2025 yilga borib O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi 21 foizdan oshadi

Fan-texnika 23:53 / 06.06.2018 6041

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish sohasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. 2021 yilgacha Qayta tiklanuvchi energetika manbalarini rivojlantirish va energosamaradorlikka doir maxsus dastur ishlab chiqildi. Respublikada gidroenergiya bilan shug‘ullanuvchi alohida "O‘zbekgidroenergiya" korxonasi tashkil etildi, "O‘zbekenergo" ham qayta tiklanuvchi energiya manbalariga e'tibor qaratmoqda. Ekspert Tolib Sultonov Markaziy Osiyo Xalqaro ekologik forumi doirasidagi sessiya davomida shu mavzuda so‘z yuritdi. 

"2025 yilgacha O‘zbekistonda 21 foizdan ortiq energiyani qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olish taxmin qilinmoqda", - deydi u.

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, bugunga kelib O‘zbekistonda biogaz texnologiyalarga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasining biogaz texnologiyalarni rivojlantirishga doir qarori va bu texnologiyalarning qaysi viloyatlarda qanday yo‘lga qo‘yilishi bo‘yicha maxsus dasturi shundan dalolatdir. Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energetika manbalarini rivojlantirishga doir tegishli imtiyozlar mavjud. 

Foto: MOMEM

"Xalqaro tashkilotlar, jumladan Jahon banki qishloq joylarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tatbiq etishga doir 12,5 million dollarlik katta loyihani amalga oshirdi. Hozirga kelib fermerlarimiz biogaz texnologiya nima ekani va uni qayerda qo‘llash mumkin, qanday hajmda, qanday iqtisodiy foyda olish mumkinligini yaxshi bilishadi. Ayniqsa, suv sathini ko‘tarish uchun qayta tiklovchi energiya manbalaridan foydalanishga doir ishlar katta qiziqish uyg‘otdi, juda katta effekt berdi va hozirda bu keng targ‘ib qilinmoqda, - dedi Tolib Sultonov. -  Shunday ekan, barcha mamlakatlar sa'y-harakatlari bilan Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari quyoshli ekanini inobatga olib, bu katta salohiyatdan birgalikda foydalanishimiz va bir-birimizga eng yaxshi tajribalar texnologiyasi bilan almashishimiz mumkin".  

Sessiyada shuningdek Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘onistondan kelgan mutaxassislar ham o‘z mamlakatlaridagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari va yangi texnologiyalarning rivojlanishi haqida ma'lumot berishdi.

Ko‘proq yangiliklar: