Jahon banki bilan istiqbolli bitimlar imzolandi​

Iqtisodiyot 01:05 / 18.05.2018 15539
Foto: Prezident matbuot xizmati

​O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kuni Vashington shahridagi Jahon banki shtab-kvartirasida ham bo‘ldi. Davlat rahbarini Jahon banki prezidenti Jim Yong Kim kutib oldi, deb xabar beradi Prezidentning Matbuot xizmati. 
"Bugungi kunda O‘zbekiston va mazkur bank o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik energetika, irrigatsiya va kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarini qamrab olgan. 2020 yilgacha hamkorlik qo‘shma dasturiga umumiy qiymati 4 milliard dollar bo‘lgan 27 ta muhim loyiha kiritilgan", deyiladi xabarda.  

Uchrashuv chog‘ida bog‘dorchilikni rivojlantirish, shoshilinch tibbiy yordam tizimini takomillashtirish, sanoat korxonalarining energiya tejamkorligini oshirish, isitish tarmoqlarini modernizatsiyalash, moliyaviy konsultativ xizmat ko‘rsatish kabi sohalarga oid bitimlar imzolangani aytilmoqda. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Muzokarada yangi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi, hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi.

Ko‘proq yangiliklar: