Qozog‘istonning “Kazaxstan Aselsan Injiniring” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariluvchi harbiy maqsaddagi optik-elektron asboblar O‘zbekiston va Tojikistonga eksport qilinadi.
Bu haqdagi ma'lumotni kompaniya bosh direktori o‘rinbosari Abiyur Alshimbayev tasdiqlagan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, 2011 yilda tashkil etilgan kompaniya Qozog‘iston mudofaa sanoatining elektron va optik-elektron mahsulotlari borasidagi vazifalarini bajaradi. 23 may kuni kompaniya “KADEX-2018” xalqaro qurol ko‘rgazmasida jangovar modullarning yangi oilasini, optik-elektron asboblar, mobil dasturiy-texnik majmualarni taqdim qildi.
“Biz Tojikiston va O‘zbekistonga optik-elektron mahsulotlar eksport qilmoqchimiz. Bizning mahsulot raqobatbardosh. Optikada Isroil, Rossiya, Belarus kabi jahon yetakchilari bilan raqobatlashimizning o‘zi ko‘p narsadan darak beradi”, deb aytgan Alshimbayev.
KADEX-2018 ko‘rgazmasi 23-26 may kunlari Ostona xalqaro aeroporti harbiy sektori hududida bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazmada Qozog‘iston va xorijiy davlatlar mudofaa-sanoati majmuasi va koinot sohasi korxonalari, yetakchi konstruktorlik byurolari va axborot xavfsizligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlari ishtirok etmoqda.