May oyida qanday mahsulot va xizmatlar qimmatlashdi?

Iqtisodiyot 14:43 / 01.06.2018 27237

2018 yilning may oyida iste'mol bozoridagi tovar va xizmatlar narxi o‘rtacha 0,8%ga ko‘tarildi. Shundan, mahsulotlar narxi oy davomida o‘rtacha 0,4%ga hamda xizmatlar 2,1%ga qimmatlashdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Joriy yilning may oyi davomida xizmatlar tarifi narxlarining o‘sish tendensiyasi aprel oyidagi kabi tovarlar narxlarining o‘sishi sur'atidan yuqoriligini saqlab qoldi.

Tahlil ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida asosiy guruhlar bo‘yicha narxlarning o‘zgarishi va ularning iste'mol narxlari indeksi (keyingi o‘rinlarda INI)ning o‘sishiga mahsulotlar 0,3 foiz darajasida (f.d.) hamda xizmatlar 0,5 f.d.da ta'sir ko‘rsatgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari oy davomida o‘rtacha 0,2%ga qimmatlashib, bu esa INIning umumiy o‘sishiga 0,1 f.d.da ta'sir ko‘rsatdi.

Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ichida narxlarning o‘sishi hamda pasayishi bo‘yicha yetakchilik mos ravishda mevalar (o‘sish sur'ati 4,8%) hamda sabzavotlar (pasayishi 13,6%) guruhiga tegishlidir.

Ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan alkogolsiz ichimliklar (0,9%) va tuxum (0,4%) narxlari birmuncha sezilarli darajada qimmatlashdi.

Boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rtacha narxlarida jiddiy o‘zgarishlar deyarli kuzatilmadi.

Joriy yilning may oyida nooziq-ovqat mahsulotlar narxlarining o‘sish darajasi birmuncha barqaror sur'atlarda saqlanib qoldi. Oy davomida narxlar o‘rtacha 0,6%ga qimmatlashib, bu esa INIning umumiy o‘sishiga 0,2 f.d.da ta'sir ko‘rsatdi.

«UzBAT A.O.» QK AJ ishlab chiqarayotgan mahsulotlari narxining oshirishi natijasida iste'mol bozorlarida sotilayotgan tamaki mahsulotlarining umumiy narxlari qimmatlashishiga sabab bo‘ldi.

2018 yilning may oyida ham qurilish materiallari narxlari o‘sishdan to‘xtamadi. 

Yoqilg‘i-moylash materiallari bozori kon'yunkturasining va ular bilan bog‘liq birja narxlarining o‘zgarishi natijasida aholiga avtomobillarga yoqilg‘i quyish shahobchalari orqali sotiladigan propan hamda metan narxlarining (mos ravishda 5,3% i 0,9%) qimmatlashishiga olib keldi. Ayrim turdagi nooziq-ovqat mahsulotlaridan oyoq kiyim va avtomobillar uchun ehtiyot qismlar narxlari 0,5%, kiyim-kechak, oshxona jihozlari, aloqa vositalari hamda bosma nashr mahsulotlari 0,4%, asosiy turdagi maishiy jihozlar va elektr asboblar, shuningdek, gilam va gilam mahsulotlari narxi o‘rtacha 0,2%ga qimmatlashdi. Televizor ishlab chiqaruvchi mahalliy tadbirkorlar o‘z mahsulotlari narxini pasaytirganliklari natijasida ushbu turga mansub tovarlar narxi iste'mol bozorida o‘rtacha 1,8%ga arzonlashdi.

Ayrim turdagi nooziq-ovqat mahsulotlaridan oyoq kiyim va avtomobillar uchun ehtiyot qismlar narxlari 0,5%, kiyim-kechak, oshxona jihozlari, aloqa vositalari hamda bosma nashr mahsulotlari 0,4%, asosiy turdagi maishiy jihozlar va elektr asboblar, shuningdek, gilam va gilam mahsulotlari narxi o‘rtacha 0,2%ga qimmatlashdi. Televizor ishlab chiqaruvchi mahalliy tadbirkorlar o‘z mahsulotlari narxini pasaytirganliklari natijasida ushbu turga mansub tovarlar narxi iste'mol bozorida o‘rtacha 1,8%ga arzonlashdi.

Aholi uchun xizmatlar may oyi davomida o‘rtacha 2,1%ga ko‘tarildi. Bu esa INI umumiy o‘sishiga 0,5 f.d.da ta'sir etdi.

Aholi uchun uy-joy kommunal to‘lov tariflari oy davomida o‘rtacha 2,3%ga oshdi.

Navoiy viloyatidan tashqari mamlakatning barcha hududlarida sovuq suv va kanalizatsiya uchun to‘lovlar joriy yilning may oyidan e'tiboran oshirildi. Navoiy viloyatida ushbu soha bo‘yicha narxlar mart oyida oshirilgandi. Narxlarning sezilarli darajada qimmatlashishi Toshkent shahri (22,4%) va Qashqadaryo viloyatida (20,4%) kuzatilgan bo‘lib, narxlarning birmuncha past sur'atlarda o‘sishi esa Sirdaryo (7,0%) hamda Namangan (7,4%) viloyatlari hududida qayd etilgan.

Shu yilning may oyidan boshlab aholi uchun issiq suv hamda issiqlik ta'minoti tariflarida yangi narxlarning joriy qilinishi hududlardagi issiqlik yetkazib beruvchi tashkilotlarning «Issiqlik manbai» korxonalari bilan deklaratsiya asosidagi yangi shartnoma narxlarining kuchga kiritilishi bilan bevosita bog‘liqdir. Issiq suv hamda issiqlik ta'minoti narxlarining eng yuqori sur'atlarda oshishi Jizzax (mos ravishda 34,6% va 34,5%) hamda Xorazm viloyatlari (ikkita tarif 22,7%) hududida qayd etildi. Narxlarning aksincha, past sur'atlarda o‘sish holati Samarqand viloyatida kuzatilgan (issiq suv hamda issiqlik ta'minoti narxlari 4,3%ga qimmatlagan). Navoiy viloyatida esa narxlar 2018 yilning mart oyida oshirilgandi.

XUJMSh to‘lovlari mamlakatning olti hududida oshganligini qayd etilgan bo‘lib, bu sohada narxlarning sezilarli darajada qimmatlashganligi Surxondaryo viloyatida 1,7 barobar, Sirdaryo viloyatida esa ushbu ko‘rsatkich bor yo‘g‘i 1,8%ni tashkil etgan.

Yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari narxi oy davomida o‘rtacha 2,3%ga oshdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Andijon, Namangan va Samarqand viloyati xokimliklari qaroriga asosan ushbu hududlardagi shahar avtobus transportlarida yo‘l haqi to‘lovlari oshirilgan. Andijon va Namangan viloyatlarida ushbu ko‘rsatkich o‘rtacha 66,7%, Samarqand viloyatida 33,3% hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 28,6%ni tashkil etgan.

Uzoq masofaga qatnovchi temir yo‘l transporti chiptalarining narxi oy davomida 9,3%ga arzonlashdi (so‘mga nisbatan Shveytsariya franki kursining pasayishi, shuningdek, bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha bazoviy tariflarga nisbatan indeksatsiya koeffiyentlarining kamaytirilganligi natijasida narxlarda pasayish holatlari kuzatilgan).

Samolyot chiptalarining narxlari o‘rtacha 3,0%ga arzonlashishi so‘mga nisbatan yevro kursining pasayishi oqibatida vujudga keldi.

Maishiy turdagi xizmatlar narxi oyda o‘rtacha 1,0%ga qimmatlashdi.

Ushbu guruhdagi ayrim tur xizmatlardan hammom va dush xizmatlari (2,9%), pullik avtoturargoh xizmatlari (1,8%), elektr jihozlari hamda uy-joy ta'miri xizmatlari (1,0%) narxlari qolgan xizmat narxlariga nisbatan sezilarli darajada qimmatlashdi.

Umumiy mehmonxona xizmatlarining oshishi bir qator hududlardagi mehmonxona nomerlarida yashash narxlarining qimmatlashganligi natijasida yuzaga keldi. An'anaviy turizm maskanlari Samarqand hamda Xorazm viloyatlarida narxlarning o‘sishi birmuncha yuqoriroq darajada (mos ravishda 18,8% va 17,2%) bo‘lishi bilan bir qatorda Andijon viloyatida ushbu ko‘rsatkich bor yo‘g‘i 2,0%ni tashkil etgan.

Ko‘proq yangiliklar: