Zakot, fidya va fitr sadaqasi kimlarga, qachon va qancha miqdorda beriladi?

Jamiyat 11:26 / 12.06.2018 162299

Ramazon oyi – barakali oy. Chunki unda amalga oshiriladigan moliyaviy ibodatlar tufayli ehtiyojmand kishilarning mushkuli oson bo‘ladi, xayr-ehson qiluvchilarning moliga ham baraka kiradi. Bu oyda, asosan, uch turdagi moliyaviy ibodat amalga oshiriladi. Bular zakot, fidya va fitrdir. Xo‘sh, ular qaysi toifa odamlarga beriladi va qancha miqdorda?  

ZAKOT

Foto: muslim.uz

Zakot berish hur, aqliraso, balog‘atga yetgan, musulmon, nisob miqdoricha mablag‘ga ega, nisobga ega bo‘lganiga bir yil to‘lgan shaxslar zimmasiga farz bo‘ladi.

1) Zakotning sharti ikkitadir: birinchisi zakot oluvchiga zakotni mulk qilib berish, ikkinchisi esa, zakotni berish yoki ajratish paytida zakot ekanligini niyat qilishdir;

2) 85 gramm va undan ortiq tillosi bor kishi zakot berishi farz bo‘ladi;

3) pul yoki tijorat mollarining qiymati nisobga yetsa zakot berishi farz bo‘ladi;

4) bir kishining ozgina tillo, ozgina kumush, ozgina puli bo‘lsa, ularning barchasi qo‘shilganda nisobga yetsa zakot berish farz bo‘ladi;

5) ishlab chiqaruvchi korxonalarda ikki xil mol bo‘ladi. Birinchisi, xomashyolar. Ikkinchisi, tayyor bo‘lgan mahsulotlar. Zakot berish paytida ikkalasining qiymati hisobga olinadi. Lekin, zavod, fabrikalarning asbob-uskunalaridan zakot berilmaydi;

6) zakot farz bo‘lgan vaqtda uni ado etmagan bo‘lsa, necha yil o‘tsa ham zakoti zimmasidan soqit bo‘lmaydi;

7) hozirgi soliqlarni zakot hisoblasa bo‘ladimi, degan savol tug‘iladi. Islom ulamolari soliqlar hech qachon zakot o‘rniga o‘tmasligini ta'kidlashgan;

8) yashab turgan uy-joylari, iste'moldagi kiyimlari, minilib turadigan ulov, oziq-ovqat, pardoz buyumlari (agar tilla, kumushdan yasalmagan bo‘lsa), gavhar, marjon, yoqut, zumrad (agar sotish uchun saqlanmayotgan bo‘lsa) kasb-hunar asboblari kabi narsalardan zakot berilmaydi;

9) garovga qo‘ygan boyligi, madomiki, garovga olgan kishi qo‘lida ekan, undan zakot berish farz emas (Fatovoyi Olamgiriya);

10) qarzini bo‘yniga olmay yurgan qarzdor keyinchalik qarziga iqror bo‘lib ado etsa, haqdorning zimmasiga o‘tgan yillar uchun zakot berish vojib bo‘lmaydi. (Fatovoyi Olamgiriya);

11) qarzdor kishi agar zimmasidagi qarzini bersa, puli nisobdan kamayib qoladigan bo‘lsa, u kishiga zakot farz emas;

12) ijaraga berilgan bino, do‘kon va ulovlardan zakot berilmaydi. Balki, ulardan tushgan mablag‘ nisobga yetsa, zakot beriladi.

13) chorva mollari yarim yildan ko‘proq vaqt davomida yaylovda o‘tlatilsa va nisobga yetsa ulardan ham zakot beriladi. Tuyaning soni 5 ta bo‘lsa nisobga yetgan bo‘lib, undan zakot uchun bitta qo‘y beriladi. Qora molning soni 30 ta bo‘lsa nisobga yetgan bo‘lib, undan zakot uchun bitta bir yoshli buzoq beriladi. Qo‘y va echkining soni 40 ta bo‘lsa nisobga yetgan bo‘lib, undan zakot uchun bitta qo‘y yoki echki beriladi. Tijorat niyatida o‘yda boqilayotgan hayvonlarni soni qancha bo‘lishidan qat'i nazar ularni puli hisoblanadi. Agar puli nisobga yetsa qirqdan biri zakot uchun beriladi.

Zakotni kimlarga berib bo‘lmaydi?

Zakotni nisob miqdoricha moli bo‘lgan boy kishiga, o‘zining ota-onasi, bobo-momosiga, o‘zining o‘g‘il-qizlariga va ularning farzandlariga, er-xotin bir-biriga berish mumkin emas. Zakotni gunoh va ma'siyatga, shuningdek, musulmonlarga zarar keltiradigan har qanday ishlarga sarflaydigan kimsalarga berilmaydi.

Kimlarga bergan afzal?

Ushbu savolga “Fatavoi hindiya” kitobida shunday javob berilgan: “Zakot va fitrni berishda eng afzali, avvalo, aka-uka, opa-singillar hisoblanadi. So‘ng ularning farzandlari. Ulardan keyin amaki-ammalar, so‘ng ularning farzandlari. Tog‘a-xolalar va ularning farzandlari so‘ng yuqoridagilardan tashqari qarindoshlar. Ulardan keyin qo‘shnilar, kasbdoshlar, keyin hamshaharlar yoki qishloqdoshlar haqlidirlar.

“Bahrur roiq” kitobida: “Qarzi bor kishiga zakot berish faqirga zakot berishdan ko‘ra afzaldir”, deyilgan.

Eslatma: O‘MI Fatvo hay'ati tomonidan 2018 yilgi zakot nisobi 16 000 000 (o‘n olti million) so‘m etib belgilandi.

FIDYa

Foto: muslim.uz

Qarilik sababli umuman ro‘za tutishga yaramaydigan, kundan-kunga jismonan zaiflashib borayotgan keksalar va surunkali kasal bo‘lib, tuzalishiga umid bo‘lmagan bemorlarga shariatimiz ro‘za tutmasliklariga ruxsat beradi (“Bahrur roiq”). 

Bular Ramazonning har bir kuni uchun fidya berishadi. Fidya miqdori O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati tomonidan milodiy 2018 yil (hijriy 1439 yil) uchun o‘rtacha 12 000 (o‘n ikki ming) so‘m, deb belgilandi.
Ro‘za tutishga yaraydigan qariyalarga esa ro‘za tutish farz bo‘ladi. Ro‘za tutishga qodir bo‘la turib fidya bersa, ro‘za undan soqit bo‘lmaydi va fidyasi o‘z o‘rniga tushmaydi.

Ma'lum vaqtlardan keyin tuzaladigan kasallikka chalingan shaxslarga ro‘za tutish zarar qilsa, bularning ham ro‘za tutmasliklariga shariatimiz ruxsat beradi. Ammo bular fidya bermaydilar, chunki qachondir tuzalishlariga umid bor. Tuzalganlaridan keyin qazo bo‘lgan kunlarning ro‘zasini tutib beradilar.
Fidya beruvchilar xohlasalar, fidyalarining hammasini bir qilib, Ramazon oyining boshida yoki oxirida berishlari mumkin (“Fatovoyi Hindiya”).

Fidya zakot olishi mumkin bo‘lgan kishilarga beriladi. Agar ular fidya berishganidan keyin quvvatga to‘lib, ro‘za tutishga kuchlari yetadigan bo‘lib qolishsa, tutmagan ro‘zalarining qazosini tutishlari kerak (“Nihoya”).

FITR SADAQASI

Foto: muslim.uz

Fitr sadaqasi faqirlarga g‘amxo‘rlik, ularga hayit kunini xursandchilik bilan o‘tkazishlari uchun ko‘makdir, uni berganlar uchun esa, Ramazonda yo‘l qo‘yilgan ba'zi kamchiliklarga kafforatdir.

Fitr sadaqasi kumush nisobidagi, hojatidan ortiqcha molga ega musulmonga vojib bo‘ladi. Ana shu miqdordagi mulkka ega kishi fitr sadaqasini o‘zi va yosh bolalaridan berishi vojib. Balog‘atga yetgan farzandlari va xotini uchun fitr sadaqa berishi vojib emas. Agar balog‘atga yetgan farzandlari va ayoli uchun, ular aytishmasa ham, fitr sadaqasini bersa, ular zimmasidan fitr sadaqasi soqit bo‘ladi.

Fitr sadaqasining vojib bo‘lish vaqti hayit kuni tong otish paytidir. Shuning uchun, hayit kechasi tug‘ilgan chaqaloqdan ham fitr sadaqa berish vojib bo‘ladi. Homila va hayit kunidan oldin vafot etganlar uchun fitr sadaqasi vojib bo‘lmaydi.

Ibn Umar (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) fitr sadaqasini odamlar namozga chiqmasdan oldin berishni buyurdilar”. Ammo bu vaqtdan oldin, masalan, Ramazon kirishi bilan bersa ham bo‘ladi. Lekin namozga chiqishdan oldin berish mustahabdir. Fitr sadaqasi vojib bo‘lib, uni berolmay qolgan kishi zimmasidan soqit bo‘lmaydi.

Fitr sadaqasi bug‘doy, bug‘doy uni yoki yormasidan yo mayizdan yoki xurmo yo arpadan beriladi. Bug‘doy yo uning uni yoki yormasidan va mayizdan yarim so' (taxminan 2 kg.), arpa va xurmodan bir so'dir. Mazkur narsalarning qiymatini ham bersa bo‘ladi.

Fitr sadaqasi zakotga haqdor bo‘lgan kishilarga beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: