Davlat byudjyeti YaIMga nisbatan 0,1 foiz profitsit bilan ijro etilgan

Iqtisodiyot 09:04 / 01.06.2018 4956

Joriy yilning 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2017 yilgi hamda 2018 yilning birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqdilar.

Qonunchilik palatasining axborot xizmatiga ko‘ra, taqdim etilgan hisobotlar palataning Byudjyet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasida, siyosiy partiyalar fraksiyalarining va O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhining majlislarida dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan edi.

Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha qabul qilingan Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarini tubdan rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan chora-tadbirlar natijasida iqtisodiyotni barqaror, muvozanatlashtirilgan holda rivojlantirilishi va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur'atlari ta'minlandi.

Majlisda valyuta siyosatini liberallashtirish va tashqi savdo faoliyati sohasini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, uning eksport salohiyatini oshirish, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishlarni yaratish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilayotganligi ta'kidlanib, bularning natijasida 2017 yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotining 5,3 foiz, sanoat ishlab chiqarish hajmi – 7,0 foiz, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi – 2,0 foiz, xizmatlar  – 8,9 foiz hamda qurilish – 5,6 foizga o‘sishi ta'minlanganligi qayd etildi. 

Shu bilan birga, tushumlar barqarorligiga erishilganligi hamda byudjyet mablag‘laridan samarali foydalanishni ta'minlash orqali Davlat byudjyeti 337,3 mlrd. so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etilgan.

Hisobot davrida Davlat byudjyeti xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilganligi ta'minlanib, hukumat tomonidan asosiy e'tibor byudjyet xarajatlarining samaradorligini ta'minlash, ijtimoiy xizmatlarning sifatini oshirish, birinchi darajali to‘lovlar bo‘yicha xarajatlarni to‘liq va o‘z vaqtida moliyalashtirish hamda byudjyetlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish borasida qator chora-tadbirlar ishlab chiqilib, bugun hayotga joriy etilayotganligi, Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining belgilangan parametrlar doirasida ijro etilishida asosiy omil bo‘lganligi qayd etildi.
Chunonchi, ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjyeti xarajatlarining 55,2 foizi miqdorida mablag‘ sarflandi. 

Taqdim etilgan hisobotlar deputatlar va senatorlar tomonidan joylardagi haqiqiy holatni o‘rganish hamda nazorat-tahlil faoliyatini amalga oshirish jarayonlarida Davlat byudjyeti mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, hududlarda ijtimoiy infratuzilmani  rivojlantirish borasida hali yechimini kutayotgan masalalar borligiga qaratib, joriy yilning birinchi choragida mahalliy byudjyetlar daromadiga 874,0 mlrd. so‘m qo‘shimcha tushgan mablag‘larni aynan shu masalalarni hal etishga yo‘naltirish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi taklifni ilgari surdilar.
 

Ko‘proq yangiliklar: