15-19 may kunlari O‘zbekistonda Rossiyaning Chelyabinsk oblasti kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda Chelyabinsk oblasti gubernatori Boris Dubrovskiy va mintaqaning 35 korxonasi vakillari istiqbolli hamkorlar bilan metallurgiya mahsulotlarini eksport qilish, shuningdek, avtomobilsozlik va qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qiladilar, deb yozmoqda TASS.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad - O‘zbekiston bilan Chelyabinsk oblasti o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni rivojlantirishdan iborat.
Delegatsiya Samarqand viloyati, Toshkent, Namanganga tashrif buyuradi.
Chelyabinsk oblastidan O‘zbekiston mashinasozlik zavodlari ehtiyojlari uchun metallurgiya va mashinasozlik mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlari, avtomobilsozlik sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat va boshqa ko‘plab sohalardagi hamkorlikni muhokama qilish rejalashtirilgan.
17 may kuni Toshkentda biznes-forum ochiladi, uning doirasida Chelyabinsk oblasti va Janubiy Ural Savdo-sanoat palatasi taqdimotlari rejalashtirilgan. O‘zbekistonda Janubiy Ural savdo uyining ochilishi ham bo‘lib o‘tadi.