Markaziy bankning respublika iste'mol bozorida narxlarning o‘zgarishi bo‘yicha muntazam kuzatuvlari shuni ko‘rsatmoqdaki, mayning birinchi to‘rt haftasi mobaynida kuzatilgan tovarlar va xizmatlar guruhining narxi jami 0,6 foizga pasaygan, shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlari 1,1 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari - 0,9%, xizmat ko‘rsatish hajmi esa 1%ga ko‘tarildi. Bu haqda idora xabarida aytiladi.
«Narxlar dinamikasi, asosan, valyuta kursining mustahkamlanishi, tashqi savdo sharoitlari va raqobat muhitining yaxshilangani, iste'mol bozoriga sabzavotlarning yangi hosili kelib tushgani kabi omillar ta'sirida shakllandi. Barqarorlikning eng muhim omillaridan biri aholi va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning inflyatsiya taxminlarini bosqichma-bosqich pasaytirishdan iborat bo‘ldi», - deyiladi xabarda.
Markaziy bankning ta'kidlashicha, oziq-ovqat narxlarining umumiy pasayishiga qaramasdan, ushbu guruh ichidagi narx dinamikasi ko‘p tomonlama bo‘lgan.
Xususan, bozorlarga pomidor, bodring va kartoshka yangi hosili katta miqdorda kelib tushgani tufayli bu tovarlar narxi mos ravishda 63,8%, 30,2% va 27,6%ga kamaydi. Bundan tashqari, sariyog‘ narxi 2,4%ga, tovuq go‘shti esa 1,3%ga pasaygan.
"Shu bilan birga, guruch o‘rtacha 16,7%ga qimmatlashdi. O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, guruch narxi ko‘tarilishining asosiy sabablari - qurg‘oqchil yil, avvalgi yillarga nisbatan sug‘orish suvi tanqisligi, ekin maydonlarining ehtimoliy kamayishi, shuningdek, yetkazib beruvchilar tomonidan guruch yetkazib berilishining kechiktirilishi», - deya qayd etadi MB.
Shu bilan birga, guruch narxi darajasini barqarorlashtiruvchi omili sifatida uning import hajmlarini kengaytirish, ushbu mahsulotga ichki bozorda barqaror talabni ushlab turish aylanishi mumkin, deb hisoblaydi idoradagilar.
Go‘sht mahsulotlari narxining o‘rtacha darajada o‘sishi kuzatildi: xususan, mol go‘shti va qo‘y go‘shti mos ravishda 5% va 3,7%ga qimmatlashdi.
«Ushbu sohadagi mutaxassislar va fermerlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, bu o‘sish chakana bozorda birja narxlarining avvalgi darajada saqlanib qolishiga qaramay, ozuqa narxining oshishi, shuningdek, past darajadagi yog‘ingarchilik tufayli yaylovlarda o‘simliklar qoplamasi pastligi bilan bog‘liq», - deya aniqlik kiritgan MB.
Nooziq-ovqat tovarlar, xususan, maishiy texnika va shaxsiy gigiyena vositalari narxi asosan chegara hududlarda tashqi savdoning oshgani, iste'mol bozorining ushbu segmentlarida raqobat muhiti bosqichma-bosqich yaxshilanayotgani va milliy valyuta kursining mustahkamlanishi sharoitida shakllandi.
«Televizorlar 8 foizga, changyutgichlar 4,4 foizga, muzlatgichlar va elektr choynaklarga 1,8 foizga, sovun 3,5 foizga, shampunlar 1,9 foizga arzonlashdi», - deyiladi xabarda.
Joriy yilning aprel oyida tabiiy gazga bo‘lgan tariflarning oshishi avtomobillar va yo‘lovchi tashish bo‘yicha xizmatlar narxining oshishiga olib keldi.
Idoraga ko‘ra, respublika bo‘ylab shahar avtobuslarida narx o‘rtacha 13,7 foizga o‘sdi, avtomobil transporti bilan yuk tashuvlari - 1,6 foizga. Shuningdek, tibbiy xizmatlar uchun tariflarning 2,4 foizga oshishi kuzatildi.