Yumaloq xatdagi vajlar isbotini topmadi

Jamiyat 23:03 / 16.05.2018 21656

Shu kunlarda KUN.UZ saytiga muallifi ko‘rsatilmagan murojaat (anonim – yumaloq xat) kelib tushdi. Quyida mazkur murojaat imlo xatolari saqlangan holda taqdim etilmoqda. 

“Gapni kiskasini aytganda SIZlarga iltimosim bor. Shu kunlarda Toshkent shaxar uchtepa tumanidagi 107 maktab oldida yangi bino - uy kurilishi boshlangan. Maktab ukuvchilari ukituvchilari kancha surashmasin, karshilik kilishmasin foydasi bulmadi, maktab devoriga tutash (shundok karaganda maktab xududi desa xam buladi) maydonda bir necha yillik daraxtlar bir kunda kesib tashlandi, tezda uy kurilishi boshlandi. Sizlardan ILTIMOSIM, shu xududga chikib jurnalistik surishtiruv utkazsangiz, uz kuzingiz bilan kurib kilinayetgan ish tugrimi yeki notugrimi, baxo berib KUN.UZda yozsangiz. Bolalarimiz uchun, maktab uchun foydali narsa kurilsa
yaxshi bulmasmidi? 1.Kurilayetan uyda yashovchilar kanday yashaydi bilmadim, xudud kichkina, maktabga kushilib ketgan. 2. Maktabdagi bolajonlarimiz uchun juda nokulay joyda kurilyapti. Aynan shu kunlarda juda okilona karorlar chikarilmokda (daraxtlar kesilishini tuxtatilishi, binolarning notugri kurilishini tuxtalishi)”, - deyiladi. 

To‘g‘risini aytganda, biz mazkur murojaatni umuman ko‘rib chiqmaslikka to‘la haqli edik. Shunga qaramay, murojaatchini hurmat qilgan holda unda ko‘rsatilgan manzilga borib holat bilan tanishdik. 

Haqiqatdan ham qurilish ishlari olib borilayotgani tasdiqlandi. Biroq yumaloq xatdagi ta'kidlangan jihatlar umuman o‘z isbotini topmadi, desak xato qilmaymiz. Murojaat muallifi noma'lum bo‘lgani sababli, 5 qavatli turar-joy binosini qurayotgan “Tulpor” MChJ vakillaridan izoh olish bilan cheklandik. 

Qayd etish o‘rinliki, qurilish maydoni xavfsizlik me'yorlariga to‘la mos ravishda o‘rab chiqilgan. Qolaversa, qurilishni olib borish uchun barcha hujjatlar tayyorlangan. Hokim qarori bilan yer maydoni ajratilgan. MChJ vakilining so‘zlariga ko‘ra, qurilish ishlari boshlaganidan beri atrofdagi kishilardan davlat idoralariga turli murojaatlar bo‘lmoqda, biroq aniq bir fuqaro biror da'vo bilan kelmagan. 

Ta'kidlash o‘rinliki, bizlar hujjatlar bilan to‘la tanishib chiqdik. Bundan tashqari ko‘p qavatli bino tarxida qurilish ishlari yakunlanganidan so‘ng, uning atrofi to‘la obodonlashtirilishi belgilangani, yon-tevaraklaridagi binolarga xalaqit qilmasligi, yong‘in xavfsizligi va boshqa xavfsizlik me'yorlariga mos kelishi belgilangan bo‘lib, davlatning mas'ul idoralari tomonidan tasdiqlangan.

Shunga ko‘ra, aytish mumkinki, mazkur ko‘p qavatli turar-joy binosi qurilishi bilan bog‘liq hech qanday qonunbuzarliklar aniqlanmadi. 

Tahririyatdan: Ushbu yumaloq xat o‘rganilgani muallifi ko‘rsatilmagan murojaatlarni bemalol yo‘llash mumkinligini anglatmaydi. Imzosiz maktublar va murojaatlar aksar hollarda rad etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: