Elektr energiyasi, gaz va suv uchun 100% oldindan to‘lovni qilmaganlar qanday jazolanadi?

Jamiyat 18:32 / 21.05.2018 46155

Ayni paytda tadbirkorlar iste'mol qilinishi nazarda tutilgan energiya resurslari uchun to‘lovni har oyda oldindan amalga oshirishmoqda. Bu prezidentning PF–5059-son farmoni bilan ko‘zda tutilgan. Turli sabablarga ko‘ra oldindan to‘lov o‘tkaza olmaganlarga qanday choralar qo‘llaniladi, kelgusi oyda ularni iste'mol qilish miqdorini tadbirkorlar qanday qilib oldindan aniqlashlari mumkin? Norma muxbiri Majburiy ijro byurosi Toshkent tumani bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ubaydullo Mirzayevga shunday savollar bilan murojaat qildi.

Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga energiya resurslari oldindan 100 foizlik haq to‘lash asosida yetkazib berilishi prezidentning 29.05.2017 yildagi PF-5059-son “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste'mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  farmoni bilan belgilab berilgan. Bundan tashqari, prezidentning 16.11.2017 yildagi PF-5241-son «Suv ta'minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, 2018 yil 1 yanvardan boshlab barcha guruh iste'molchilari suv ta'minoti va suv chiqarish xizmati uchun yuz foizlik oldindan haq to‘laydigan bo‘ldi.
 
Oldindan haq to‘lanmagan hollarda, mazkur iste'molchilar majburiy tarzda elektr va gaz taqsimlash tarmoqlaridan uziladi. To‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini, iste'molchilarning qarzdorligi kamaytirilishini ta'minlash bilan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi shug‘ullanadi.
 
Aslida yuridik shaxslar ilgari ham gaz, elektr energiyasi va suv uchun oldindan to‘lovni amalga oshirar edilar. Ammo jarima miqdori va tarmoqdan uzish holatlari kam bo‘lgan, qolaversa, oldindan to‘lashga qarzdorlik tarzida qaralmagan. To‘lov intizomini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilganidan keyin vaziyat o‘zgardi. Intizomga qat'iy amal qilish talab etila boshlandi.
 
Qayta ulash uchun esa yuridik shaxslardan EKIHning 10 baravari miqdorida (hozirgi vaqtda - 1 722 400 so‘m) jarima undiriladi. Undan tashqari har oyda muddatini o‘tkazib yuborgan yoki oldindan to‘lovni amalga oshirmagan yuridik iste'molchilarga so‘zsiz pul undirish maqsadida banklarga inkasso talabnomalari MIB tomonidan qo‘yiladi.
 
Aytish joizki, inkasso talabnomalari banklar bajarishi majburiy bo‘lgan hujjat hisoblanadi. Agar tadbirkorning hisobvarag‘ida yetarlicha mablag‘ mavjud bo‘lsa, shu zahoti yechib olinadi va gaz, elektr energiyasi, suv yetkazib beruvchi tashkilotlarning hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.
 
Agar hisobvaraqda yetarlicha mablag‘ mavjud bo‘lmasa, u “kartoteka 2”ga qo‘yiladi. Bunda qachon hisobvaraqqa pul kelib tushsa, shunda qarz yechib olinadi.
 
Bundan tashqari, yuridik shaxslar xodimlarining yashash joyi bo‘yicha qarzlari ularning ish haqi hisobidan yuridik shaxsning hisobvarag‘idan yechib olinadi. Bu MIB talabnomasi asosida amalga oshiriladi.  Bundan tashqari MIB yuridik shaxslar xodimlarining shaxsiy qarzdorligi mavjud bo‘lgan taqdirda ularning plastik kartalaridan EKIHning 2 baravarigacha bo‘lgan summani har oyda so‘zsiz yechib olish huquqiga ham ega.
 
2018 yil 1 maydan boshlab gaz, elektr energiyasi va boshqa ijro hujjatlari bo‘yicha qarzi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarning Qarzdorlar yagona ma'lumotlar bazasi yaratilishi boshlandi. Ushbu ro‘yxatga kiritilganlar yirik bitimlar tuzish, moliya-kredit operatsiyalarining ayrim turlaridan, xalqaro yo‘lovchi tashish va davlat xizmatlaridan foydalanish huquqlaridan mahrum etiladi.
 
Tashkilot kelayotgan oyda gaz, elektr energiyasi yoki suvni qancha miqdorda iste'mol qilmoqchi ekanini qanday aniqlaydi?
 
Joriy yilning yanvar oyida Vazirlar Mahkamasining 22-son “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ilovalarida “Elektr va gazdan foydalanishning yangi tartibdagi qoidalari e'lon qilindi. Unda namunaviy shartnomalar ham keltirib o‘tilgan va shartnomaning ilovasida iste'mol qilish limiti ham ko‘rsatib o‘tilgan. Korxona va tashkilotlar o‘sha limit miqdorida oldindan to‘lov o‘tkazishadi.

Albatta, limitdan oshib qolgan summa keyingi oyga o‘tkaziladi, agar shartnoma bekor qilinadigan bo‘lsa, ortiqcha summa hisobvaraqqa qaytariladi. Ortiqcha iste'mol qilingan taqdirda summa keyingi oyda qo‘shib to‘lanadi.

Ko‘proq yangiliklar: