisiz kredit chiqariladi. Memorial order bilan mijozning ruxsatisiz ham kredit summasini chiqarib yuborish iddao qilinadi va kombayn masalasi «hal etiladi».

Ishning qiziq tomoni, kredit Mavlonovaning roziligisiz chiqqani yetmaganidek, endi kredit sifatida chiqarilgan pulning 200 million so‘mlik qismi «Original qurilish montaj» MChJ balansiga tashlab beriladi. Qolgan 250 million so‘m mablag‘ bank hisobvarag‘ida yo‘q edi.  

«Filialga yangi boshqaruvchi kelgunicha bu pullarning to‘lovini so‘rab bankdan hech kim kelmagan», deydi Muqaddam Mavlonova.

Axir banklar kredit to‘lov muddati kelgan vaqtda kreditorning eshigini taqillatib tashlaydiku?! Bir yil vaqt o‘tganidan so‘ng qarzingni to‘la deyishi juda qiziq holat.

Bu pullar qayoqqa ketdi? Kombayn masalasiga kim izoh beradi? Mijoz bilan kim ishlagan o‘zi? Ana shu savollar bilan tuman Xalq banki filialiga yo‘l oldik.

Bu yerda bizni bankning yangi boshqaruvchisi kutib oldi. Bu lavozimga yaqinda tayinlangani, ishni faqat hujjatlardangina bilishini aytib o‘tdi. U ozroq kutib turishimizni so‘rab, biz bergan savollarga bank huquqshunosi javob bera olishini ma'lum qildi.

Bank huquqshunosidan jo‘yali fikrlar kutgan edik. Afsuski, savollarimizga to‘liq javob ololmadik. Huquqshunos esa yaqinda ish boshlaganini, hali bu ish bilan atroflicha shug‘ullanishga ulgurmaganini bildirdi. Buning ustiga u hujjatlarni to‘g‘ri tanlab ko‘rsata olmadi. Sudga berilgan da'vo arizasining nusxasi ham, asli ham bankda mavjud emasligi bizni hayron qoldirdi. Mayli, huquqshunosda ham ayb yo‘q. U ham yaqinda kelgan-ku deymiz. Ammo muammoga kim yechim beradi? Bechora tadbirkor ko‘rgan zararchi, uni kim qoplaydi? Tadbirkor oila - Mavlonovlar o‘zlarining tadbirkorliklari bo‘yicha jami 37 nafar fuqaroni ish bilan ta'minlab kelgan. Shu narsalarni bila turib loqaydlik bilan munosabatda bo‘lishgani aqlga sig‘maydi. Mazkur masala yuzasidan 2018 yil 19 yanvarda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumani sudining tegishli hal qiluv qarori chiqarilgan. Bu qaror yuzasidan kassatsiya shikoyati berilgan. Shikoyat sababi 2016 yil 27 dekabrda Xalq banki AT bilan 450 million so‘mga kredit shartnomasi tuzilgan. 200 million so‘m qismini «Original qurilish montaj» MChJ hisobiga tushirib berilgan. Qolgan 250 million so‘m esa hisobga o‘tkazilmagan. 

Bank filiali xodimlari bilan uchrashuvdan so‘ng, rasmiy izoh olish maqsadida Xalq bankining Bosh ofisiga yo‘l oldik. Bosh ofisda mutaxassislardan tashkil etilgan Komissiya bizni kutib oldi va uchrashuv boshlandi.

Har bir mutaxassis o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ishga aloqador savollarga javob berishdi. Mijoz tomonidan berilgan e'tirozlarni tinglandi va tartib-qoidalar bo‘yicha tushuntirishlar berildi. 

Uchrashuv davomida ishga aloqador e'tirozlardan tashqari filial xodimlarining kasb etikasini buzish hollari masalasi tadbirkor tomonidan bir necha marotaba ta'kidlandi.

«Men ko‘p bora bu xodimlarning ortidan quvdim. Doim u choyxonada yoki bu choyxonada bo‘lishadi. Filialning bosh hisobchisi esa «bank malikasi» degan laqab olgan. U mijozga «xohlagan ishingni qil» deydi» deya shikoyat qiladi Mavlonovlar oilasi.

Bosh ofis mutaxassislari esa bu masala qonun doirasida o‘rganilib, tegishli choralar albatta ko‘rilishini va'da berishdi.

Uchrashuv davomida AT Xalq bankining Buxgalteriya hisoboti va hisoboti departamenti boshqarma boshlig‘i Alisher Davlatov, AT Xalq bankining Kredit departamenti boshqarma boshlig‘i Bekzod Sarmanov , AT Xalq banki Namangan filiali bo‘limi bosh huquqshunosi Bahrom Dadaxonov o‘z yo‘nalishlarida javob berishga harakat qilishdi.

Uchrashuvda moderatorlik vazifasini Xalq banki Axborot xizmati xodimi Sarvar Ochilov o‘z zimmasiga oldi. Bundan tashqari, AT Xalq banki Namangan filiali Kredit bo‘limi boshlig‘i Olim Asqarov, AT Xalq banki Norin tuman filiali boshlig‘i o‘rinbosari Sherzodbek Alixanov, AT Xalq banki Norin tuman filiali huquqshunosi Zokirjon Ermatov o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.

Uchrashuv so‘nggida AT Xalq banki Iqtisodiy tahlil departamenti direktori  Jamolbek Yusupovning taklifiga asosan tadbirkor Mavlonov o‘z talablarini aytib o‘tdi. 

Muammo yuzasidan tadbirkorga yordam berish masalasi, ya'ni, kombayn sotilishi va boshqa talablar bo‘yicha amaliy yordam berilishi bank mutasaddilari tomonidan o‘rtaga qo‘yildi. Tadbirkor ushbu va'dalarga umid qilgan holda uchrashuv yakunlandi. 

2018 yil 12 aprelda ko‘rilgan kassatsiya sudining qaroriga ko‘ra,  ushbu holat bo‘yicha, jinoyat ishi qo‘zg‘atish maqsadida prokuraturaga yuborish to‘g‘risida xususiy ajrim chiqarilgan.

Haqiqat yuzaga chiqishini esa doimgidek oliy hakam vaqt hal qiladi. Umid qilamizki, qonun himoyachilari O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Tadbirkor yo‘liga to‘siq bo‘lish davlat siyosatiga xiyonat qilish demakdir» so‘zlarini anglagan holda, adolatli hal etishini umid qilib qolamiz.

Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq Xalq bankining O‘rta Chirchiq tumanidagi holati bo‘yicha maqola e'lon qilingan edi.

Bahodir Axmedov

Ko‘proq yangiliklar: