Samsung kompaniyasi Galaxy S9 smartfoni reklama roligida uni 2014 yilgi ayfon bilan solishtirdi.
“Oldinga harakat qil” deb nomlangan bir daqiqalik rolik syujyetiga ko‘ra Apple ixlosmandi iPhone 6 smartfoni doimo “qotib qolishi” muammosidan aziyat chekadi: dastlab qiz samolyotga o‘tirayotganda Wallet dasturi sekin yuklanadi, samolyotda esa u TV dasturi ochilmayotgani sababli film ko‘rolmaydi.
Rolik qahramoni bu muammolardan “to‘yib”, yordam ilinjida yaqin oradagi Apple Store do‘koniga yo‘l oladi. Do‘kon xodimi esa ayolga avvalgi tezlikni qaytarish uchun unumdorlikni boshqarish funksiyasini o‘chirib qo‘yish mumkinligini, biroq bu holda smartfon to‘satdan o‘chib qolishini aytadi.
“Yoki siz uni yangisiga almashtirib olishingiz mumkin”, deb aytadi do‘kon xodimi. Rolik so‘ngida esa qiz do‘kondan chiqib, uyiga yangi Samsung bilan qaytadi.
Biroq The Verge nashrining ta'kidlashicha, reklamada bunday holatdan chiqishning eng maqbul usuli, ya'ni eski batareykani almashtirib, smartfondan avvalgidek foydalanish mumkinligi haqida hech narsa deyilmagan. Buni esa bor-yo‘g‘i 29 dollarga amalga oshirish mumkin. Vaholanki, bu iPhone X yoki Galaxy S9’ni sotib olishdan ancha arzonroq tushadi.
AQSh qonunlariga ko‘ra, reklamada bevosita raqobatchilar mahsulotlarini ko‘rsatish mumkin. Samsung esa bundan ko‘pincha Apple’ni “mazax qilish”da foydalanadi.
2017 yil dekabrda Apple eski batareykalarga ega ayfonlarni ataylab sekinlashtirishini tan olgan. Kompaniya buni foydalanuvchilar haqidagi qayg‘urish bilan tushuntirgan: smartfonlar shunday yo‘l bilan ko‘proq ishlaydi va kamroq to‘satdan o‘chib qoladi. Shundan keyin ayfonlar egalari Apple’ni sudga berishgan. Kompaniya ushbu muammo uchun uzr keltirib, iOS sozlamalariga protsessorlarni sekinlashtiruvchi optsiyani o‘chirish imkoniyatini qo‘shgan.