Agrobank xususiy tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga katta hissa qo‘shmoqda

Iqtisodiyot 14:09 / 28.06.2018 6779

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak» g‘oyasi asosida, «Agrobank» ATBda «Bank tomonidan aholining ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar» mavzusida brifing  tashkil etildi.

Unda Agrobank Bosh ofisining rahbar va xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

«Agrobank» ATB matbuot xizmati

«Agrobank» aksiyadorlik tijorat banki «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da xususiy tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, aholining bankka nisbatan ishonchini yuksaltirish hamda yangi ish o‘rinlari tashkil etish borasida kompleks chora-tadbirlar olib bormoqda.

Jumladan, bank tomonidan joriy yilning 1 iyun holatiga tadbirkorlik sub'yektlariga  674 milliard so‘m, shundan aholi tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga 193 milliard so‘m miqdorida mikrokreditlar ajratildi. Shu bilan birga, tadbirkor ayollarning loyihalarini moliyalashtirishga 72 milliard so‘m kreditlar berildi. Bundan tashqari, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash uchun  315 milliard so‘mdan iste'mol, avtokredit va overdarfat kreditlari ajratildi.

Tadbirda davlat rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi «Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi yuzasidan bank tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilayotgani xususida so‘z bordi.

«Agrobank» ATB matbuot xizmati

Xususan, hunarmandchilikni rivojlantirish maqsadida joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bilan 120 mlrd. so‘m miqdorida resurs jalb qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi va imtiyozli shartlarda kreditlar ajratilmoqda.

Shuningdek, 2018 yil 26 apreldagi «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qaroriga asosan hududlarda aholiga tomorqa xizmatlari ko‘rsatishni kengaytirish maqsadida, «Tomorqa xizmati» korxonalariga banklar tomonidan kreditlar ajratilishi belgilangan.

«Agrobank» ATB matbuot xizmati

Mazkur qaror doirasida, hududlarda tashkil etilgan «Tomorqa xizmati» MChJlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga turli xizmatlar ko‘rsatish, jumladan, ularga urug‘, ko‘chat va daraxtlar ekish, issiqxonalar qurish, chorvachilik, parrandachilik va boshqa tarmoqlarni rivojlantirishlari uchun Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi qoshida tashkil etilgan jamg‘arma hisobidan 50 milliard so‘m miqdorida kreditlarni yillik 7-14 foiz bilan imtiyozli shartlarda ajratish ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda respublika bo‘yicha Agrobank filiallari orqali hisobraqam ochgan 54 ta «Tomorqa xizmati» korxonasi tomonidan 1635 ta mahallaning 1 million 234 mingdan ziyod xonadon qamrab olinmoqda.

Brifingda Prezidentimizning 2018 yil 7 iyundagi «Har bir oila – tadbirkor» dasturini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan kreditlar ajratish borasida olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.

«Agrobank» ATB matbuot xizmati

Jumladan, qarorda belgilanganidek, tijorat banklari oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun eng kam ish haqining 150 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditni hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘ini tavsiyanomalari asosida ajratiladi.

Ushbu qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Agrobank tomonidan joriy yil davomida 146 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgan. Ayni shu kunlarda bu boradagi amaliy ishlar Andijon va Farg‘ona viloyatlarida boshlab yuborildi.

Shuningdek, brifingda Prezidentimizning 2018 yil 23 martdagi «Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida bank xizmatlari ommabopligini yanada oshirish, aholi va mijozlarga innovatsion, qulay, ishonchli bank xizmatlarini ko‘rsatishni yanada yaxshilash maqsadida olib borilayotgan ishlar xususida ham ma'lumot berildi.

Jumladan, bank filiallarida xorijiy VISA kartadagi mablag‘larni naqd shaklda olish imoniyati yaratilib, Agrobankmobile ilovasi orqali esa milliy valyutani xorijiy valyutaga konvertatsiya qilish yo‘lga qo‘yildi.

«Agrobank» ATB matbuot xizmati

Shuningdek, paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari uchun Agrobankmobile-biznes dasturi orqali onlayn tarzda masofadan turib imtiyozli kreditlarni o‘zlashtirish va zarur ma'lumotlarni olish imkoniyati yaratildi. Buning hisobiga fermerlarning vaqti va ortiqcha sarf-xarajatlari keskin qisqarmoqda. Ayni paytga qadar 28 mingdan ziyod fermer xo‘jaligi ushbu mobil ilovaga ulanib, masofadan turib hisobraqamlaridagi mablag‘larini boshqarib kelmoqda.

«Agrobank» ATB matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: