Bo‘lg‘usi qishloq xo‘jalik ekinlari hosilini sug‘urta qilish mexanizmi takomillashtiriladi

O‘zbekiston 17:20 / 19.05.2018 6667

"Bo‘lg‘usi qishloq xo‘jalik ekinlari hosilini sug‘urta qilish mexanizmini takomillashtirish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori muhokama uchun e'lon qilindi.

Hujjat bilan qishloq xo‘jalik sohasida olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarda yangicha uslublarni keng qo‘llash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarini turli tabiiy ofatlar natijasida ko‘radigan zararlardan sug‘urta mexanizmi orqali himoyalash mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilishni ta'minlash maqsadida paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlari hosilini sug‘urtalash bo‘yicha ishlab chiqilgan “Bo‘lg‘usi qishloq xo‘jalik ekinlari hosilini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi Nizomni, “Qishloq xo‘jaligi ekinlari holati monitoringini o‘tkazish Tartibi”ni hamda “Qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘urta qilish mexanizmi”ni tasdiqlash nazarda tutildi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlarini yetishtirishda ob-havoning va boshqa tabiiy ofatlarning har yili bir maromda kelmasligini hisobga olgan holda mavjud paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlarini yetishtiruvchi xo‘jalik sub'yektlariga bo‘lg‘usi qishloq xo‘jalik ekinlari hosilini to‘liq sug‘urta qilinishi ta'minlashi belgilab qo‘yiladi.

Sug‘urta tashkilotlari paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlari yetishtiruvchi xo‘jalik sub'yektlari bilan ekinlar hosili qiymatining 2 (ikki) foizi miqdorida sug‘urta qilish xarajatlariga ajratish bo‘yicha har yili:

g‘alla hosili uchun 10 dekabrgacha;
paxta hosili uchun 20 aprelgacha muddatlarda sug‘urta shartnomalarini rasmiylashtirishi mumkin.

Tuman hokimlari hamda tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari birgalikda paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlarini yetishtirishni moliyalashtirish uchun ajratiladigan kredit mablag‘lari me'yorlarida sug‘urta xarajatlari uchun yetarli miqdorda mablag‘lar ajratilishi ko‘zda tutilishini ta'minlashi nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga sug‘urta xarajatlari uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdori ekinlar hosili sug‘urtasining zararlilik darajasidan kelib chiqqan holda har yili qayta ko‘rib chiqish va agrotexnik tadbirlarini moliyalashtirish jarayonida ekinlar hosili qiymatidan kelib chiqqan holda sug‘urta xarajatlari me'yori miqdoriga o‘zgartirish kiritish vakolati berilishi mumkin.

Tuman hokimlari tomonidan tasdiqlangan ishchi guruhlari hamda ob-havoni kuzatish markazi xodimlari ekinlarni ekish va parvarishlash davrida agrotexnik va vegetatsiya tadbirlarga rioya qilinishi bo‘yicha doimiy monitoringni tashkil etadilar.

Ekinlar hosiliga yetkazilgan zararlar bo‘yicha aniqlangan moliyaviy qoplamalar o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishini ta'minlash hamda sug‘urta tashkilotlarining to‘lov qobiliyatidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi sug‘urta tashkilotlari tomonidan sug‘urta shartnomasi asosan to‘lanishi lozim bo‘lgan sug‘urta tovonlari hajmi yig‘ilgan sug‘urta mukofotlarining 80 foizidan oshgan qismini qoplash maqsadida sug‘urta tashkilotiga 1 yil muddatga foizsiz byudjyet ssudasi ajratilishini ta'minlaydi.

Sug‘urta tashkiloti tomonidan qishloq xo‘jalik korxonalariga aniqlangan sug‘urta tovonlari qishloq xo‘jalik korxonalarining 23210 hisob-raqamiga o‘tkazib beriladi va o‘tkazilgan sug‘urta tovonlari birinchi navbatda tijorat banklari tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit va unga hisoblangan foizlarni so‘ndirishga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yiladi.

Ko‘proq yangiliklar: