Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi institut yashash minimumi va iste'mol savatchasini hisoblab chiqadi

Iqtisodiyot 09:47 / 02.06.2018 12927

Prezident 29.05.2018 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarga doir PQ-3752-son qarorni imzoladi, deb xabar bermoqda Norma. 
 
1. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti Iqtisodiyot vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.
 
U:

• aholi farovonligini oshirish maqsadida iqtisodiyotni liberallashtirish, mamlakatning intellektual, texnologik va innovatsion potensialini oshirish sharoitida strategik rejalashtirish tizimining ilmiy-metodologik asoslarini shakllantirish hamda mamlakatni qisqa muddatli, o‘rta muddatli va uzoq muddatli davrlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta'minlashga yo‘naltirilgan konsepsiyalar, kompleks, maqsadli, tarmoq va hududiy dasturlarni ishlab chiqish;
• ilg‘or xorijiy tajriba asosida prognoz modellashtirishning zamonaviy dastaklarini ishlab chiqish, makroiqtisodiy siyosat choralarining milliy iqtisodiyot, uning alohida sohalari va hududlariga ta'sirini baholash;
• iqtisodiyotda mahalliy mahsulotlarning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini, tashqi iqtisodiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan tarkibiy o‘zgartirishlarni ishlab chiqish, mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va diversifikatsiyalashning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha takliflarni tayyorlash;
• iqtisodiyotni isloh qilish va liberallashtirishni yanada chuqurlashtirish, xususiy mulkning ustuvor rolini ta'minlash, iqtisodiyotni boshqarishning bozor uslublari va mexanizmlarini keng joriy etish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni tayyorlash;
• hududlarning investitsion va resurs salohiyatidan samarali foydalanish, kichik biznes, innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish va investitsion muhitni yaxshilash hisobiga iqtisodiyotdagi mintaqalararo nomutanosibliklarni qisqartirishni nazarda tutadigan hududlarni kompleks va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyalari va dasturlarini ishlab chiqish;
• resurs tejovchi ilg‘or va innovatsion texnologiyalarni joriy etishning strategik yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlash, iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish va rivojlantirish;
• mamlakatimizda oziq-ovqatning davlat zaxirasi va xavfsizligi strategiyasini shakllantirishning metodologik asoslarini ishlab chiqishda ko‘maklashish;
• keyinchalik mehnat resurslarining prognoz balanslarini, shuningdek aholiga taqdim etiladigan ijtimoiy xizmatlar  ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan innovatsion chora-tadbirlar va mexanizmlarni ishlab chiqqan holda demografik rivojlanishning o‘rta muddatli va uzoq muddatli prognozlarini shakllantirish;
• aholi turmush darajasi va sifatining turli ko‘rsatkichlari, farovonligi dinamikasi, shu jumladan, uning daromadlari miqdorlari va manbalarini, iste'mol xarajatlari tarkibini tizimli ravishda tahlil qilish;
• keyinchalik aholining xarid qobiliyati yanada o‘sishini ta'minlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqqan holda eng kam iste'mol savatchasi va yashash minimumini hisob-kitob qilish;
• ommaviy axborot vositalari va ilmiy materiallarda, mahalliy va xorijiy ekspertlar, biznes doiralar vakillarini jalb qilgan holda konferensiyalar, “davra suhbatlari” va seminarlarda iqtisodiy islohotlar natijalari keng muhokama qilinishini tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
 
2. Ijtimoiy tadqiqotlar instituti unga ijtimoiy sohada tadqiqotlar o‘tkazish vazifalari yuklatilgan holda Byudjyet-soliq tadqiqotlari institutiga aylantirildi. Ilgari Vazirlar Mahkamasiga qarashli bo‘lgan ushbu muassasa Moliya vazirligiga qayta o‘tkazildi.
 
Quyidagilar mazkur institutning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

• byudjyet-soliq va bojxona-tarif siyosati sohasida ilmiy-tadqiqot fundamental va amaliy ishlarini tashkil etish va o‘tkazish, ularni takomillashtirish, byudjyet jarayoni va soliq ma'muriyatchiligi samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish, mahalliy byudjyetlarning daromad bazasini mustahkamlash;
• byudjyet-soliq va bojxona-tarif siyosatini takomillashtirish masalalari bo‘yicha Moliya vazirligini uslubiy va tahliliy jihatdan ta'minlash;
• moliyaviy sektorni rivojlantirish tamoyillarini hamda byudjyet-soliq va bojxona-tarif siyosati sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish,  byudjyetlashtirish uslublarining tizimli muammolarini aniqlash va samaradorligini oshirish, mintaqalarning byudjyet jihatdan o‘zini o‘zi ta'minlashiga erishish;
• Davlat byudjyetining daromad va xarajat qismini rejalashtirish va prognozlashtirishning innovatsion uslublarini, byudjyet tashkilotlarini moliyalashtirish, byudjyet tizimi byudjyetlarini ijro etishning potensial tavakkalchiliklari shakllantirilishi ustidan davlat moliyaviy nazorati va monitoringi mexanizmlarini ishlab chiqish;
• Pensiya ta'minoti tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni shakllantirish, byudjyet, soliq va bojxona qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
• ilmiy tadqiqotlar natijalarini ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan televideniye va internet-resurslarda keng yoritish, shuningdek aholining moliyaviy savodxonligini oshirishda faol ishtirok etish.
 
Hujjat 30.05.2018 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: