Ko‘ktepadan Chimbuloqqacha: Olmaota bugun qanday yashamoqda - fotolar

Jahon 02:36 / 10.06.2018 68029

Olmaota — Qozog‘istonning eski poytaxti. Unga 1854 yili asos solingan. 1997 yili qo‘shni davlatning poytaxti Ostona shahriga ko‘chirilgan. 2017 yilgacha Olmaota Qozog‘istonning yagona millioner shahri sanalardi. 2017 yildan boshlab Ostona ham aholisi milliondan oshgan shaharga aylangan.

2018 yil 1 fevral kungi ma'lumotga ko‘ra, shaharning aholisi 1.806.833 kishini tashkil etmoqda. (Biz Toshkent shahrini aholisining ko‘payishini propiska bilan cheklab yurgan pallada Olmaota yaqin yillarda Markaziy Osiyoning eng yirik shahariga aylanib ketishi mumkin — Sh.Sh.).

Olmaota Iliorti Olotovi tog‘i etagida joylashgan. Shahar yashillikka burkangan — daraxtlari juda ko‘p. Shahar aksariyat ko‘chalari daraxtlarning kesilishi evaziga kengaytirilmagan. Furmanov ko‘chasiga Nazarboyev ismi berilib, ko‘cha kengaytirilib, ayrim daraxtlarning kesilgani shahar aholisining katta noroziligini keltirib chiqargan. Ayni paytda shahar ko‘chalarida chim va gullar astoydil parvarish qilinadi, sug‘oriladi. Daraxtlarning kesilgan shoxlari o‘rni maxsus preparatlar bilan ishlanadi.

Olma ota ayni vaqtda Qozog‘istonning yirik iqtisodiy markazi hisoblanadi. Ko‘plab xalqaro va xorijiy korxonalarning Markaziy Osiyodagi vakolatxonalari aynan shu shaharda joylashgan (ularning aksariyati Toshkentdan bu shaharga ko‘chgani juda achinarli, albatta — Sh.Sh.).

Olmaotaning sharqiy qismida Ko‘ktepa tepaligi bor u yerda Olmaota teleminorasi qad ko‘tarib turibdi. O‘sha yerdan shaharga qarab osma yo‘l — funikulyor tortilgan. Atigi 1000 tanga (24 ming so‘m evaziga) bir tomonga qarab tushishingiz mumkin.

Shahardagi «Qozog‘iston» mehmonxonasi o‘z vaqtida Markaziy Osiyoning eng baland inshooti bo‘lgan va u 1975–1977 yillarda barpo etilgan. U arxitektura yodgorligi deb topilgan. U 26 qavatdan iborat bo‘lib, 102 metr balandlikka ega.

Mehmonxona yonida Respublika saroyi joylashgan. Uning oldida Qozoq oqini Abay Qo‘nanboyev haykali o‘rnatilgan.

Olmaota shahrida mashinalar tezligi soatiga 60 km.gacha chegaralangan. Qozog‘istonda mashina oynalarini qoraytirish mumkin. Buning uchun hech qanday to‘lov talab qilinmaydi. Faqat mashinaning orqa qismidagi oynalar qoraytiriladi. Mashinalar kunduz kuni ham chirog‘ini yoqib yurishi shart. Ko‘chalar to‘liq kamera bilan ta'minlangan. Haydovchilarning o‘zaro va piyodalarga bo‘lgan hurmati juda yuqori.

Shahar bir paytlar poytaxt bo‘lgani sababli bu yerda ko‘plab haykallar, rasmiy idoralar joylashgan.

Qozog‘istonning eski poytaxti Iliorti Olatovi etagida joylashganini aytib o‘tdik. Bir qarashda shaharning havosi musaffo bo‘lishi kerakdek tuyulsa-da, aslida ahvol boshqacha. Olmaota chuqurlikda joylashgani va shaharda mashinalar haddan ziyod ko‘pligi, ko‘chalar torligi va tirbandliklar tez-tez ro‘y berib turishi evaziga shahar uzra smog hosil bo‘ladi. Buni ayniqsa Chimbuloq tog‘ chang‘i bazasidan tushib kelishda yaqqol ko‘rish mumkin.

Medeu sport majmuasiga chiqib borishda tog‘ yo‘lida shaharning eng badavlat kishilar qurgan hashamatli hovlilarga ko‘zingiz tushishi mumkin. Tog‘da hali erta bahor. Chechaklar ochilib turibdi.

Medeu sport majmuasi bu yerdagi tabiiy muz uchish maydoni bilan avvaldan mashhur. Uning ortida damba joylashgan bo‘lib, u Olmaota ustiga yopirilishi mumkin bo‘lgan sel oqimlaridan shaharni himoya qiladi. Ana shunday sel va shamol bir yili tog‘dagi juda ko‘plab archalarning boshiga yetgan. Suratlarda sinib, qurib yotgan archalarga ko‘zingiz tushsa bilingki, bu o‘sha tabiiy ofat oqibati.

Medeudan Chimbuloqqacha arqonli osma yo‘l (kanatnaya doroga) xizmati joriy etilgan. Osma yo‘l rentabelli bo‘lishi uchun undan yuqorisiga avtomobillar qo‘yilmaydi. Biroq biotaksilar chizni Chimbuloqqacha olib borishi mumkin. Yo‘l haqi kishi boshiga 1500 tanga — 37500 so‘m!

Chimbuloq bazasida hamashatli dala hovlilar qurilgan. Hanuzgacha u yerda erimagan qorga ko‘zingiz tushishi mumkin. Eng katta va chiroyli dala hovli — Nazarboyevniki. «Harqancha milliarder bo‘lmang, bu yerda dala hovli uchun yer ololmaysiz. Buning uchun Nazarboyevga yaqin odam bo‘lishingiz kerak», — deydi taksichi dala hovlilarga ishora qilib.

 

Olmaotada taksi va oziq-ovqat juda qimmat. Narxlar Toshkentdagidan deyarli 2-3 barobar farq qiladi. 1 qozoq tangasi 24 so‘mga teng ekanligidan kelib chiqsak, yoqilg‘i u yerda arzon ekanligiga guvoh bo‘lamiz. 95 markali benzinning 1 litri 176 tanga (4224 so‘m), 92 markali benzin 158 tanga (3792 so‘m), dizel yoqilg‘isi 171 tanga (4104 so‘m) va propan yoqilg‘isi litri 81 tanga (1944 so‘m).

Xullas, Markaziy Osiyoning ikkinchi katta shahri mana shunday yashamoqda. Balxash ko‘lida cho‘milish mavsumi yana bir haftadan so‘ng ochiladi. Olmaota sizga muntazir!

Shuhrat Shokirjonov.

Ko‘proq yangiliklar: