O‘zbekiston va Tojikistondan mahsulotlar Qozog‘istonga asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder Fattoh Shodiyevning jiyani Orifjon Shodiyevga qarashli logistika markazi orqali o‘tadi. Bu haqda Forbes Qozog‘iston yozmoqda.
Bu Janubiy Qozog‘istonda «A» (Knight Frank xalqaro klassifikatsiyasi bo‘yicha) sinfidagi yagona transport-logistika markazi (TLM) ekani hisobga olinsa, «Continental Logistics Shymkent» O‘zbekiston va Tojikistondan kelayotgan tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvi hamda saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadigan asosiy qozoq kompaniyasiga aylanadi, deya ta'kidlaydi nashr.
Shuningdek, O‘zbekiston operatorlari bilan birgalikda qo‘shma korxona tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani, uning doirasida yuk tashish uchun «Yashil yo‘lak» tashkil etilishi, u har ikki mamlakatning logistika markazlarida ham xizmat ko‘rsatishi qayd etildi. Kutilishicha, bunday holatda yuk tashuvlari hajmi yiliga 250-400 ming tonnaga teng bo‘ladi.
Orifjon Shodiyev Capital bank direktorlar kengashi raisi va 100% egasi sanaladi, «One &Top», «PRIME System KZ» va «Integra Construction KZ» (sobiq «Jol Jondeushi»), Todini Costruzioni Generali’da ulushlarga ega.