Adoqsiz navbat: Ota-onamizni Haj safariga jo‘natish shu qadar muammomi?

Jamiyat 16:39 / 30.05.2018 31219

1980-yillar oxiri... “Bolam, tur o‘rningdan”, - dedi onam. - “Tezda do‘konga borib, navbatni olgin. Hozir non keladi va tezda tugab qoladi. Ba'zi bir qo‘shnilarimiz soat oltida chiqib, navbat olishgan. Hozir bormasang, kech qolasan. Men ortingdan chiqaman”.

2018 yil. “Bolam, ishdan chiqib, mahalla fuqarolar yig‘iniga bir o‘tib kel”, - dedi onam.  – “Hajga qachon ketarkinmiz, navbatimiz keldimikin? Mana, navbatga turganimizga ham 2 yil bo‘lib qoldi, kuchdan ham qolyapman, oyog‘im og‘riydi. Bir navbatni tekshirib kel-chi”.

Oradan sal kam 30 yil o‘tdi. Haliyam onam navbat muammosi bilan yuribdi. Unda nonga navbatga turardik, endi esa Hajga. Sochiga oq, yuziga ajin tushgan bechora onam. Nima qilayki, sizni Hajga jo‘natsam. Meni kiyintirdingiz, yedirdingiz, o‘qitdingiz, uylantirdingiz, hattoki, hozir ham bir kunda 2-3 marotaba qo‘ng‘iroq qilib turasiz. Men esa sizni Hajga jo‘nata olmayman.

O‘tgan yili do‘stim bir voqeani aytib berdi. Allohning taqdiri bilan 2 yil oldin tanishining onasi vafot etibdi.

O‘sha kuni uyiga bordik. Janoza ham o‘tdi. Tanishim bir yig‘laydi, bir yig‘laydi. Shu orada uning bir gapi miyamda muhrlanib qoldi. U onasini Hajga jo‘natmoqchi bo‘lgan ekan. Navbat kelmay, mana vafot etibdi. Uning rahmatli onasi hattoki pensiyani ham Hajga deb yig‘ib yurgan ekan. Bechora, armoni ichida qoldi, deb voqeani aytib berdi do‘stim.

Nahotki, shu darajaga yetib keldik?! To‘g‘risini aytganda, bu bittagina voqea emas, chunki bunday holatlar Vatanimizning ko‘plab joylarida uchrab turadi. Qanchadan qancha odamlar ota-onasini Hajga jo‘nata olmay, armon qilib o‘tirishibdi. Buning hisobi bormi?

Navbat haqida gapirar ekanmiz, bu muammo sifat va xavfsizlik masalasi bilan bog‘liq ekan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasur Akramovning ta'kidlashicha, «O‘zbekistonda Haj ibodatiga boruvchilar uchun kvotalar ko‘paymoqda, ammo sifat va xavfsizlik masalasini o‘ylash kerak».

Qo‘mita raisining aytishicha, ibodat qiluvchilarga tibbiy yordam ko‘rsatish, ularga yuqori sifat talablariga mos ravishda xizmat qilish - Haj ibodati bekamu-ko‘st amalga oshirilishida yordam beradi.

«Kvotani 20 ming kishi uchun oshirish mumkin, ammo ibodatni durust bajarish uchun o‘ziga yarasha amallar bor, Islomda Hajga qadar farz qilingan ibodatlarni ham bajarish lozim», dedi rais Xalqaro press-klub sessiyastida.

Bundan tashqari, Haj ibodati nega O‘zbekistonda qo‘shni mamlakatlar bilan solishtirganda qimmat ekaniga oydinlik kiritildi.

«Gap shundaki, bizning hojilarimizga, yuqorida ta'kidlaganimdek, yuqori sifatli xizmatlar taqdim etiladi. Mehmonxona va ovqatlanish, transport xizmatlari o‘z vaqtida, muhayyo etiladi. Qolaversa, bir necha yillardan buyon o‘zbekistonlik hojilar delegatsiyasi «Eng namunali ziyoratchilar» nominatsiyasida g‘olib bo‘lib kelishadi», deydi qo‘mita raisi.

Tabiiy savol tug‘iladi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga nominatsiya bo‘yicha g‘oliblik kerakmi yoki savob ishmi? Bir necha yillardan buyon g‘oliblik qilayotgan bo‘lsangiz, bu yerda boshqa odamlar bir necha yillardan beri ota-onasini Hajga jo‘nata olmay o‘tiribdiku? Shular inobatga olinadimi?

Qo‘shni davlatlar bilan ham solishtirib chiqilganda, haqiqatan ham Haj safari O‘zbekistonda qimmat ekaniga amin bo‘lamiz.

Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2018 yilgi Haj mavsumi uchun sarf-xarajatlar eng yuqori darajada ko‘rsatiladigan barcha xizmatlarni inobatga olgan holda va Jamoatchilik kengashining qaroriga asosan 38 mln so‘m (4750 AQSh dollari) etib belgilangan.

Tegishli ma'lumotlar solishtirilganda shunisi ma'lum bo‘ladiki, Qozog‘istonda sarf-xarajatlar 4000 AQSh dollariga teng, Tojikistonda – 3280 va eng arzoni Qirg‘izistonda – 2800 AQSh dollari.

Tabiiy savollar tug‘iladi: «Nima, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston hojilarining haj safaridagi sharoitlari shu darajada yomonmi? Yoki ularning ibodati to‘la-to‘kis bo‘lmayaptimi?».

O‘ylaymizki, bu savollarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita jo‘yali javob beradi. Qolaversa, yurtimizda o‘z navbatini kutib turgan o‘n minglab fuqarolarni Haj safariga jo‘natish masalasini ijobiy hal etadi.

Ulug‘bek Akbarov

Ko‘proq yangiliklar: