Adliya vazirligi huzurida tuzilgan Jamoatchilik kengashi ilk majlisini o‘tkazdi

O‘zbekiston 19:47 / 13.06.2018 3297

Adliya vazirligi huzurida Jamoatchilik kengashi ish boshlagani haqida xabar bergan edik. Ushbu kengash Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tuzildi.

2018 yilning 13 iyunida ushbu kengashning yig‘ilishi o‘tkazildi. Uni adliya vaziri R.Davletov va Jamoatchilik kengashi raisi A.Mardiyev olib bordi. Dastlab Jamoatchilik kengashining tarkibi tanishtirildi. Yig‘ilishda Kengashning oldiga qo‘yilgan vazifalar, amalga oshiriladigan ishlarning “yo‘l xaritasi”, kelgusi rejalar bo‘yicha fikr mulohazalar almashindi. 

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Shundan so‘ng kengashning asosiy vazifasi, ularni bajarishda e'tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlarga alohida urg‘u berishdi. Ta'kidlanishicha, kengash o‘z faoliyatini uch yo‘nalishda olib boradi. Bunda ular asosiy e'tiborni quyidagi masalalarga qaratishlari belgilandi:

birinchi navbatda, amaliyotdagi mavjud muammolarni o‘rganish hamda ularni manzilli o‘rganish va yechimi yuzasidan takliflarni taqdim etish;
ikkinchidan, fuqarolar eng ko‘p murojaat etadigan sohalar, xususan, notariat, FHDYo organlari faoliyati yuzasidan muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etishda ko‘maklashish;

uchinchidan, aholining huquqiy onggi va madaniyatini yanada oshirish, huquqiy bilimsizlikka barham berish, joylarga qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun mohiyatini, unda nazarda tutilayotgan yangiliklarni o‘z vaqtida yetkazish maqsadida huquqiy targ‘ibot masalasiga e'tibor berish lozimligi qayd etildi.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, Jamoatchilik kengashining tarkibiga parlament vakillari, vazirlik faxriylari, nodavlat notijorat tashkilotlari va jurnalistlar kiritildi. Kengash Adliya vazirligi huzuridagi maslahat organi sifatida jamoatchilik asosida ishlaydi. 

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Mazkur kengash yordamida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlik rivojlantiriladi, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari yuzasidan jamoatchilik fikri tizimli o‘rganiladi va tahlil qilib boriladi.

Shuningdek, mazkur kengash Adliya vazirligida sog‘lom ma'naviy-ruhiy holatni, qonuniylik, yuqori huquqiy madaniyat va axloqiylikni ta'minlash borasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqishni o‘z oldiga maqsad qilib olgan.

Ma'lumki, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash mamlakatni boshqarish tizimini demokratlashtirishning muhim mexanizmlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda, yangi tuzilgan Jamoatchilik kengashi Adliya vazirligi faoliyatining ochiqligini ta'minlash bo‘yicha monitoringlar olib boradi.

Qolaversa ushbu kengash fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Adliya vazirligi faoliyati bilan bog‘liq tashabbus va murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etadi va natijalar bo‘yicha tegishli takliflar tayyorlab boradi.
E'tibor qaratish lozim bo‘lgan muhim jihatlaridan yana biri, mazkur kengash vazirlik faoliyatiga taalluqli, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligini tahlil qiladi hamda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Adliya vazirligi faoliyatiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek ichki idoraviy hujjatlarni takomillashtirish, ulardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va muhokama qilish ham Jamoatchilik kengashi funksiyalaridan biri hisoblanadi.

Albatta, kengash tomonidan vazirlik faoliyatini isloh qilish bo‘yicha mamlakat hududida va xorijda amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida muntazam ravishda jamoatchilikni keng xabardor qilish ta'minlanadi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, Adliya vazirligi huzuridagi ushbu kengash fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan ochiq muloqotni rivojlantirishga qaratilganligini ta'kidlashdi. Kengashning oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishda e'tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar bo‘yicha o‘z takliflarini berishdi. 

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Yig‘ilish so‘nggida, Jamoatchilik kengashi a'zolari uchun vazirlikning “Adliya organlari tarixi” muzeyiga ekskursiya tashkil etildi.

Ko‘proq yangiliklar: