O‘zbekiston o‘z valyuta tizimini erkinlashtirganidan so‘ng, o‘n yillab vaqt davomida qattiq valyuta va narx siyosati tufayli buzilgan butun iqtisodiyotni qayta tiklashi kerak. Bu haqda Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillari Reuters bilan suhbatda xabar berishdi.
Mamlakat energiya tashuvchilarga narxni ko‘tarish yoki o‘zgaruvchan sharoitlarga moslasha olmaydigan korxonalarni yopish kabi og‘riqli choralarni ko‘rishi kerak. Shu bilan birga, inflyatsiyani nazorat qilish va biznes muhitini yaxshilash kerak.
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh iqtisodchisi Gans Timmer hukumatni islohotlar sur'atiga moslashishga chaqirdi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari departamentining direktor o‘rinbosari Yuxa Kaxkonen alohida intervyuda inflyatsiya bilan kurashish maqsadida qat'iyroq byudjyet va pul-kredit siyosati zarurligini ta'kidladi.
So‘m deyarli ikki barobarga devalvatsiya qilingani bilan kuzatilgan valyuta erkinlashtirilishi ko‘plab kompaniyalarga ta'sir ko‘rsatdi. Ularning ba'zilari, masalan, Braziliyadan xomashyo import qilgan shakar zavodlari kurashmoqda. Shakar uchun xomashyoning narxi ular uchun sezilarli ravishda oshdi, shakarning chakana narxi esa aholi uchun muhimligi tufayli belgilab qo‘yilgan holda qolmoqda.
Buning o‘rniga, hukumat qayta ishlangan shakar importini faollashtirdi. Bu O‘zbekistonni joriy yilda Ukraina shakarining eng yirik xaridoriga aylantirdi.
«Ayrim tarmoqlar va kompaniyalar uchun imtiyozli rejimni qisqartirishdan tashqari, iqtisodiyotdagi buzilishlarni bartaraf etish muhimdir», - dedi Timmer.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu oyda Jahon banki O‘zbekistonda energiya samaradorlik, bog‘dorchilik va shoshilinch tibbiy yordam bo‘yicha to‘rtta yangi loyihani moliyalashtirish uchun 940 million dollar ajratdi.
«Agar islohotlarning hozirgi sur'ati barqaror bo‘lsa, bu ajoyib bo‘lar edi», - deydi Timmer.
Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentdagi hukumat «islohotlarning mehnat bozoriga ta'siridan juda tashvishlanmoqda» va, katta ehtimol bilan, ehtiyotkorlikda ish tutishi mumkin, sababi ishsizlik O‘zbekistonning eng katta muammolaridan biri hisoblanadi: millionlab odamlar o‘z oilalarini boqish uchun chet elda ishlaydi.
Kaxkonenning aytishicha, shu sababdan inflyatsiya ustidan nazoratni qo‘lga kiritish asosiy vazifalardan biri hisoblanadi:
«Hozirgi kunda inflyatsiya darajasi 20 foiz darajasida va mening fikrimcha, hukumat uni qisqartirishga qodir, ammo bu yanada qattiqroq moliyaviy va pul-kredit siyosatini talab qiladi», - dedi u.
Uning fikriga ko‘ra, energetika sohasidagi yo‘qotishlarni kamaytirish va davlat subsidiyasini kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘rish zarur.
O‘rta muddatli istiqbolda «energiya tashuvchilarga narxni ko‘tarish muhim vazifa sanaladi, ular hozirda xarajatlarni qoplashdan ancha past», - dedi Kaxkonen.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat korxonalarini qayta isloh etish ustuvor yo‘nalish hisoblanadi, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish yo‘li bilan.
«O‘zbekiston ko‘plab cheklovlar va qoidalarga ega, juda yuqori darajadagi davlat boshqaruvi bo‘lgan mamlakatga aylanganini hisobga olib, bugungi kunda ko‘plab vazifalar turibdi. Shunga qaramay, narxni liberallashtirish, valyuta kurslarini erkinlashtirish va boshqa sohalarda ishlar yaxshi boshlandi», - deydi Kaxkonen.
Nashr davlat kompaniyalari mavzusini davom ettirib, O‘zbekiston o‘z davlat aviakompaniyasini xususiylashtirishga tayyorligi, ammo oltin konlari va neft kompaniyalari ustidan to‘liq nazorat saqlab qolishni rejalashtirayotganini eslatib o‘tdi.