Siemens Ustyurt gaz-kimyo majmuasi uskunasiga texnik xizmat ko‘rsatadi 

Iqtisodiyot 16:42 / 18.05.2018 4270

Siemens va Uz-Kor Gas Chemical yaqin kelajakda Ustyurt gaz-kimyo majmuasi maydonchasida aylanuvchi uskunaga 15 yil davomida texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolash maqsadida bayonnoma imzoladi. Bu haqda Spot xabar berdi.

Ushbu hujjat 14-17 may kunlari Siemens kompaniyasining Rossiya va Markaziy Osiyodagi prezidenti Ditrix Myoller boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolandi.

Siemens vakillari «O‘zbekneftegaz» AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari Odil Temirov bilan uchrashib, Qashqadaryo viloyatida sintetik suyuq yoqilg‘ini ishlab chiqarish bo‘yicha zavod qurilishi ishlarini muhokama qilishdi. Siemens texnologiyalari Buxoro viloyatidagi «Uchqir» konida quvvatlovchi kompressor stansiyasining loyihasini amalga oshirishda ham qo‘llanilishi mumkin. 

«O‘tgan yilning noyabrida Siemens va O‘zbekiston keng ko‘lamli hamkorlik dasturini e'lon qildi. O‘shanda yoqilg‘i-energetika kompleksi, aqlli shaharlar (shahar infratuzilmasini raqamlashtirish) va sog‘liqni saqlash sohasidagi texnologik hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolandi. O‘tgan olti oy mobaynida biz barcha sohalarda hamkorlarimiz bilan muloqotda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdik. Siemens mamlakatni Markaziy Osiyodagi istiqbolli bozorlardan biri deb biladi va yaqin kelajakda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda», - deya ta'kidlab o‘tdi Ditrix Myoller.

Tashrif chog‘ida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, vazirlik va idoralar vakillari, biznes sheriklar bilan energetika, sanoat va boshqa sohalardagi mavjud hamda kelgusidagi qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: