Moliya vazirligi prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi sug‘urta bozorini isloh qilish va jadal rivojlantirilishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasini e'lon qildi.
Norma’ning yozishicha, quyidagilarni taqiqlash taklif etilmoqda:
• sug‘urtalovchining (qayta sug‘urtalovchining) faoliyatiga ma'muriy aralashuv, sug‘urta zaxiralarining maqsadli mablag‘larini o‘zga maqsaddagi xarajatlar, xayriya va boshqa maqsadlarga yo‘naltirish va qo‘llash;
• sug‘urtalovchini (qayta sug‘urtalovchini) shartnomalar tuzishga va asossiz ravishda, yuz berishi aniq bo‘lgan xatarlarni zimmasiga olishga majburlash;
• bozordagi sog‘lom raqobat prinsiplarini buzish, tariflarning bozordagi o‘rtacha tariflardan asossiz ravishda va ancha farqlanishi, sug‘urta xizmatlarini sotishda demping sxemalaridan foydalanish.
Qonunbuzarliklar uchun aybdor shaxslarga nisbatan sug‘urtalovchilarga (qayta sug‘urtalovchilarga) yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni qoplagan holda egallab turgan lavozimidan ozod qilish, faoliyatida ushbu dalillar aniqlangan sug‘urtalovchilarning litsenziyalarini esa chaqirib olishgacha bo‘lgan qat'iy choralar qo‘llanadi.
Shuningdek quyidagilar rejalashtirilmoqda:
• sug‘urta tashkilotlarining alohida bo‘linmalari rahbari va bosh buxgalteri lavozimiga nomzodlarni oldindan kelishib olish amaliyotini bekor qilib, to‘liq javobgarlikni sug‘urtalovchining (qayta sug‘urtalovchining) rahbariyati zimmasiga yuklash;
• 2018–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sug‘urta bozorini isloh qilish va jadal rivojlantirilishini ta'minlash bo‘yicha yo‘l xaritasini ma'qullash;
• sug‘urta faoliyati turlari va sohalariga qarab tabaqalashtirilgan sug‘urtalovchilar ustav kapitalining eng kam miqdorlarini oshirish;
• 2019 yil 1 yanvardan boshlab bo‘shatilayotgan mablag‘larni ustav kapitalini oshirishga maqsadli yo‘naltirgan va ularni mazkur qaror bilan qo‘yiladigan talablarga muvofiqlashtirgan holda mulkchilik shaklidan qat'i nazar sug‘urtalovchilarni (qayta sug‘urtalovchilarni) daromad (foyda) solig‘ini to‘lashdan ozod qilish;
• sug‘urta tovonlarini to‘lash haqidagi arizalarni ko‘rib chiqish tartib-taomillarini birxillashtirish va soddalashtirishni nazarda tutuvchi sug‘urta e'tirozlarini tartibga solishning namunaviy uslubiyatlarini joriy etish;
• sug‘urtalovchilarning (qayta sug‘urtalovchilarning) xalqaro moliyaviy hisobot va hisob standartlariga bosqichma-bosqich o‘tishini amalga oshirish;
• sug‘urtalovchilarning (qayta sug‘urtalovchilarning) KPMG, PwC, Deloitte va boshqa yetakchi auditorlik kompaniyalarining xulosalarini, shuningdek Moody’s, Fitch va Standard&Poors xalqaro reyting agentliklarining reyting baholarini bosqichma-bosqich olishlarini ta'minlash;
• sug‘urtalovchilar (qayta sug‘urtalovchilar) hamda maxsus vakolatli davlat organi o‘rtasida real vaqt rejimida masofadan turib sug‘urta xizmatlari ko‘rsatish va elektron ma'lumotlar ayirboshlash uchun biznes-jarayonlarni va tartib-taomillarni raqamlashtirish;
• to‘lov qobiliyatini, moliyaviy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash, aktivlar, investitsiya portfelining sifatini, xususiy kapital, sug‘urta zaxiralari mablag‘lari va boshqa majburiyatlarni joylashtirish transparentligini oshirish;
• korporativ boshqaruv tizimini, sug‘urta tavakkalchiliklari va risk-menejment baholanishini takomillashtirish;
• aholi va tadbirkorlarning moliyaviy savodxonligi va sug‘urta bozoriga ishonch darajasini oshirish;
• mijozlarning sug‘urta xizmatlariga ehtiyojlarini muntazam monitoring qilish, sug‘urta xizmati ko‘rsatish madaniyatini oshirish va aholi orasida talabgir bo‘lgan sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish.
2019 yil 1 yanvardan boshlab sug‘urtalovchining (qayta sug‘urtalovchining) ustav kapitalida quyidagilarning ishtirok etishini taqiqlash taklif etilmoqda:
• offshor zonalarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan norezident yuridik shaxslar va offshor zonalarda yashovchi fuqarolar;
• mazkur sug‘urtalovchi o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan xuddi shu sug‘urta sohasida faoliyat yurituvchi sug‘urta tashkilotlari.
Faoliyat yuritayotgan sug‘urtalovchilarga ustav kapitali tuzilmasini ushbu talablarga muvofiqlashtirish majburiyatini yuklash rejalashtirilmoqda.
Yetakchi xalqaro sug‘urta kompaniyalarini texnologik hamkor va/yoki muassis sifatida jalb etgan holda yirik qayta sug‘urtalash kompaniyasini tashkil etish tashabbusiga qo‘l urildi.
Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasini tugatish, shuningdek Moliya vazirligi huzurida Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligini (bundan keyin – Agentlik) hamda Agentlik huzurida sug‘urta xizmatlari iste'molchilarining huquq va manfaatlarini himoyalash xizmatini tashkil etish taklif qilinmoqda.
Rejada – sug‘urtalovchilarning (qayta sug‘urtalovchilarning) umumiy sug‘urta sohasidagi sug‘urta mukofotlari yig‘imlaridan 0,3% miqdoridagi ajratmalarini maqsadli jamg‘arish uchun Moliya vazirligida maxsus schyot ochish. Schyotdagi mablag‘larni quyidagilarga yo‘naltirish taklif etilmoqda:
• sug‘urtalovchilar (qayta sug‘urtalovchilar) bilan Agentlik o‘rtasida ma'lumotlarni ayirboshlash uchun axborot texnologiyalarini joriy etish, jarayonlar va tartib-taomillarni raqamlashtirish, masofadan turib onlayn-nazorat qilish sharoitlarini yaratish tadbirlarini moliyalashtirish;
• Agentlik xodimlari va sug‘urta bozori professional ishtirokchilarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash, moddiy rag‘batlantirish, xalqaro nazorat tuzilmalari va institutlarining malakali ekspertlarini jalb etgan, shuningdek xodimlarni xorijga chiqargan holda tayyorlash va qayta tayyorlash.
Moliya vazirligining rasmiy sahifasida takliflar va fikr-mulohazalarni bildirish mumkin.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.