Mirziyoyev: o‘rmon xo‘jaligi alohida yirik sohaga aylanishi zarur

O‘zbekiston 19:27 / 19.05.2018 14190

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida 2018-2019 yillarda agrar sohani rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari o‘tgan yili O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutining Andijon filialini tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Hozirgi kunda mazkur filial tashkil etilgan, ilmiy xodimlar tomonidan viloyatda o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha qator istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan. 2016 yilda o‘rmon yerlarida bor-yo‘g‘i 8 gektarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilgan bo‘lsa, joriy va kelgusi yilda bu ko‘lam 830 gektarga yetkaziladi. Adir va tog‘oldi hududlarida ko‘plab doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi. 

Shavkat Mirziyoyev o‘rmon xo‘jaligida innovatsion g‘oyalarni qo‘llash, ekinlar turi va hosilini ko‘paytirish bo‘yicha maxsus jamg‘arma tuzish zarurligini ta'kidladi. 

«O‘rmon xo‘jaligi yerlarida foydalanilmayotgan imkoniyat ko‘p. Masalan, pista, yong‘oq, no‘xot, loviya kabi xaridorgir mahsulotlar, za'faron, na'matak va boshqa dorivor o‘simliklardan qancha daromad olsa bo‘ladi! Asal yetishtirish ham mumkin. Faqat ilm, izlanish, harakat kerak. Vaqti kelib, o‘rmon xo‘jaligi alohida yirik sohaga aylanishi zarur» dedi prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Viloyatda baliqchilikni rivojlantirish masalasiga ham e'tibor qaratildi. Joriy yilda 11 tumanda yangi hovuzlar barpo etish, aholi tomorqalari hamda sholi maydonida Xitoy va Vetnam texnologiyasi asosida baliq yetishtirish rejalashtirilgani qayd etildi. 

Shu yerda parrandachilik, chorvachilik, yong‘oqchilikni kengaytirish, meva-sabzavotlarni eksport qilishga oid loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.  Prezident tadbirkorlar va mutasaddilarga zarur ko‘rsatmalar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

 

Ko‘proq yangiliklar: