Gruziya va O‘zbekiston: tovar o‘tkazish bo‘yicha muhim kelishuv amalga oshmoqda

Iqtisodiyot 18:59 / 21.05.2018 7184

Gruziya hukumati va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi eksportga yuborilgan o‘zbek tovarlarini Gruziya hududidan 50 foizli imtiyoz bilan o‘tkazish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 14 may kuni Tbilisi shahrida Tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev va Gruziya Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Dmitriy Kumsishvili ishtirokida o‘tkazilgan o‘zbek-gruzin Hukumatlararo komissiya uchrashuvida shunday kelishuvga erishilgan.

Foto: Gruziya Iqtisodiyot vazirligi

Shuningdek, uchrashuvda Gruziya ham ichki mahsulotlarni Xitoyga eksport qilishi chog‘ida «Andijon» ko‘p modulli transport-logistika markazidan foydalanish shartlari  muhokama etilgan.

Ma'lumot uchun, 2017 yil 30 oktabr kuni rasman ishga tushgan Boku-Tbilisi-Kars temir yo‘l tizmasi O‘zbekiston mahsulotini Yevropaga olib chiqish imkoniyatini yanada kengaytirgandi. Ayni paytda BTK yo‘nalishi 2023 yilga qadar 17 million tonna yuk tashish quvvatiga ega bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Foto: Gruziya Iqtisodiyot vazirligi

Bundan tashqari, 2015 yildan buyon mamlakatni muvaffaqiyatli boshqarib kelayotgan Bosh vazir Georgiy Kvirikashvili 2016 yili  Anaklia Development Consortium bilan shartnoma imzolab, muhim strategik ahamiyatga ega mamlakatdagi eng chuqur Anakliya port qurilishi haqida ma'lumot bergandi.

2017 yil oxirida qurilish ishlari boshlangach, Xitoyning ZPMC gigant-mashinasozlik kompaniyasi mazkur loyihada ishtirok etish uchun eng kamida 50 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritdi. Xitoy hukumatining «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusini amalga oshirishda ushbu portning ahamiyati ham juda katta bo‘lishi e'tirof etiladi.

Foto: Gruziya Iqtisodiyot vazirligi

«Portning strategik joylashuvi, o‘tkazish imkoniyati, kengayish va rivojlanish istiqbollari Gruziya «Yangi Buyuk ipak yo‘li»da o‘zining tarixiy vazifasini o‘tashi uchun asos yaratadi», — deya ta'kidlagandi mamlakat bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili.

Ushbu port ham O‘zbekistonning Qora dengizga chiqish imkoniyatini oshirib, xarajatlarni kamaytirishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: