“Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom” loyihasi normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida e'lon qilindi.
Nizomga ko‘ra, chet el valyutasini sotib olish va sotish kurslari tijorat banklari tomonidan chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklifni hisobga olgan holda mustaqil ravishda belgilanadi.
Operatsion kun davomida tijorat banki tomonidan chet el valyutasini sotib olish va sotish kursi o‘zgartirilishi mumkin.
Bank tomonidan valyuta ayirboshlash xizmatlari ko‘rsatish tijorat banki rahbarining buyrug‘iga asosan bankning tegishli tarkibiy bo‘linmasiga yuklatiladi.
Tarkibiy bo‘linma tomonidan chet el valyutasini rezident jismoniy shaxslarga, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarga sotish xalqaro to‘lov kartalaridan foydalangan holda naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladi.
Tarkibiy bo‘linmada to‘lov terminallari, hisoblash texnikasi, tegishli dasturiy ta'minotga ega “Banklararo yagona elektron tizim”ga ulangan kompyuter texnikasi, telefon aloqasi, yonmaydigan temir seyf, yong‘in xavfsizligi signalizatsiyasi va videokuzatuv kameralari bo‘lishi lozim.
Bank rahbarining tegishli buyrug‘isiz tarkibiy bo‘linma xodimlari tomonidan o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni boshqa shaxslarga topshirish taqiqlanadi.
Xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha qabul qilingan milliy valyutani chet el valyutasiga yoki xalqaro to‘lov kartalari orqali to‘lovlar amalga oshirilganda chet el valyutasini milliy valyutaga avtomatik tarzda ayirboshlash operatsiyalari bankning tegishli bo‘linmasi tomonidan amalga oshiriladi.
Rezident jismoniy shaxs chet el valyutasini sotib olish uchun tijorat bankining tarkibiy bo‘linma mutaxassisiga tijorat banki belgilagan shakldagi ariza hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjatini, yakka tartibdagi tadbirkor esa qo‘shimcha ravishda guvohnoma taqdim etadi va tarkibiy bo‘linma mutaxassisi hujjatlardan nusxa oladi.
Tarkibiy bo‘linma tomonidan rezident jismoniy shaxsga chet el valyutasi bankning chakana amaliyotlar kassasiga topshirilgan naqd milliy valyuta yoki bank kartasidagi yoxud depozit hisobvarag‘idagi milliy valyuta miqdori doirasida sotish operatsiyasi amalga oshiriladi.
Chet el valyutasi uchun to‘lov rezident jismoniy shaxs tomonidan milliy valyutada tijorat bankining operatsiya bajariladigan kundagi sotish kursida amalga oshiriladi va tegishli tasdiqlovchi hujjatning (chek va boshqa) asl nusxasi mijozga beriladi, nusxasi esa kunlik hujjatlarga tikib qo‘yiladi.
Chet el valyutasi 09017-shakldagi ma'lumotnoma va pul mablag‘lari to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov hujjati asosida rezident jismoniy shaxsning xalqaro to‘lov kartasi hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.
Rezident jismoniy shaxsning xalqaro to‘lov kartasi mavjud bo‘lmaganda, bank va rezident jismoniy shaxs o‘rtasida chet el valyutasida bank hisobvarag‘ini ochish to‘g‘risida ikki tomonlama shartnoma tuziladi hamda bank tomonidan shartnomaga asosan uning nomiga chet el valyutasida bank hisobvarag‘i ochiladi. Shartnomaning bir nusxasi rezident jismoniy shaxsga beriladi, ikkinchi nusxasi esa, kunlik hujjatlarga tikib qo‘yiladi. Shartnomalar davlat tilida tuziladi, zarur hollarda, rus yoki qoraqalpoq tilida ham tuzilishi mumkin.
Jismoniy shaxslar – xalqaro to‘lov kartalaridagi mablag‘larni chakana amaliyotlar kassalari, valyuta ayirboshlash shoxobchasidagi to‘lov terminallari, avtomatlashtirilgan bank shoxobchasi yoki bankomatlar orqali naqd shaklda yechib olishlari mumkin. Bunda, jismoniy shaxsga naqd mablag‘lar bilan birga tegishli to‘lov hujjatlari beriladi.
Rezident jismoniy shaxslar tijorat bankining maxsus dasturdan foydalangan holda chet el valyutasini sotib olish, sotish va qonunchilikka muvofiq boshqa operatsiyalarni amalga oshirishlari mumkin.
Bunda, foydalanuvchi maxsus dasturni kompyuter (planshet, telefon)ga yuklab oladi hamda undan foydalanish shartlari bilan bog‘liq afertani aktseptlaydi.
Tijorat bankining maxsus dasturdan foydalangan holda valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirishlari uchun rezident jismoniy shaxs nomiga bank kartasi va xalqaro to‘lov kartasi ochilgan bo‘lishi lozim.
Bunda, muayyan tijorat bankining maxsus dasturdan foydalanilganda, xuddi shu tijorat bankining xalqaro to‘lov kartasi foydalanuvchisi nomiga ochilgan bo‘lishi lozim.
Tijorat bankining avtomatlashtirilgan bank shoxobchasi hamda maxsus dastur orqali amalga oshirilgan valyuta ayirboshlash operatsiyalari to‘g‘risida tegishli ma'lumotlarni tarkibiy bo‘linma mutaxassisi tomonidan kunlik shakllantirib boradi.
Valyuta ayirboshlash shoxobchasi tijorat bank rahbarining buyrug‘iga asosan ochiladi. Valyuta ayirboshlash shoxobchasini ochish to‘g‘risidagi buyruqda valyuta ayirboshlash shoxobchasining joylashgan joyi (pochta manzili), xodimlarining shtat birligi, shoxobcha faoliyatiga rahbarlik qiluvchi va uni nazorat qiluvchi mansabdor shaxslar ko‘rsatilishi kerak.
Tijorat banki valyuta ayirboshlash shoxobchasini ro‘yxatga olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining tegishli Bosh boshqarmasiga valyuta ayirboshlash shoxobchasini ochish to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirmani ilova qilib, yozma ravishda murojaat qiladi. Bosh boshqarma tomonidan 3 ish kuni ichida valyuta ayirboshlash shoxobchasi ro‘yxatga olinib, tijorat bankiga guvohnoma yuboriladi.
Valyuta ayirboshlash operatsiyalarini tijorat bankining chakana amaliyotlar kassalarida amalga oshirish mazkur bandda ko‘rsatilgan guvohnoma mavjud bo‘lgan hollarda ruxsat etiladi.
Valyuta ayirboshlash shoxobchalari “Banklar va ularning filiallarini Ichki ishlar idoralari huzuridagi qo‘riqlash bo‘linmalari tomonidan qo‘riqlashni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma” (ro‘yxat raqami 2128-xfu, 2010 yil 31 iyul) talablari asosida jihozlangan bo‘lishi shart.
Bank (filial) va Ichki ishlar huzuridagi qo‘riqlash bo‘linmalari o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida valyuta ayirboshlash shoxobchalari bank ish kuni davomida tashvish xabarlari yuboriladigan Texnik qo‘riqlash punkti (TQP)ga ulangan bo‘lishi lozim. Shuningdek, valyuta ayirboshlash shoxobchalarining qo‘riqlash va yong‘indan ogohlantiruvchi signalizatsiya vositalari bank ish kuni tugaganidan so‘ng, TQPga ulangan bo‘lishi shart.
Valyuta ayirboshlash shoxobchasining ish tartibi u faoliyat yuritayotgan tashkilot ish vaqti bilan kelishilishi lozim.
Valyuta ayirboshlash shoxobchasida quyidagi operatsiyalar amalga oshirilishi mumkin:
jismoniy shaxslardan naqd chet el valyutasini naqd milliy valyutaga sotib olish;
norezident jismoniy shaxslarga naqd chet el valyutasini sotish;
jismoniy shaxslarning xalqaro to‘lov kartalaridagi chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlab berish;
jismoniy shaxslarning xalqaro to‘lov kartalaridan naqd pul mablag‘larni mijozning xohishiga ko‘ra milliy yoki chet el valyutasida yechib berish;
jismoniy shaxslarning chet el valyutasini inkassoga qabul qilish;
haqiqiyligi shubha tug‘dirgan chet el valyutalarini jismoniy shaxslardan ekspertizaga qabul qilish;
jismoniy shaxslarning chet el valyutasini o‘sha chet el valyutasiga maydalab yoki yirik pul miqdorida berish;
jismoniy shaxslarning shikastlangan chet el valyutasini shikastlanmagan shu turdagi chet el valyutasiga almashtirib berish;
jismoniy shaxslarga bir xorijiy davlatning naqd valyutasini boshqa xorijiy davlatning naqd valyutasiga almashtirib berish (konversiya);
O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasida qonun hujjatlarda belgilangan bojxona to‘lovlarini va yig‘imlarini qabul qilishi.
Valyuta ayirboshlash operatsiyalari bo‘yicha undiriladigan vositachilik haqi miqdori tijorat banki tomonidan mustaqil belgilanadi (chet el valyutasini sotish va sotib olish operatsiyalari bundan mustasno).
Valyuta ayirboshlash shoxobchasining nazoratchisi:
qimmatliklar solingan xaltachalarni qabul qiladi, ularni ochishda ishtirok etadi hamda undagi qimmatliklar kam yoki ortiq chiqqan hollarda, ikki nusxada dalolatnoma tuzadi, ushbu dalolatnomani kassir bilan birga imzolaydi va uning bir nusxasini bankka yuboradi;
ayirboshlash uchun taqdim etilgan milliy va chet el valyutasi ekvivalentini hamda vositachilik haqini hisoblaydi;
amalga oshirilgan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini tegishli reyestrga qayd etadi;
ma'lumotnomalarni to‘ldiradi hamda imzolaydi;
amalga oshirilgan valyuta ayirboshlash operatsiyalari bo‘yicha hujjatlarni ish kuni oxirida imzolaydi;
ish kuni oxirida qolgan qimmatliklarni dastalari bo‘yicha sanab chiqadi va bu qimmatliklarning dastalari bo‘yicha xaltalarga to‘liq solinishini nazorat qiladi;
amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risida hisobot tuzadi va uni tegishli reyestrlar va ma'lumotnomalar nusxalari asosida tekshirib chiqib, imzolaydi;
qimmatliklarning amaldagi qoldiqlarini amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risidagi hisobot bilan solishtiradi va qimmatliklar ortiq yoki kam chiqqan hollarda, ikki nusxada dalolatnoma tuzadi va uni kassir bilan birga imzolaydi. Uning bir nusxasi bankka yuboradi va ikkinchi nusxasi valyuta ayirboshlash shoxobchasining kunlik hujjatlariga tikib qo‘yiladi;
shubhali operatsiyalar haqida zudlik bilan bankning Ichki nazorat xizmatiga yozma ravishda xabar beradi.
Valyuta ayirboshlash shoxobchasining kassiri:
qimmatliklarni olish uchun buyurtmanomalarni tuzib tijorat bankiga taqdim etadi;
inkassatorlar olib kelgan qimmatliklar solingan xaltalarni qabul qilib oladi hamda xaltalarni nazoratchi ishtirokida ochadi yoki tijorat banki kassasidan qimmatliklarni qabul qilib, valyuta ayirboshlash shoxobchasiga olib keladi;
almashtirish uchun taqdim etilgan banknotlarning haqiqiyligi va to‘lovga yaroqliligini tekshiradi;
reyestrlar va ma'lumotnomalarni, shuningdek nazoratchi tomonidan tuzilgan dalolatnomalarni imzolaydi;
ish kuni oxirida qolgan qimmatliklarni sanaydi, ularni saralab dastalaydi va nazoratchi kuzatuvida qimmatliklarni xaltalarga joylaydi.
Quyidagilar taqiqlanadi:
milliy valyutani chet el valyutasiga sirtdan almashtirish;
tegishli ma'lumotnoma bermasdan, valyuta ayirboshlash operatsiyalarini ko‘rsatish;
valyuta ayirboshlash operatsiyasini bajarmay turib, tegishli ma'lumotnomalar berish;
valyuta ayirboshlash shoxobchasida chet el valyutasidagi va eng kam oylik ish haqining yarmidan ortiq miqdorda milliy valyutadagi shaxsiy jamg‘armalarning bo‘lishi.
Valyuta ayirboshlash shoxobchasida jismoniy shaxslardan chet el valyutasi cheklanmagan miqdorda sotib olinadi.
Valyuta ayirboshlash shoxobchasi tomonidan amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risidagi ma'lumotlar elektron tizimga kiritilishi lozim.
Chet el valyutasini sotib olishda operatsiya eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdoriga teng bo‘lgan yoki undan oshgan hollarda, jismoniy shaxslardan shaxsini tasdiqlovchi hujjat talab etiladi hamda ularning nusxasi kunlik hujjatlarga tikib qo‘yiladi.
Valyuta ayirboshlash shoxobchasida shikastlangan chet el valyutasini shikastlanmagan shu turdagi chet el valyutasiga almashtirib berish operatsiyalari amalga oshirilishi mumkin.
Eng kam oylik ish haqining 500 baravari yoki undan oshgan ekvivalentdagi bunday operatsiyalar jismoniy shaxslar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim qilingan holda amalga oshiriladi.
Chet el valyutasi quyidagi hollarda shikastlangan hisoblanadi:
siyqalangan va ifloslangan bo‘lsa;
yopishtirib qo‘yilgan yirtilgan burchaklari yoki qismlari bo‘lsa;
banknot yopishtirib qo‘yilgan va unchalik katta bo‘lmagan yirtiqlarga ega bo‘lsa;
mayda moy dog‘lari va boshqa dog‘lar, yozuvlar va muhrlar o‘rni bo‘lganda va ular banknotning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan va to‘lovga yaroqlilikning asosiy belgilarini 50 foizidan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan bo‘lsa;
banknotlar mayda teshiklarga ega bo‘lganda.
Bunda emitent bank nomi, valyuta qiymatining raqamlari va so‘z bilan ko‘rsatilishi, seriya va tartib raqami, old va orqa tomonining asosiy rasmi (surati), shuningdek qalbakilashtirishdan himoya qiluvchi elementlari (suv belgisi, magnitli belgilar, qog‘ozga kiritilgan rangli tolalar, jumladan, ultrabinafsha nurlarda ko‘rinadigan tolalar, konfetti, himoya iplari, mikromatn, nur sochuvchi rasmlar va boshqalar) va boshqa asosiy belgilarini saqlab qolgan bo‘lishi lozim.
Chet el valyutasi quyidagi hollarda yaroqsiz hisoblanadi:
to‘lovga yaroqlilikning asosiy belgilarini saqlab qolmagan bo‘lsa;
dastlabki rangi o‘zgargan yoki rangi o‘chgan bo‘lsa;
yongan yoki kuygan holatda bo‘lsa;
to‘lovga yaroqlilikning asosiy belgilarini 50 foizidan ortiq qismiga bo‘yoq yoki siyoh to‘kilgan bo‘lsa;
banknotda kimyoviy reaktivlar ta'siri bo‘lsa;
muayyan darajada qasddan shikastlangan (asosiy rasmlari, xususan nominali o‘zgartirilgan, himoya ipchalari olib tashlangan, katta hajmdagi yozuvlar bo‘lgan) bo‘lsa;
emitent bank tomonidan muomaladan chiqarilgan bo‘lsa;
banknotlar aniq bosma xatoga ega bo‘lgan (suv belgisi yoki himoya ipchalarining yo‘qligi yoki noto‘g‘ri joylashganligi), tasvirlari to‘liq bosilmagan yoki surkalib ketgan bo‘lsa.
To‘lovga yaroqsiz pul belgilari valyuta ayirboshlash shoxobchasi tomonidan inkassoga emitent bankka jo‘natish uchun qabul qilinishi mumkin.
Valyuta ayirboshlash shoxobchasi quyidagi hollarda yopiladi:
tijorat bankining ixtiyoriga ko‘ra;
tijorat banki valyuta operatsiyalarini amalga oshirishni belgilovchi banklarga oid qonun hujjatlarni buzgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan choralar va sanksiyalar qo‘llanilganda.
Valyuta ayirboshlash shoxobchasini yopish to‘g‘risida tijorat banki rahbari tomonidan buyruq chiqariladi va buyruq nusxasi u chiqarilgan kundan e'tiboran 3 ish kuni ichida guvohnomaning asl nusxasi bilan birga Markaziy bankning tegishli Bosh boshqarmaga kuzatuv xatiga ilova qilingan holda yuboriladi. Bosh boshqarma tomonidan tijorat banki rahbarining valyuta ayirboshlash shoxobchasini yopish to‘g‘risidagi buyrug‘iga asosan, valyuta ayirboshlash shoxobchasini ro‘yxatga olish jurnaliga tegishli yozuv kiritiladi.