AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoydan bo‘lgan tovarlarga 50 mlrd dollarlik bojlar joriy etilishini ma'qulladi. Bu haqda The Wall Street Journal vaziyatdan xabardor manbalarga asosan yozmoqda.
Gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, qaror milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar va Moliya vazirligi hamda Savdo vazirligi vakillari ishtirokidagi yig‘ilish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan.
Tasdiqlangan ro‘yxatdan bo‘lgan tovarlarga 25 foizlik soliq solinadi. Biroq, hozirgi vaqtda bojlar aynan qachondan kuchga kirishi noma'lum bo‘lib turibdi.
Gazetaning ta'kidlashicha, bu qaror may oyi oxiridagi AQSh hamda Xitoy o‘rtasida savdo urushini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga ziddir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Kanadaning 270 foizlik bojlari haqida ma'lum qilgandi.