Banklararo elektron operatsiyalar qanday o‘tkaziladi?

Iqtisodiyot 15:46 / 17.05.2018 4184

Markaziy bank Boshqaruvining qarori bilan banklararo pul bozorida elektron savdo platformasi orqali operatsiyalarni amalga oshirishning yangi tartibi tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.

Ilgari banklararo elektron operatsiyalar Pul resurslarining banklararo elektron bozorida operatsiyalarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom (o‘z kuchini yo‘qotgan) bilan tartibga solingan. Yangilari uch oydan keyin amal qila boshlaydi.

Ma'lumot uchun: banklararo bozor tizimining maqsadi Markaziy bank va tijorat banklari tomonidan elektron birja savdolari o‘tkazish orqali pul mablag‘larini jalb etish yoki joylashtirish operatsiyalarini amalga oshirish hisoblanadi.
 
Yangi tahrirda taklif etilayotgan asosiy muhim farqlarni ko‘rsatib o‘tamiz.
 
Birinchidan, banklararo elektron savdolarni tashkil etish va o‘tkazish bilan valyuta birjasi shug‘ullanadi. Uning o‘zi savdo ishtirokchilariga tegishli dasturiy ta'minotni, shuningdek tizimda ishlash uchun login va parollarni taqdim etadi. Hozir ushbu vazifalarni infratuzilmadagi bo‘linma – ma'mur bajarmoqda. Shu tariqa, banklararo elektron bozordagi operatsiyalarni ishtirokchilarning ish joyidan ham, valyuta birjasi savdo zalidagi ish joyidan ham amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Ikkinchidan, pul bozoridagi operatsiyalar amalga oshirilishiga asos bo‘ladigan Bosh bitim mazmuniga doir talablar belgilandi. Unda quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:

• foiz to‘lovlarini hisoblash, ularni to‘lash tartibi va muddatlari;
• amal qilish muddati;
• xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan shartlar;
• tijorat banklari o‘rtasidagi o‘zaro tuziladigan birja bitimlari uchun majburiy shartlar.

Uchinchidan, birja savdolarini o‘tkazish vaqti o‘zgaradi. Hozir ishtirokchilar barcha operatsiyalarni soat 9.00 dan 18.00 gacha o‘tkazishlari mumkin. Yangi tartibga binoan banklararo to‘lov tizimi ish vaqti yakunlanishiga 30 daqiqa qolguniga qadar, ya'ni soat 15.30 gacha ulgurish zarur bo‘ladi.

To‘rtinchidan, savdo ishtirokchilari o‘rtasida bitim tuzish uchun dastlabki buyurtma berish taomili aniqlashtirildi. Munosib kontragentni izlash uchun tizimga elektron shaklda tegishli buyurtmalar – pul mablag‘larini jalb etish va (yoki) joylashtirish to‘g‘risidagi takliflar kiritiladi. Buyurtmalarda quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:

• jalb etiladigan/joylashtiriladigan pul mablag‘lari miqdori va muddati;
• valyuta turi;
• foiz stavkasi va foiz to‘lovlarini to‘lash muddati.
 
Hujjat 15.08.2018 yildan kuchga kiradi. 

Ko‘proq yangiliklar: