OPeKning Bosh kotibi Muhammad Sanusi Barkindo 16 may kuni Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro anjuman ochilishida «mintaqada O‘zbekiston, va butun dunyoda neftni ishlab chiqaruvchi davlatlarning soni o‘sib borayotgani - bozor va tarmoq oldida turgan muammolarga majmuaviy va birgalikda yondashuv» zaruriyatini paydo qilishi haqida gapirdi.
«2014 yil avgust oyidan to 2016 yil oxirigacha davom etgan neft bozoridagi iqtisodiy tushish jahon hamjamiyati, neft ishlab chiqaruvchi davlatlarni yakdil bir qarorga kelishga undadi. O‘tgan davr ichida narx-navoning keskin tushishi va davlatlarning import salohiyati pasayib borganini kuzatdik», deydi Muhammad Sanusi Barkindo.
OPeKning Bosh kotibi «2017 yil noyabr oyida OPeK a'zo davlatlar hamda neft ishlab chiqaruvchi 11ta davlat imzolagan «Hamkorlik deklaratsiyasi» bo‘yicha O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda munosib o‘ringa ega» bo‘lgani haqida gapirib o‘tdi.
«Hamkorlikda olib borilayotgan ishlar neft bozorida o‘z natijasini ko‘rsatmoqda. Bunda deklaratsiyani imzolagan 24ta davlat, xususan O‘zbekistonning hissasi katta», deydi u.
Ma'lumot uchun, OPeK rasmiy vakili jahon iqtisodiyotida YaIM joriy yilda ham 2017 yilda kuzatilganidek, 3.8 foiz o‘sish ko‘rsatkichiga ega bo‘lishini ta'kidladi. Shunga qaramay, yevro hududda iqtisodiy o‘sish sur'atida 0.3 foiz, Yaponiyada 0.2 foiz, Xitoyda 0.4 foiz tushish bo‘lishi mumkinligi ta'kidlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi shaf'yeligida va «O‘zbekneftgaz» AJ ko‘magida tashkil etilgan «Jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv - O‘zbekiston neftgaz tarmog‘i rivojining yangi yo‘nalishi» mavzusidagi xalqaro anjuman 17 may kuni ham davom etadi.
Unda 23ta davlatdan 400 nafardan ortiq delegat ishtirok etishi nazarda tutilmoqda. Anjuman Oil&Gas Uzbekistan 22-xalqaro anjumani doirasida tashkil etilgan.