«O‘zbekiston JSTga a'zo bo‘lish jarayoniga ehtiyotkorlik bilan yondashishi kerak»

Iqtisodiyot 15:00 / 14.05.2018 9187

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo‘lishning ehtimoliy salbiy oqibatlarini ham o‘rganib chiqishi kerak. Bu haqda Tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Sohib Saifnazarov aytib o‘tdi. 

«JSTga a'zo bo‘lishdan oldin biz buning ijobiy jihatlari bilan birgalikda, mamlakat iqtisodiyoti uchun ehtimoliy salbiy oqibatlarini ham o‘rganishimiz zarur. Shuning uchun, albatta, bu masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashish zarur», – degan u Toshkentda o‘tkazilgan Jahon savdo tashkiloti va Jahon banki ekspertlari ishtirokidagi xalqaro seminardagi chiqishi vaqtida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hamda xalqaro tashkilotlar Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishning ustunliklari, oqibatlarini o‘rganish va tahlil qilishda O‘zbekiston bilan hamkorlik qiladi. Saifnazarov aynan qaysi tashkilotlar haqida so‘z ketayotganiga aniqlik kiritmagan.

«Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti (JST) bitimlarida nazarda tutilgan normalar bilan o‘z­aro taqqoslash va muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Hukumat darajasida AQSh, Koreya Respublikasi, Yevropa komissiyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi va bu uchrashuvlarda O‘zbekistonga JSTga a'zo bo‘lishda yordam ko‘rsatilishi va'da qilindi», – deya Tashqi savdo vaziri o‘rinbosari so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

JSTga kirish bo‘yicha ishlar qaytadan tiklanishi to‘g‘risida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning noyabrida Janubiy Koreya respublikasiga tashrifi vaqtida ma'lum qilgandi. Bu tashabbusni tashkilotga a'zo bo‘lgan bir qator mamlakatlar qo‘llab-quvvatlashgan.

Jahon savdo tashkiloti – xalqaro tuzilma bo‘lib, 1995 yilning 1 yanvarida faoliyat boshlagan.

Jahon savdo tashkilotini tuzish g‘oyasi 1944 yilda BMTning moliya va pul aylanmasi masalasiga bag‘ishlab Bretton-Vudsda (AQSh) o‘tkazilgan anjuman chog‘ida paydo bo‘lgan. Maqsad BMTning xalqaro iqtisodiy hamkorlikka ixtisoslashgan maxsus agentligini tashkil etishdan iborat bo‘lgan. 1947 yilda Kubaning Gavana shahrida BMTning navbatdagi anjumanida Gavana xartiyasi qabul qilingan, ammo u kuchga kirmagan. Shu yili Savdo va tariflar bo‘yicha bosh bitim tuzilgan va u 1994 yilgacha amalda bo‘lgan.  1995 yil 1 yanvaridan esa ushbu bitim negizida Jahon savdo tashkiloti faoliyat boshlagan. Hozirda 10 dan ziyod turli yo‘nalishdagi bitimlar uning normativ-huquqiy bazasini tashkil etmoqda. Bu hujjatlar talabini bajarish tashkilotning barcha a'zolari uchun majburiy sanaladi. A'zo bo‘lishni istagan davlatlar o‘z milliy qonunchiligini ularga muvofiqlashtirishi kerak.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan yangi vazifalardan biri bu O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi yuzasidan muzokaralarni faollashtirishdir.

Ko‘proq yangiliklar: